date
views 2 059

Turkmanistonda prezidentlik saylovlari yakuniga etdi

Туркманистонда президентлик сайловлари якунига eтди
Foto: «TASS»
Turkmanistondagi muddatidan oldin oʻtkazilayotgan prezidentlik saylovlari yakuniga etdi, mahalliy vaqt bilan 19:00 holatiga koʻra 97,12 foiz saylovchi ovoz berib boʻlgan. Bu haqda Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi.

Turkmanistondagi prezidentlik saylovlarida jami 3 million 435 ming 950 nafar saylovchi roʻyxatdan oʻtgan va 2577 ta saylov uchastkasi tashkil qilingan.

Turkmaniston prezidenti vazifasini bajaruvchi Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxoboddagi Annaniyoz Ortiq nomidagi 68-maktabda tashkil qilingan saylov uchastkasida ovoz bergan («TASS»).

U uchastkaga aravachada harakatlanuvchi 85 yoshdagi onasi bilan birga kelgan va ushbu saylovlarni tarixiy ahamiyatga ega jarayon ekanligini ta'kidlagan.

Prezidentning oʻgʻli mamlakatdagi hukmron Demokratik partiya nomzodi Serdar Berdimuhamedov ham poytaxtdagi 68-maktabda ovoz bergan.

«Xronika Turkmenistana» nashri saylovlarda ovoz berayotgan fuqarolarning u qadar faol emasligini yozgan. Qayd etilishicha, bu safar saylovlarning borishini onlayn rejimda kuzatish imkoniyati yaratilgan, biroq buning uchun Turkmaniston hududida boʻlish talab etiladi.

Rossiyaning Ashxoboddagi elchisi Aleksandr Bloxin «TASS» nashriga bergan intervyusida Turkmanistondagi saylovlar haqida quyidagicha fikr bildirgan.

«Turkmanistonda saylovlar har doim kutilmagan voqea-hodisalarsiz oʻtadi. Bu safar ham hammasi mukammal tashkillashtirilganiga ishonaman. Kuzatuvchilar bor va ular xulosalar yozadi, biroq oʻn yillik tajribamga suyanib, menimcha, saylovlar oldindan tayyorlanganidek oʻtadi. Turkmaniston tomoni hammasini — tashriflardan tortib katta tadbirlargacha juda yuqori saviyada tashkillashtirishni biladi», – degan elchi.

8 mart kuni Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining inson huquqlari hamda demokratik institutlar boʻyicha byurosi oʻz missiyasini Turkmanistondagi prezidentlik saylovlarida kuzatuvchilar sifatida qatnashishini tavsiya etmagan. Byuro bayonotida saylovlarning oʻtkazilishi haqidagi e'lon va ularning oʻtish vaqti keskin qisqarib ketganini yozilgan. Ushbu qaror Turkmanistonning fikrlar xilma-xilligi va inson huquqlarini hurmat qilish yuzasidan tashkilot tavsiyalarini inkor qilgani bilan bogʻliq, deya xabar qilgan «Azatlik».
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo