21:30 / 06.03.2022
1 796

«Qora bolta» – internetdagi firibgarliklardan global mafiya imperiyasiga aylangan guruh haqida

«Qora bolta» – internetdagi firibgarliklardan global mafiya imperiyasiga aylangan guruh haqida
Foto: BBC
«Qora bolta» – Nigeriyada paydo boʻlgan va hozir global tarmoqqa aylanib ketgan jinoiy toʻda nomi. BBC oʻtkazgan 2 yillik surishtiruvlar davomida guruhning butun dunyo boʻylab tarqalgan firibgarlik va qotillik operatsiyalariga oid yangi dalillar topildi.

«La'nat butun hayotingga tatiydi»
Doktor Jon Stoun Janubiy Nigeriyadagi Benin universitetida siyosatshunoslikdan dars beradi. U oʻn yillar davomida odam savdosi, internetdagi firibgarlik va qotilliklarni amalga oshirgan «Qora bolta»ning yuqori martabali a'zosi boʻlgan.

Doktor Jon Stoun «Qora bolta» a'zosi boʻlganidagi xotiralarini koʻp eslaydi. Uni qon, qurol yoki otishmalar emas, odamlarning yolvorishlarini xotirlash koʻp qiynaydi.

«Bu – juda ogʻriqli. Marhumlarning oilalari seni la'natlaydi va bu la'nat butun hayotingga tatiydi», - deya afsus qiladi u.

«Qora bolta» mahalliy tilda cult – kalt deb yuritiladi. Guruh a'zosi esa «Bolta odam» – Axeman deb ataladi. Bu guruh oʻzining ashaddiy zoʻravonliklari bilan ham mashhur. Hatto guruh a'zolarining yoʻlini kesib oʻtish xavfli boʻlgan. Chunki bundaylar duch kelishi mumkin boʻlgan qiynoqlar ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon tarqalgan.

Doktor Stoun guruh a'zosi boʻlgan yillari zoʻravonliklarda qatnashganini tan oladi. Oʻshanda uni «qassob» laqabi bilan chaqirishardi.

Doktor Jon Stoun, «Qora bolta»ning sobiq a'zosi
Foto: BBC

Stoun «Qora bolta» a'zolaridan xalqaro OAVga toʻda haqida ma'lumot bergan birinchi odam boʻldi. BBC 2 yillik surishtiruvi davomida koʻpchilik bilan aloqa oʻrnatib, toʻdaning oʻzaro aloqalariga oid minglab maxfiy hujjatlarni topdi. Natijalar «Qora bolta»ning oʻtgan oʻn yillikdagi eng keng qamrovli va juda xavfli jinoiy guruhlarga aylanganini koʻrsatgan.

Ular qurbonlar sonini futbol hisobidek yuritadi
Bolta odamlar Afrika, Evropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadagi oddiy odamlar orasida ham yuribdi. Hatto elektron pochtangizga ulardan xat kelgan boʻlishi ham mumkin.

BBC «Qora bolta»ning oʻn minglab sirli hujjatlarini qoʻlga kiritgan odamni topishga muvaffaq boʻlgan. Ma'lumot beruvchi asl ismini oshkor qilmay, Uche Tobiac taxallusidan foydalanishni afzal koʻrdi. U taqdim qilgan hujjatlar guruh a'zolari deb taxmin qilingan yuzlab odamlarning shaxsiy aloqalariga oid. 2009-2019-yillardagi xabar almashinuvlarida qotillik, dori kontrabandasi va internetdagi firibgarliklar haqida gap boradi. Bu materiallarning koʻpi vahshiyliklar haqida va ularni nashr etishning imkoni yoʻq.

Uche Tobiac – BBC’ga ma'lumot etkazgan odam
Foto: BBC

Bolta odam yaqinda qurbonlarning rasmlarini xalqaro guruhlar bilan ulashish uchun kodlar bilan himoyalangan vebsaytlardan foydalangan.

«Qora bolta» guruhi oʻziga oʻxshagan dushman kaltlar bilan kim kuchliligini isbotlash uchun doimo urush olib boradi. Ular qurbonlar sonini 15-2, 4-3 kabi futbol hisobidagidek yozib boradi.

«Mugu» yoki «mae» jargonlari ifodalaydigan ma'no
Guruhlar asosiy daromadini internetdagi qallobliklardan topadi. Hujjatlar, bank oʻtkazmalari va minglab elektron pochtalar «Qora bolta» a'zolari dunyo boʻylab onlayn firibgarliklarni amalga oshirayotganini koʻrsatadi. Qallobliklarni amalga oshirish rejalarini a'zolar bir-biri bilan almashadi. Ular merosni oʻmarish, koʻchmas mulkni tortib olish, biznes elektron pochtalari orqali pul echib olish kabi firibgarlik turlaridan foydalanadi. Vazifalar keng miqyosda amalga oshirilib, puxta operatsiyalar tuziladi, bunda qit'alararo oʻnlab odamlar birga ishlaydi. Taqdim qilingan elektron pochtalar ichida, 2010 yilda «Qora bolta» a'zosi bir odamning 3 million dollar pulini firibgarlik bilan oʻzlashtirib olgani ham aniqlangan.

Elektron pochta xabarlarida «Qora bolta» a'zolari deb gumon qilinayotgan odamlar firibgarlik qilayotganda, soxta yoki oʻgʻirlangan pasportlarlardan foydalangan. Va ular oʻzlariga odamlarni jalb qiluvchi nomlar berishadi. Qurbonlarni «ahmoq» ma'nosini beruvchi «mugu» yoki «mae» jargon soʻzlari bilan atashadi.

«Qora bolta» – fantastik darajadagi yirik tashkilot»
«Qora bolta»ning xalqaro kiberjinoyat tarmogʻi oʻz a'zolari uchun milliardlab dollar oʻmaradi. 2017 yilda Kanada rasmiylari jinoiy guruh bilan bogʻliq 5 milliard dollardan ortiq pul yuvish sxemasini yoʻq qilgan. Bunday sxemalar qanchaligini hech kim bilmaydi. Hujjatlarda guruh a'zolari Nigeriya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Fors koʻrfazi davlatlari va boshqa oʻnlab davlatlar oʻrtasida muloqot qilgani koʻrsatilgan.

Tobiasning soʻzlariga koʻra, u firibgarlik boʻyicha tergovchi boʻlib ishlagan va qurbonlar bilan uchrashganidan soʻng «Qora bolta» iziga tushgan.

«Men 30 mingdan ortiq a'zolar borligini taxmin qilgan boʻlardim. Ular butun Evropa, Amerika, Janubiy Amerika va Osiyo boʻylab tarqalgan. Bu – shunchaki kichik klub emas, bu fantastik darajadagi katta tashkilot», deydi Tobias.

Uning gapini xalqaro huquqni muhofaza qilish organlarining xulosalari ham tasdiqlaydi. 2021 yilgi Uyushgan jinoyatchilik indeksiga koʻra, Nigeriya qit'ada uyushgan jinoyatchilikning eng yuqori darajasiga egaligi koʻrsatilgan. Va bu tarmoqlar xorijda kengaymoqda.

Italiya «Qora bolta» tarmoqlari kengayishiga qarshi choralar koʻryapti. 2021 yil aprelida guruh a'zosi deb taxmin qilingan 30 kishi odam savdosi, internet firibgarligi uchun hibsga olingan.

AQShda 2019 yil noyabridan 2021 yil sentyabrigacha koʻp million dollarlik internet firibgarligida gumonlanib 35 kishi hibsga olingan. Va yana «Qora bolta»ning Janubiy Afrikadagi 9 a'zosini qoʻlga tushirish uchun xalqaro operatsiya boshlangan.

«Kiberjinoyat bu – koʻp trillion dollarlik sanoat, uni nazorat qilishning iloji yoʻq. Shu tufayli odamlarning xonavayron boʻlganini, kompaniyalar kasodga uchraganini koʻrganman», deydi Federal tergov byurosining 30 yil kiberjinoyat departamentida ishlagan sobiq maxsus agenti Skott Augenbaum.

«Qora bolta»ga a'zo qilish marosimi
«Qora Bolta» jinoiy imperiyasining ildizlari Nigeriyaga borib taqaladi. Bu guruh 40 yil oldin Edo shtatidagi Benin shahridan topilgan. Bolta odamlarning koʻpi shu joydan va bu guruhning xalqaro kengayishida muhim rol oʻynaydi. BMTning qochoqlar boʻyicha komissari ma'lumotiga koʻra, Nigeriyadan xorijga ketayotganlarning 70 foizi Edodan.

Guruh asosan Nigeriyada universitetning 26-23 yoshli talaba yigitlarini yollaydi. A'zo boʻlish «bamming» deb ataladigan marosim bilan boshlanadi va juda shafqatsiz oʻtadi.

Benin shtati, «Qora bolta» qarorgohi
Foto: BBC

«Bamming» a'zo tanlash kuni boʻlib, guruhga qoʻshishdan oldin, boʻlajak a'zoni oʻrmonga olib borishadi, noinsoniy qiynoqlarni unda sinab, oxirida guruhga a'zo qilishadi. «Qora bolta»ga qoʻshilishning sabablari turli xil. Ba'zilar majburan, ba'zilar koʻngilli, boʻlib qoʻshiladi. Ammo bundan yaxshi foyda olishlariga shubha yoʻq.

