date
views 6 775

AQSh davlat kotibi Ukrainadagi urushni toʻxtatish yoʻlini aytdi

AQSh davlat kotibi Ukrainadagi urushni toʻxtatish yoʻlini aytdi
AQSh davlat kotibi ukrainalik hamkasbi bilan bu gal noodatiy vaziyatda koʻrishdi. Foto: Twitter/Blinken
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 5 mart kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashdi. Vazirlar uchrashuvi Ukraina–Polsha chegarasida kuchli xavfsizlik choralari ostida kechdi.

Davlat kotibi urush davom etayotganiga qaramay chegara orqali Ukraina hududiga bir necha qadam qoʻygan.

Uchrashuvda Ukrainaga qoʻshimcha qurol-aslaha etkazish, Rossiyaga nisbatan navbatdagi sanktsiyalarni joriy etish, harbiy harakatlar toʻxtatilmasa, mamlakatni xalqaro hamjamiyatdan yanada kuchli ihotalash masalalari muhokama etilgan.

E.Blinken Rossiya prezidenti V.Putin tomonidan Ukrainaga bostirib kirish buyrugʻining berilishini mudhish xato deb atagan va Kievga harbiy, iqtisodiy hamda gumanitar koʻmak kuchaytirilishiga va'da bergan.

«Bugun doʻstim Dmitriy Kuleba bilan Ukraina–Polsha chegarasidagi uchrashuvimiz ilhombaxsh ruhda kechdi. U va prezident Zelenskiy namoyish etayotgan etakchilik va jasurlik tahsinga sazovor. Qoʻshma Shtatlar hamda butun dunyo ularni va Ukraina xalqini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi», – deb yozadi AQSh bosh diplomati ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida.

Davlat kotibi Blinken mazkur safar davomida Polshaning TVN telekanaliga bergan intervyusida koʻpchilikni oʻylantirayotgan masala – Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini toʻxtatish yoʻllari xususida ham fikrlarini bayon qilgan. Xususan, bu borada iqtisodiy-moliyaviy jazo choralari va cheklovlarni alohida qayd etgan.

«Sanktsiyalar koʻpchilik bir oy yoki olti hafta muqaddam tasavvur qilganidan ham kuchli ta'sir oʻtkazayotir. Chunki bu jarayonga juda koʻplab mamlakatlar bosh qoʻshdi. Rossiyadagi yirik moliya tuzilmalariga cheklovlar joriy etilishi, muhim yoʻnalishlarni modernizatsiya qilish uchun texnologiyalar etkazishning toʻxtatilishi, oligarxlar hamda ularning oilalariga toʻgʻridan-toʻgʻri sanktsiya kiritilishi – bularning bari kuchli, koʻlamli ta'sirga ega», – deydi davlat kotibi.

S.Salim
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh davlat kotibi Ukrainadagi urushni toʻxtatish yoʻlini aytdi