
Foto: Yuriy Chichkova / Forbes
«Alfa-bank» asoschisi Mixail Fridman Bloomberg nashriga intervyu berib, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va sanktsiyalar haqidagi fikrlarini aytib oʻtdi.
Fridman naqd pulsiz qolgani, hatto farroshga toʻlov qilish imkoniyati yoʻqligi tufayli uyni oʻzi tozalayotgani, oʻziga qoʻllangan sanktsiyalar tufayli pullaridan foydalana olmayotgani va Londondan keta olmayotgani haqida gapirdi.
Ukrainaga hujum haqida
«Men avvaldan Ukraina qattiq qarshilik koʻrsatishini bilardim», deydi asli Lvovdan boʻlgan Fridman. U Putin keng koʻlamli hujum boshlashi mumkinligiga ishonmaganini aytadi.
25 fevral kuni, «harbiy amaliyot» ertasiga Fridman Londondagi LetterOne investholdingi xodimlariga yoʻllagan maktubida roʻy berayotgan hodisalarni «fojia» deb atagan va qon toʻkilishi toʻxtatilishi tarafdori ekanini aytgan, ammo shaxsan Putinning oʻzini qoralamagan.
Shunga qaramay, uning soʻzlariga koʻra, endi u uchun Rossiyaga qaytish xavfli boʻlib qolgan.
Sanktsiyalar haqida
«Men shokda edim. Men shunchaki nima deyayotganini anglamasdim», deya eslaydi Fridman advokatining endi u sanktsiyalar ostida ekani haqidagi soʻzlariga reaktsiyasini eslab, bu sanktsiyalar uning erkin harakatlanishi cheklanishi va hisoblari muzlatilishini anglatardi.
Fridmanning ishontirishicha, Evropa Rossiyadagi hokimiyat qanday tuzilgani haqida tasavvurga ega emas, aks holda ular oligarxlar va biznesmenlarga bunday sanktsiyalar qoʻllamas edi.
«Agar Evroittifoq men Putinning oldiga borib, unga urushni toʻxtatishini aytsam, u menga quloq soladi deb oʻylayotgan boʻlsa, qoʻrqamanki, hammasi yomon. Bu shuni bildiradiki, bunday qaror qabul qilayotganlar Rossiya haqida hech narsa bilishmaydi. Bu esa xavfli», deydi u.
U milliarderlar Putinga ta'sir koʻrsata olmasligini ta'kidlagan.
Fridman Gʻarb bilan aloqalari, Gʻarbdagi turli kompaniyalar yoki masalan Alfa Fellowship xalqaro dasturi uni sanktsiyalardan himoya qiladi deb oʻylagani haqida gapirgan.
«Biz chin dildan Gʻarbning doʻstlarimiz va jazolanishimiz mumkin emas deb ishongangandik», deydi biznesmen.
Putin va siyosat haqida
Fridmanning soʻzlariga koʻra, u hech qachon Putin bilan yakkama-yakka koʻrishmagan, faqat boshqa biznesmenlar bilan birga uning qabulida boʻlgan. Putin bilan kimningdir oʻrtasidagi masofani u «erdan oygacha» deb qiyoslagan. «Putinga urushga qarshi nimadir deyish, oʻzini oʻldirish bilan barobar», degan u.
Fridmanning soʻzlariga koʻra, u hamisha siyosatdan yiroq yurishga harakat qilgan, hozirda esa oʻz doʻsti Boris Nemtsov bilan biznesiga zarar etmasligi uchun kamroq muloqotda boʻlgani uchun afsusdaligini aytgan, 2012 yilda Vladimir Ashurkovdan muxolifatchi Aleksey Navalniy bilan yaqin aloqada boʻlgani uchun «Alfa-grupp»ni tark etishni soʻraganini ham afsus bilan eslagan.
Hayot tarzi haqida

Endi biznesmen xarajatlari uchun Britaniya hukumatidan ruxsat soʻrashi kerak, hukumat lozim topsa — ruxsat beradi. Bir oy uchun beriladigan pul 2500 funtni tashkil etadi.
«Uyni oʻzim tozalashimga toʻgʻri keladimi? Hech qisi yoʻq, men talabaligimda yotoqxonada kichik xonada besh kishi boʻlib yashaganmiz, ammo 35 yil oʻtib bu kutilmagan ish», — degan Fridman.
«Ammo mening qiyinchiliklarimni ukrainaliklarning muammolari bilan taqqoslab boʻlmaydi», deya qoʻshimcha qilgan milliarder.
Unda Isroil fuqaroligi bor, ammo u oʻsha erga ketishi mumkinligi haqidagi savolga javoban u erda uyi yoʻqligi, qolaversa pullaridan foydalana olmasligini aytgan. «Men bu erda asirlikdaman», degan u.
Fridmanning soʻzlariga koʻra, unda yaxta ham, samolyot ham yoʻq, faqat Londonda va Moskvada uyi bor, ota-onasining Latviyada kvartirasi bor. Uning ota-onasining Lvovdagi kvartirasida esa ayni vaqtda 15 nafar qochqin yashamoqda.
«Buyogʻiga qanday yashashimni shunchaki bilmayman», deya soʻzlarini yakunlagan biznesmen.
Ukraina hududida tugʻilgan, Rossiyada biznes qurib, rivojlantirgan Fridman 2021 yilda Forbes jurnali tomonidan Rossiya milliarderlari roʻyxatida 11-oʻringa qoʻyilgan - uning boyligi 15,5 mlrd dollarga baholangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar