14:50 / 23.03.2022
2 724

«Maxsus operatsiya» ramziga aylangan «Z» haqida nimalar ma’lum?

«Maxsus operatsiya» ramziga aylangan «Z» haqida nimalar ma’lum?
Rossiyaparast kuchlar nazorati ostidagi Donetsk viloyati Volnovaxskiy tumani Bugas qishlog‘ida «Z» harfi tushirilgan rus harbiy texnikasi. 2022 yil 1 mart
Foto: Aleksandr Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Urush boshlanishidan bir necha hafta oldin ijtimoiy tarmoqlarda bortida tushunarsiz belgilar aks etgan rus harbiy texnikalari surati va videolari paydo bo‘lgandi. Ko‘p hollarda odamlar kvadrat ichida yoki kvadratsiz «Z» harfiga duch kelgan, biroq ularning orasida «V» belgisi ham uchrab turgan. Harflar Rossiyaning turli harbiy okruglaridagi jihozlarni farqlash imkonini beruvchi taktik belgilar sifatida ishlatilgan bo‘lishi mumkin, ammo bir necha kundan keyin «Z» hamda «V» (ayniqsa «Z») «harbiy operatsiya»ning sal kam rasmiy ramziga aylandi.

«Z»ni rus propagandasining asosiy elementlaridan biriga aylantirish g‘oyasi aynan kimdan chiqqani noma’lum. Bosqinchilar ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq olib, hududlarda turli xil aksiyalar va go‘yo tabiiy yo‘sinda yuz berayotgan fleshmoblarni uyushtirayotganlar ham bu nimani anglatishini tushunmaydi. Meduza «Z» g‘oyasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘rganib, belgi aslida unga va uning hamfikrlariga tegishli ekanini da’vo qilayotgan odam bilan suhbatlashdi. «Daryo» shu surishtiruvlar va suhbat yoritilgan materialni o‘zbek tiliga o‘girdi.

Ukrainadagi urush faol bosqichga o‘tguniga qadar ham ijtimoiy tarmoqlarda bortida maxsus belgilar qo‘yilgan Rossiya harbiy texnikasi suratlari paydo bo‘la boshlagan. Eng keng tarqalgani lotin imlosidagi «Z» harfi bo‘lib, gaubitsalar, tanklar va harbiy yuk mashinalariga oq bo‘yoq bilan qalin qilib chizilgan. Keyinroq boshqachalari ham paydo bo‘ldi — «V» harfi yoki uchburchak shakl.

Belgilar ma’nosi dastlab tushunarsiz edi. Harbiy ekspertlar turli versiyalarni ilgari surdi, lekin jihozlar shu usul bilan Rossiya harbiy okruglaridan biriga tegishli ekaniga ishora qilinayotganiga ko‘proq ishonishardi: «Z» — G‘arbiy, «V» — Sharqiy, uchburchak — janubiy.

Rossiya Mudofaa vazirligining o‘zi jamoatchilikka hech qanday tushuntirish bermagan. Keyinroq ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «Z» va «V» esga olingan bir nechta postlarni e’lon qilgan bo‘lsa-da, ma’nosi baribir ochiqlanmagan. Ushbu bayonotlarda harbiy texnika bortidagi belgilardan tashviqot qurollari sifatida foydalanilgan: masalan, «Zakanchivayem voyni» (urushga chek qo‘yamiz) yoki «Za mir» (tinchlik uchun). Yozuvlar avval odatiy imloda, keyin bosh harflar heshteglarda lotincha «Z» hamda «V» harflariga almashtirilgan holda paydo bo‘lgan.

Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi SMM mutaxassislari jalb etilishidan oldin ham lotincha «Z» harfi dastlab norasmiy, keyin esa Rossiya hukumati tarafdorlari orasida Ukrainaga bostirib kirishning rasmiy ramziga aylandi. Tarafdorlar uni o‘z nikneymlariga qo‘shishni, akkauntlaridagi kirillcha harflarni u bilan almashtirib, avatarlariga «Z» qo‘yishni boshladi. Xususan, «Sorok Sorokov» radikal pravoslav harakatining Telegram’dagi kanali endi «Zorok Zorokov» deb nomlanadi. 2019 yili Moskva shahar Dumasiga muxolif nomzodlarni ro‘yxatga olishni rad etishga qarshi namoyishlar ishtirokchilarining shaxsiy ma’lumotlari e’lon qilingan kanal esa «Tovarish Z Mayor» tarzida yuritila boshladi.

Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligining Instagram’dagi postlaridan biri
Foto: Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi

5 mart kuni Dohadagi musobaqalarda uchinchi o‘rinni egallagan rossiyalik gimnastikachi Ivan Kulyak taqdirlash marosimiga formasida «Z» harfi tushirilgan holda kirib keldi (Xalqaro gimnastika fedaratsiyasi Kulyakning «hayratlanarli xatti-harakati» yuzasidan intizomiy tergov ochilishini talab qilgan). Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Sivilev esa 2 martdan viloyat hokimligining rasmiy hujjatlarida viloyat nomi «KuZbass» tarzida yozilishini ma’lum qilgan. Sivilevning aytishicha, «Z» — bu Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya»da qatnashayotgan «jangchilarni qo‘llab quvvatlash belgisi». Rasmiy veb-sayt logotipidagi «Z» harfi Kemerovo viloyati qonunchilik assambleyasi tomonidan qo‘yilgan. To‘g‘ri, viloyat hokimiyatining ikkinchi martdan keyin e’lon qilingan qarorlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, «Kuzbass» rasmiy hujjatlarda avvalgiday «Kuzbass» ko‘rinishida qolgan.

«Z» g‘oyasi joylarda qanday tashviq qilinmoqda?
Bir vaqtning o‘zida Rossiyaning bir nechta viloyatlarida Ukrainadagi «maxsus operatsiya»ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tadbirlar tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari «Z» harfi ko‘rinishidagi shaklda safga tizilgan.

Qozondagi ikki voqea alohida muhokamaga sabab bo‘ldi. Avval, 5 mart kuni, mahalliy bolalar xospisi (kasalligi bedavo deb topilgan va kundalik tibbiy muolajaga muhtoj bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va yordam ko‘rsatish markazi — «Daro» izohi) o‘z tarbiyalanuvchilarini «Z» shaklida safga tizgan. 9 martda esa KazanMall savdo markazida Qozon davlat madaniyat instituti talabalari ishtirokida aksiya o‘tkazilgan. Oq rangdagi kiyimlariga «Z» shaklidagi Georgiy tasmalarini taqib olgan talabalar mushtlari tugilgan holda o‘ng yoki chap qo‘llarini navbatma-navbat boshi uzra ko‘tarib, «Tinchlik uchun!» shiorini dona-dona qilib aytgan va Oleg Gazmanovning «Olg‘a, Rossiya» qo‘shig‘ini ijro etgan.

Foto: Qozon davlat madaniyat instituti
Ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan Meduza muxbirining savollariga javob bergan Qozon davlat madaniyat instituti talabalariga ko‘ra, institut aksiyani atigi bir necha soat ichida uyushtirib yuborgan. O‘sha kuni ertalab bu tadbir o‘tkazilishi haqida hech kim bilmagan. Talabalarga Gazmanov qo‘shig‘ining matni yuborilib, hech qanday tushuntirishlarsiz uni yod olish buyurilgan. Apil-tapil o‘tayotgan tayyorgarlik vaqtida kechqurun hamma savdo markaziga «fleshmob» uchun borishi haqida ogohlantirilgan. Dekanat vakillari guruh sardorlariga shunday xat yozgan:

Talabalar diqqatiga! Soat 17:00 da «fleshmob» munosabati bilan institut foyesida yig‘ilamiz. Hamma kelishi shart! Aks holda, o‘zingizga yomon bo‘ladi!

Meduza yozishmalar bilan tanishib chiqqan; aksiyada ishtirok etmaganlarga qanday jazo choralari qo‘llangani haqida Meduza hech qanday ma’lumotga ega emas.

Foto: Qozon davlat madaniyat instituti
Qozon madaniyat instituti matbuot xizmati Meduza’ga aksiya tashabbusi talabalarning o‘zidan chiqqanini aytadi. Matbuot xizmati, shu bilan birgan, #ZaMir heshtegi va universitet rasmiy saytidagi «Z» harfi («KazZGIK») paydo bo‘lishini «institutning shaxsiy tashabbusi» deya izohlagan.

Rossiyaning boshqa hududlarida ham urushni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aksiyalar bo‘lib o‘tgan. Shu jumladan, ma’muriy resurslardan foydalangan holda mahalliy hokimiyat tomonidan uyushtirilgan. Meduza’ning aniqlik kiritishicha, Federatsiyaning kamida bir nechta sub’ektlarida o‘tkazilgan shu kabi tadbirlarda mintaqaviy nazorat markazining (MNM) qo‘li bor. Masalan, Tomsk shahridagi maktablarda MNM ishtirokida ochiq darslar o‘tkazilib, o‘quvchilarga Ukrainadagi «maxsus operatsiya — adolatli va zaruriy chora» ekanligi haqida tushuntirish berilgan.

Ma’lumot uchun: 2020 yilda Vladimir Putin tashabbusi bilan har bir mintaqada mintaqaviy nazorat markazlari tashkil etilgan. Rasmiylarga ko‘ra, MNM maqsadi ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilish va aholining shikoyatlarini ko‘rib chiqish orqali fuqarolar va mansabdor shaxslar o‘rtasidagi aloqani soddalashtirishdir.

Aslida esa, masalan, Xakasiyada mahalliy MNM senzura agentligi vazifasini o‘taydi. U «barcha amaldorlar va OAVlardan ustun turadi». Ushbu ma’lumotni hukumatning sobiq xodimi ismi sir tutilishi sharti bilan Meduza’ga yetkazgan.

Tomsk viloyatida bir vaqtning o‘zida bir nechta tuzilmalar tomonidan «Z» ramzlari bilan vatanparvarlik ruhidagi avtopoygalar tashkil etilgan. Aksiya tashkilotchilariga yaqin manbalarning ma’lum qilishicha, bir haftaning ichida, 7 martdan 13 martgacha, birgina shu mintaqaning o‘zida o‘ndan ortiq shunday tadbirlar bo‘lib o‘tgan. Urushni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha harakatlar Tomsk hokimiyati, Tomsk viloyati ma’muriyati va tuman ma’muriyatlari tomonidan o‘tkazilgan; «Yagona Rossiyaning yosh gvardiyasi» hududiy bo‘limi va «hokimiyat partiyasi» bilan bog‘liq bo‘lgan «MiVmeste» (Biz birgamiz) shtab-kvartirasi xodimlari ham bu ishga bosh qo‘shgan.

Rossiya qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan avtopoygalardan biri. 2022 yil 6 mart
Foto: Nikolay Xijnyak / TASS

Shuningdek, «Rossiyaning Afg‘oniston faxriylari ittifoqi» tomonidan mahalliy IIV xodimlari bilan hamkorlikda bir qancha aksiyalar tashkil qilingan. Olingan ma’lumotga ko‘ra, taklif IIVga yuqoridan berilgan. Bo‘lim xodimlari tadbirga tayyor holda chiqqan: banner va bayroqlari bo‘lgan.

6 mart kuni Xakasiya poytaxti Abakan shahrida «maxsus operatsiya»ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Z» belgisi ostida o‘tkazilgan avtopoygaga ham hududiy MNM bosh-qosh bo‘lgan. Bu haqida Meduza nashriga mahalliy OAVning ikki xodimi va viloyat hokimligining ismi sir qolishini istagan amaldagi xodimi xabar qilgan.

«Yagona Rossiya» rahbariyatiga sodiq «Xakasiya» axborot agentligi 6 mart kuni shunday xabar chiqardi:

Avtopoygada sportchilar, Butunrossiya Xalq fronti (BXF) va «Yosh gvardiya» faollari ishtirok etdi. Lekin qatnashuvchilar, asosan, Rossiya qurolli kuchlari hamda Donbass militsiyasiga o‘z hurmat va hayratini shu tarzda izhor etishga qaror qilgan oddiy fuqarolardan tashkil topgandi.

Nashr, shuningdek, aksiyada respublika hukumati vakillaridan va siyosiy partiyalar rahbariyatidan hech kim ishtirok etmaganini qayd etgan.

Shu bilan birga, Meduza manbalari mahalliy «Yagona Rossiya» partiyasi va BXF faollarini, shuningdek, «hokimiyat partiyasi»ga yaqin bo‘lgan ayrim tadbirkorlarni aksiyaning rasmiy tashkilotchilari va ijrochilari sifatida ko‘rsatgan. Bu borada markazdan buyruq bo‘lgani yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan. Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan yana bir Abakan jurnalistlaridan birining ta’kidlashicha, avtopoyga ishtirokchilar «Z» ramzi tushirilgan bayroqlar bilan chiqish qilgan. Jurnalistning aytishicha, bayroqlar qo‘lbola emas.

Respublika OAV xodimlaridan yana biri, ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan, shunday deydi:

Rasmiylar bu federal markaz tashabbusi ekanligini tan olmayapti. Hammasi tabiiy ravishda ro‘y berganday: tadbirkorlar mashinalariga go‘yo o‘z tashabbusi bilan nakleyka buyurtma qilganday. Ammo hokimiyatning turli tarmoqlari vakillari ham tashabbus ko‘rsatib, «Z» ramzlarini ko‘z-ko‘z qilmoqda.

8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida, respublika OAV xodimlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, tahririyat respublika hukumati apparatidan Abakandagi «Z» avtopoygasini «yoritmaslik» bo‘yichi tavsiyanoma olgan. Ammo ertasiga, 9 mart, chorshanba kuni Xakasiya rahbari Valentin Konovalovning o‘zi kamzulida «Z» harfi tushirilgan ko‘krak nishoni bilan omma oldida ko‘rinish bergan. Jurnalistlar respublika rasmiylari kiyimida ham xuddi shunday nishonlarni payqagan. Ko‘p o‘tmay viloyat markazlarida ham «vatanparvarlik» avtopoygalari o‘tkazilgan, respublika mutasaddilari esa Xakasiya milliy muzeyi binosini «Z» ramzi bilan bezatgan.

Rostov-Dondagi temir yo‘lchilar aksiyasi
Foto: Erik Romanenko / TASS

Meduza suhbatlashgan kishilarga ko‘ra, mazkur hududlarda hech kim «V» va «Z» belgilari aynan nimani anglatishini bilmaydi: mahalliy amaldorlar jurnalistlar savoliga yod olingan gaplar bilan javob berib, bu harflar «Vazifa bajariladi» va «Kuch — haqiqatda» degan ma’nolarni anglatishini aytgan. Biroq ular bu haqida ortiqcha tushuntirish bermagan. Hokimiyat nazorati ostidagi OAV bayroqlar, bilbordlar va stikerlardagi lotin harflarining asl ma’nosini faqat tahmin qilishi mumkin. Xususan, xakas jurnalistlaridan biri Meduza bilan suhbatida «Z» nemischa «Zeit» (vaqt) so‘ziga ishora ekanini taxmin qiladi: «Ishga kirishish vaqti keldi», — deya tushuntiradi u va Rammstein guruhining urushga qarshi klipini yodga oladi.

Shu bilan birga, ayrim rus natsionalistlari hukumat bilan kelishmagan holda Ukraina bilan urushni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aksiyalar o‘tkazishga harkat qilib ko‘rgan — hukumat bunga yo‘l qo‘ymagan. Bundan tashqari, ulardan biri — 12 mart kuni Davlat Dumasi binosidan Moskvadagi Triumfalnaya maydonigacha «qurolli kuchlarni va prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlash» marshini uyushtirmoqchi bo‘lgan publitsist Yegor Xolmogorov nafaqat rad javobi, balki shahar prokuraturasi tomonidan ogohlantirish ham olgan.

Xo‘sh, buni kim o‘ylab topdi?
«Z» aksiyalari o‘tkazilgan hududlardagi Meduza suhbatdoshlari harbiy ekspertlar harbiy texnikaning taktik belgisi deb hisoblaydigan belgidan «maxsus operatsiya» timsoli sifatida foydalanish g‘oyasi aynan kimdan chiqqanini bilmaydi.

Meduza bilan suhbatlashgan Prezident administratsiyasining (AP) ichki siyosiy blokiga yaqin kishilar blokning «Z operatsiyasi» ijodiy faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘qligiga ishontiradi. Ulardan ikki nafari vazir Sergey Shoyguning maslahatchisi Andrey Ilnitskiy boshliq Mudofaa vazirligi PR bo‘limini g‘oya manbasi sifatida ko‘rsatgan. Meduza bilan suhbatlashgan Tomsk avtopoygalari tashkilotchilaridan biri ham bunga qo‘shiladi: uning fikriga ko‘ra, bu «armiya imiji va qiyofasini yaratadigan PR’chilarning ishi».

Shu bilan birga, Prezident administratsiyasiga yaqin bo‘lgan manbaning ma’lum qilishicha, mudofaa vazirligining PR bo‘limi RT telekanali va uning bosh muharriri Margarita Simonyan bilan hamkorlikda ishlagan. Telekanal dizaynerlari ramziylikni o‘ylab topgan, vazir Sergey Shoygu esa uni tasdiqlagan. Suhbatdosh bu haqida, jumladan, shunday deydi:

Simonyan tashabbusni ko‘p jihatdan o‘z zimmasiga oldi. Ramzlar prezident Vladimir Putinga ham ko‘rsatilgan. U bilan suhbatlashgan kishilardan birining aytishiga qaraganda, prezident uni ma’qullagan.

Margarita Simonyan rahbarligidagi RT telekanali dizaynerlari haqiqatan ham «Z operatsiyasi» uchun o‘zlarining shaxsiy identifikatorlarini ishlab chiqqan. RT internet do‘konida 26 fevraldan boshlab «Z» harfi tushirilgan tovarlar (zirhli transport vositasi bortida oq bo‘yoq bilan qo‘pol qilib chizilganday ko‘rinishda aks etgan) sotilmoqda.

Meduza muxbiri Simonyanga bu tadbirlarda qanchalik qo‘li borligi haqida so‘rab murojaat qilgan, lekin u javob bermay, buning o‘rniga so‘rov skrinshotini ijtimoiy tarmoqqa joylab, quyidagi izohni qodirgan:

Meduza manbalari qachon qarama menga o‘zimdan g‘ururlanish va Meduza’ga achinish uchun sabablar topib beradi.

Rossiyadagi davlat tashkilotlari xodimlari ko‘pincha so‘rovga javob berish o‘rniga mustaqil jurnalistlar bergan savollarni ijtimoiy tarmoqqa joylashni ma’qul ko‘radi. Mudofaa vaziri maslahatchisi Andrey Ilnitskiy esa berilgan savolni e’tiborsiz qoldirdi.

Bundan tashqari, Meduza’ning Sankt-Peterburg rahbariyatiga yaqin manbalaridan biri g‘oya mualliflari orasida tadbirkor Yevgeniy Pirojkin ham bo‘lganini aytadi. biroq APga yaqin manbalar buni inkor qiladi. AP ichki siyosiy blokiga yaqin bo‘lgan Meduza manbasi shunday deb ishontiradi:

«Oshpaz» ixtirosi va uning g‘oyalarini amaliyotga tadbiq qilish uchun, qolaversa, uning o‘zi uchun ham hech kim o‘zidagi bor resusrsni sarf qilmaydi. Har kim o‘zi uchun kurashmoqda. «Oshpaz» bo‘lajak g‘alaba ramzini o‘zlashtirib olishiga imkon yaratish esa... Bunga hech kim yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. O‘zimiznikilar bu ‘Z’ni allaqachon o‘z axlatlariga qorishtirib yuborgan bo‘lardi.

U (gaplari faqat taxmin ekanini ta’kidlagan holda) prezident Putin «Z operatsiyasi» bo‘yicha qandaydir ko‘rsatmalar bergan bo‘lishi mumkinligini, uning atrofidagilar esa «o‘sha zahotiyoq dumini likillatib, «Z»ni qanday rasmiylashtirish va targ‘ib qilish haqida bosh qotira boshlagan»ini aytadi.

Meduza’ning APga yaqin bo‘lgan yana bir suhbatdoshi Prigojin «Z operatsiyasi» bo‘yicha kampaniyaga «ayni vaqtida suqilib olgan»iga ishonchi komil.

«Z operatsiyasi» nomining o‘zi, uning ramziy ma’nosi va targ‘ibot strategiyasi Meduza’ning APga yaqin manbalari tomonidan salbiy baholanmoqda. «Siyosiy strategiya nuqtai nazaridan, bu juda dahshatli», — deya izoh beradi administratsiya bilan hamkorlik qiluvchi texnologlardan biri. U «Z» nom sifatida hech qanday ma’noni anglatmasligini ta’kidlagan holda, o‘z hayratini yashirmaydi:

Odamlar boshidanoq buning nima ekani va nima uchun kerakligi haqida tushunchaga ega bo‘lmagan. (Ukraina prezidenti Vladimir) Zelenskiyni nomi bilan qandaydir bog‘liqligi bormikin?

Boshqa bir texnolog, bosqinga «rus dunyosini qutqarish» sifatida qaralayotgan bo‘lsa-da, «Z» harfi kirillchada ifodalanmayotganiga e’tibor qaratadi.

Joylarda «Z» belgisi bilan amalga oshirilayotgan harakatlar haqida Meduza’ning APga yaqin manbasi shunday deydi:

«Z» mavzusi (Sergey Kiriyenkoga yaqin) Davlat kengashi departamentiga tegishli emas. (Andrey) Yarin boshchiligidagi Ichki siyosat departamenti gubernatorlarni shu borada bir nimalar qilishga undamoqda — qandaydir fleshmoblar, avtopoygalar, «Z» shaklidagi yoritgichli oynalar. Bajarasan, deb oyoq tirab turgan joylari yo‘q, lekin gubernatorlar ishga qattiq kirishib ketgan. Buni rejadan oshirib bajarayotganlar ham bor.

Viloyat ma’muriyatlari, hokimiyatlar, universitetlar va boshqa binolarga tungi vaqtlarda «Z» shaklida yonib turuvchi oynalar o‘rnatib chiqish bilan bog‘liq aksiyalar ko‘plab hududlarda amalga oshirildi: Novosibirsk, Amur, Voronej, Ivanovo hamda Rossiyaning boshqa viloyatlari, hududlari va respublikalarida.

«Ijodiy kasb egalari»
Rus armiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan onlayn fleshmobda «Z» belgisidan foydalanish bo‘yicha Meduza’ga ma’lum bo‘lgan ilk tajribalar urushning rasman boshlanishidan oldingi davrga to‘g‘ri keladi. Meduza’ga bu haqida siyosiy strateg, Telegram’dagi «Zapiski avantyurista» (hozir bu nom ham «Z» bilan boshlanadi) kanalining egasi Igor Mangushev aytib o‘tdi. U, shuningdek, suhbatda o‘zini «LXRning iste’fodagi kapitani» deb ham atagan.