Doktor Stounning aytishicha, Nigeriya ishsizlik boʻyicha dunyoda 2-oʻrinda turadi. Shunday qiyin sharoitda «Qora bolta»ga a'zo boʻlish sizni va biznesingizni himoya qilishni kafolatlaydi. Guruh a'zolari Nigeriya armiyasi, havo, dengiz kuchlarida ham bor.

NBM va «Qora bolta» bitta tashkilotmi?
Guruh Afrikaning Neo Qora Harakati (Neo Black Movement of Africa – NBM) deb nomlangan talabalar birodarligidan kelib chiqqan. U 1970-yillarda Benin universitetida tashkil topgan. NBMning ramzi zanjirlarni sindiruvchi qora bolta edi va uning asoschilari zulmga qarshi kurashishni oʻz maqsadi deb elon qilgan.

NBM bugungi kunda ham mavjud va Nigeriya korporativ xizmatlar komissiyasida qonuniy roʻyxatdan oʻtgan kompaniya hisoblanadi. U butun dunyo boʻylab 3 million a'zosi borligini da'vo qiladi va muntazam ravishda Nigeriya va xorijda mehribonlik uylari, maktablar va politsiyaga xayr-ehsonlar qilib boradi. U har yili yirik konferentsiyalar oʻtkazadi, ularning ayrimlarida taniqli siyosatchilar va mashhur shaxslar ishtirok etadi.

NBM rahbarlarining ta'kidlashicha, «Qora bolta» degan guruh yoʻq, boʻlsa ham, NBMning unga aloqasi yoʻq.

«NBM «Qora bolta» emas. Uning jinoyatchilik bilan hech qanday aloqasi yoʻq. NBM dunyodagi buyuklikni targʻib qilishga intiladigan tashkilotdir», degan tashkilotning amaldagi prezidenti Olorogun Ese Kakor 2021 yil iyul oyida BBC’ga bergan intervyusida.

Xalqaro huquqni muhofaza qilish organlari esa buni rad etadi. AQSh Adliya vazirligining 2018 yildan buyon «Qora bolta» a'zolarini ta'qib qilish davomida bergan bayonotlarida NBM «jinoiy tashkilot» va «Qora bolta»ning bir qismi ekani aytiladi. Shunga oʻxshash bayonotlar Kanada rasmiylari tomonidan ham berilgan.

BBC oʻrganayotgan hujjatlarda ham «Qora bolta» a'zolari va NBM korporatsiyasi oʻrtasidagi aloqa aniqlangan.

Yosh «Bolta odam»
Foto: BBC

Hujjatlarning aksariyati 2012 va 2016 yillar oraligʻida NBM prezidenti boʻlgan Augustus Bemigho-Eeoyiboga tegishli elektron pochta hisobidan olingan. Bu fayllar janob Bemigho keng koʻlamli internet firibgarligi bilan shugʻullanganini koʻrsatadi.

Bemigho yozishmalarida millionlab pul yigʻish uchun NNTlar tashkil qilish haqidagi xatlar topilgan.

«Qora bolta»ga qarshi kurash
NBM nomi ostida faoliyat koʻrsatayotgan tashkilotlar butun dunyo boʻylab tarqalgan, jumladan Buyuk Britaniya va Kanadada ham. Shu nom ostida YouTube, Instagram va Facebook’da kamida 50ta akkaunt topiladi. Shuningdek, korporatsiyaning rasmiy ijtimoiy media kanallari ham bor. Ba'zi akkauntlarda 100 mingdan ziyod obunachilar bor. Bularning ayrimlarida «Qora bolta»ni eslatuvchi emoji, qurol yoki bolta koʻtargan odamlarning rasmi va ba'zan shiorlar ham yozilgan.

Doktor Stounning aytishicha, Nigeriya parlamentida hatto ijrochi organda ham «Qora bolta» a'zolari bor. Ular nigeriyalik boʻlajak siyosatchilar, raqiblarni qoʻrqitish, saylov qutilarini qoʻriqlash va odamlarni ovoz berishga majburlash uchun «Qora bolta» a'zolarini yollaydi.

Doktor Stoun hozir sobiq kaltchilar, Nigeriya fuqarolari va professorlardan iborat «Kamalak koalitsiyasi» tashkilotini tuzgan. Bu – «Qora bolta»ni biroz tiyib turish, jinoyatchilikni kamaytirish vazifasini bajaradi. Stoun uni izlab kelishlarini biladi, shuning uchun ham oʻzi bilan litsenziyalangan qurol olib yuradi.

«Shaxsiy xavfsizlik uchun bundan boshqa iloj yoʻq. Ular meni poylab yurishganda, nega men bunday qilolmayman?» degan u nimtabassum bilan.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo