date
views 1 539

AQSh razvedkasi: Ukrainadagi urushning 20 kunida 7 mingdan oshiq rossiyalik harbiy halok boʻlgan

AQSh razvedkasi: Ukrainadagi urushning 20 kunida 7 mingdan oshiq rossiyalik harbiy halok boʻlgan
Foto: Andrew Marienko / AP / Scanpix / LETA
Ukrainadagi harbiy harakatlarning 20 kunida etti mingdan oshiq rossiyalik harbiy xizmatchi halok boʻlgan. Bu Iroq va Afgʻonistonda 20 yil davomida halok boʻlgan amerikalik askarlar sonidan koʻproq. Bu haqda The New York Times Amerika razvedkasining «konservativ baholari»ga asoslangan holda xabar berdi.

Gazeta ma'lumotiga koʻra, 14 mingdan 21 minggacha rossiyalik harbiylar jarohatlangan. Nashrning yozishicha, Rossiya urushga jami 150 mingdan ortiq harbiy xizmatchisini jalb qilgan.

Pentagondagi anonim manba ulkan yoʻqotishlar Rossiya armiyasining jangovar ruhini tushirishi mumkinligini qayd etgan.

Shu bilan birga The New York Times urushdagi qurbonlar boʻyicha ma'lumotlar aniq raqamlar emasligini qayd etgan. Bu raqamlar OAV tahlillari, sun'iy yoʻldosh tasvirlari va oʻqqa uchragan rus askarlari hamda harbiy texnikalari suratlari, shuningdek tomonlarning rasmiy ma'lumotlariga (Ukraina tomoni oshirib, Rossiya tomoni pasaytirib koʻrsatayotgan boʻlishi mumkin) asoslangan.
  • Rossiya mudofaa vazirligi urush boshlanganidan buyon rossiyalik harbiylarning yoʻqotishlari toʻgʻrisida faqat bir marta ma'lumot bergan. 2 mart kuni vazirlik Ukrainada 498 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok boʻlgani va 1597 kishi yaralanganini ma'lum qilgandi.
  • Ukraina tomonining soʻnggi ma'lumotlariga koʻra, Rossiya armiyasining yoʻqotishlari 13,8 ming kishini tashkil etadi. Lekin bu raqam yaralanganlar va asirga olinganlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
  • Ukraina hukumati urushda rossiyalik generallarning kamida toʻrt nafari halok boʻlganini ma'lum qilgan. Rossiya bu ma'lumotlarni tasdiqlamagan. The New York Times manbasining xabariga koʻra, Rossiya generallarining koʻpchiligi himoyalanmagan telefonlar va ratsiyalar orqali muloqot qiladi. Ularning kamida bir nafari Ukraina razvedkasi uning qoʻngʻiroqlarini eshitib, joylashgan manzilini aniqlaganidan keyin halok boʻlgan.
  • Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 12 mart kuni urush boshidan buyon ukrainalik harbiylarning 1,3 mingdan ortigʻi halok boʻlganini tasdiqlagandi. Shundan keyin yoʻqotishlar toʻgʻrisida ma'lumot bermagan. Ukrainada tinch aholi orasida ham yoʻqotishlar koʻp - mamlakat janubida qamalda qolayotgan Mariupol shahrining oʻzida tinch aholi orasidagi qurbonlar soni 2 mingdan oshiq.
  • Urush sharoitida u yoki bu tomon bergan rasmiy ma'lumotlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yoʻq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh razvedkasi: Ukrainadagi urushning 20 kunida 7 mingdan oshiq rossiyalik harbiy halok boʻlgan