Mangushev ismi «Internet tadqiqotlar agentligi» — Yevgeniy Prigojin bilan bog‘liq bo‘lgan o‘sha Sankt-Peterburg «trol fabrikasi» faoliyati haqidagi ma’lumotlarda paydo bo‘ldi. Bu yozishmalar haqiqiyligini Mangushevning o‘zi «Fontanka»ga tasdiqlagan. 2019 yilda «Novaya gazeta» Igor Mangushevni o‘sha vaqtda Moskva shahar dumasi uchun bo‘lib o‘tgan saylovda ishtirok etgan Aleksey Navalniyning sherigi Lyubov Sobol nomzodi uchun imzolarni sohtalashtirish bo‘yicha go‘yo yashirin kvartira tashkil qilgan provakatorlardan biri sifatida ko‘rsatgan.

Moskvadagi Manejnaya maydonida urushga qarshi mitingni tarqatayotgan OMON jangchilarining dubulg‘asidagi «Z». 2022 yil 13 mart
Foto: Vyacheslav Prokofev / TASS

Meduza nashriga bergan intervyusida Igor Mangushev ushbu fleshmob g‘oyasini o‘z «safdoshlari» bilan birgalikda o‘ylab topganini aytdi. Mangushev ularni «2014 yilda va undan keyin ham ba’zi vaziyatlar tufayli qo‘liga qurol olgan ijodiy kasb egalari» deb ataydi. U o‘z so‘zining isboti sifatida Meduza’ga Telegram suhbatlarining skrinshotini ko‘rsatdi, unda ishtirokchilar o‘z kanallariga «Z» harfi tushirilgan logotip qo‘yishni taklif qilgan — «aynan oq bo‘yoq bilan, cho‘tkada biroz ehtiyotsizlik bilan chizilganday, lekin hamma uchun bir xil».

Bunday tasvir haqiqatan ham 20–21 fevralda, ya’ni bosqin arafasida Ukraina sharqidagi «xalq respublikalari»ni qo‘llab-quvvatlash mavzusi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator Telegram kanallarida paydo bo‘la boshlagan. Aynan o‘sha yerda, deya taxmin qiladi Mangushev, «davlat propagandasi bilan shug‘ullanuvchi kishilardan biri uni ko‘rib qolgan va o‘zlashtirishga qaror qilgan».

Lekin u o‘zi va sheriklari uchun «mualliflik huquqi»ni talab qilish niyatida emas:

Biz muhim va foydali ish qildik. Bu odamlarga yetib borganidan xursandmiz. Bir qator sabablarga ko‘ra, buni haqiqatan ham ommaga tadbiq qila olish uchun zaruriy davlat resurslari yo‘q. Biz, RT’dan farqli ravishda, millionlab futbolkalarni ishlab chiqarib, sota olmaymiz.

Biroq Igor Mangushev «Z»ni «maxsus operatsiya»ning rasmiy ramzi sifatida targ‘ib qilish usullariga tanqidiy munosabat bildiradi:

«Z» tushirilgan formalardagi talabalar musht qilib tugilgan qo‘llarini basma-bas tepaga ko‘tarayotgan aksiyaning totalitar estetikasi qoniqarli. Lekin g‘oyani amalga oshirish mening o‘zimga ishonib topshirilganida, «Z» ramzini hamma o‘z ixtiyori bilan avatarka va futbolkalarga tushirib olishiga erishgan bo‘lardim. Ushbu tajribani ommalashtirish uchun bunga chin yurakdan yondashish kerak. Lekin bizning davlat, afsuski, hech nimaga chin yurakdan yondasholmaydi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Maxsus operatsiya» ramziga aylangan «Z» haqida nimalar ma’lum?