1 922
Ukrainadagi vaziyat: Donbass katta urushga tayyorlanmoqda, Kiyevga milliardlab yevrolik yordamlar kelmoqda
Foto: Reuters
Donetsk va Lugansk oblastlari rahbariyati hududda Rossiya armiyasi bilan shiddatli janglar ketayotgani tufayli mahalliy aholini imkon qadar tezroq evakuatsiya bo‘lishga chaqirmoqda. Prezident Volodimir Zelenskiy mamlakatni sharqda hal qiluvchi katta urush kutayotganini ma’lum qildi. G‘arb mamlakatlari Ukrainaga 10 mlrd yevrolik gumanitar yordamlar va’da qilishgan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Kiyevga tashrifida London Ukraina armiyasi uchun 120 ta zirhli texnikalar va kemalarga qarshi raketalar yetkazib berishini ma’lum qildi.
Donetsk va Lugansk oblastlari rahbarlari yana bir bor Donbassning Ukraina nazoratidagi hududlari aholisini imkon qadar tez fursatda xavfsiz joylarga ketishga chaqirdi.
Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday Ukraina televideniyesi efirida asosiy janglar Popasnaya va Rubejnoye atrofida ketayotgani, Rossiya harbiylari ushbu hududlarda «mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga harakat qilayotgani» va bu yo‘nalishga Rossiya tomondan «doimiy ravishda texnikalar olib kelinayotgani»ni ma’lum qilgan.
Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, bu aholi punktlari doimiy ravishda o‘qqa tutilmoqda va mahalliy politsiya yerto‘lalar va bombapanagohlarga tushib, odamlarni nisbatan xavfsiz hududlarga jo‘nab ketishga undamoqda.
Lisichanska meri Aleksandr Zaika telegram-kanalida aholiga murojaat qilib, shaharda qolish xavfli ekanini aytdi. Urushga qadar Lugansk oblastidagi ushbu aholi punktida 100 mingga yaqin kishi yashagan.
«Otishmalar tinmayapti, o‘q uzishda davom etishmoqda. Bizning yigitlar ham ishlashmoqda va ma’lum natijalar bor. Ammo shahardagi umumiy vaziyat o‘ta murakkab. Shuning uchun men sizlardan evakuatsiya bo‘lishingizni so‘rayman. Chunki shaharda bo‘lish xavfli bo‘lib bormoqda. Hamma yoqda dushman snaryadlari uchmoqda. Bu yerda qolish juda, juda va juda qiyin va qo‘rqinchli. Gumanitar yordam bor, ammo bu dushman snaryadlari uchib kelayotganida sizni qutqara olmaydi», degan Zaika.
Britaniya razvedkasiga ko‘ra Ukrainadagi harbiy harakatlar xaritasi
Donetsk oblastidagi vaziyat ham murakkabligicha qolmoqda. Kramatorsk vokzaliga raketa zarbasi berilgach (bu yerda 52 kishi halok bo‘lgan), temiryo‘l orqali evakuatsiya Slavyansk shahridan amalga oshirilmoqda.
«Sharqda hal qiluvchi jang»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevga tashrif bilan kelgan Avstriya kansleri Karl Negammer bilan muzokaralardan keyin o‘tkazilgan brifingda Ukraina qurolli kuchlari mamlakat sharqi va janubida muhim jangga tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
«Afsuski, biz mamlakatimiz sharqida muhim, ayrimlar ta’biri bilan aytganda hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu haqda gapirish men uchun qiyin va men prognozlar bildirish uchun mas’uliyatni zimmamga olmayman. Men faqat davlatimizning himoyasi uchun mas’uliyatni zimmamga olishim mumkin», degan prezident.
So‘nggi 10 kun mobaynida Rossiya harbiylari Ukraina shimolidagi Kiyev, Chernigov va Sumi oblastlarini tark etishdi. Moskva tomoni bu muzokaralar chog‘ida «o‘zaro ishonch darajasini oshirish belgisi» bo‘lganini aytgan, ammo G‘arbdagi ekspertlar va Ukraina hukumati Rossiya armiyasi Kiyev atrofidagi janglarda jiddiy harbiy mag‘lubiyatlarga uchragani va endi barcha e’tiborni Donbassga qaratishga majbur bo‘lganini aytishgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, endilikda urushning asosiy voqealari Xarkov atrofida, sharqdagi oblastlar va Ukraina janubida, xususan, Zaporoje va Xerson oblastlarida (bu ikki region Qrim bilan chegaradosh va hozirda bu hududlarning bir qismi Rossiya qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol etilgan) bo‘lib o‘tadi.
Zelenskiy ko‘p narsa Mariupol taqdiriga bog‘liq ekanini qayd etgan - ushbu port shahar rossiyalik harbiylar tomonidan to‘liq qurshovga olingan, ruslar shaharning bir qismini nazorat qilmoqda, ammo shahardagi ukrain harbiylari qattiq qarshilik ko‘rsatmoqda.
«Jarayon qanday davom etishi ko‘p narsaga bog‘liq. Mariupol dosh berib turibdi, Mariupol bundan keyin ham turib bera oladimi. U yerda eng kuchli harbiy qismlarimizdan biri joylashgan. Ular uchun va davlatimiz uchun - bu katta sinov. Bugungi kunda ularni rossiyalik 10 ming harbiylar o‘rab turibdi. Agar biz Mariupolni saqlab qola olsak, bu 10 ming harbiy ham o‘sha yerda qoladi va sharqqa bormaydi», degan Ukraina prezidenti.
Boris Jonsonning Kiyevga safari
Shanba kuni Kiyevga Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan keldi. Jonson Ukraina prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazdi va Kiyevga qo‘shimcha yordam sifatida 120 ta zirhli texnika va kemalarga qarshi yangi raketa tizimlari yetkazib berilishini ma’lum qildi.
Juma kuni Jonson Kramatorskdagi vokzalga qilingan hujumga javoban London Ukrainaga 100 mln funt miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam jo‘natishini e’lon qilgandi. Yetkazib beriladigan qurollar qatorida tankka qarshi va havo hujumiga qarshi raketa tizimlari, shuningdek kamikadze dronlar ham o‘rin olgan.
Zelenskiy bilan uchrashuvda britanlar bosh vaziri Ukraina barcha prognozlarga ters o‘laroq, Rossiya qo‘shinlarini Kiyevdan chekintirgani va XXI asrning eng buyuk harbiy jasoratini namoyish etganini ta’kidlagan. Kunning ikkinchi yarmida Jonson va Zelenskiy Kiyevni aylandi.
Ukrainaga 10 mlrd yevrolik gumanitar yordam va’da qilindi
Polshada «Stand Up For Ukraine» xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari Ukrainaga 10,1 mlrd yevrolik gumanitar yordam jo‘natishni va’da qilishdi.
Anjumanda ishtirok etgan donorlar orasida turli davlatlar hukumatlari, kompaniyalar va banklar bor; uning tashkilotchisi Yevrokomissiya, Kanada va Global Citizen xalqaro insonparvarlik tashkiloti.
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Yevropa ittifoqi rahbariyati Ukraina va ushbu mamlakatdan qochqinlarni qabul qilayotgan mamlakatlar uchun 1 mlrd yevro ajratilishini ma’lum qildi. Bu summadan 600 mln yevro Ukrainaning o‘zida qochqinlarga yordam ko‘rsatishga, yana 400 mln yevro - ularni qabul qilayotgan davlatlarga yo‘naltiriladi.
Eng ko‘p ukrainaliklarni Polsha qabul qilgan - 2,6 mln kishi yoki jami qochqinlarning 60 foizi.
Juma kuni fon der Lyayen, shuningdek YEIning xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy komissari Jozep Borrel va Slovakiya bosh vaziri Eduard Geger Kiyevga kelib, poytaxt yaqinidagi Bucha shahriga kelgan va Rossiya harbiylari ishg‘oli vaqtida halok bo‘lgan tinch aholi vakillarini xotirlashgandi.
Mirgorodga zarba
Rossiya harbiylari Ukraina markazidagi Poltava oblastida joylashgan Mirgorod shahridagi infratuzilma ob’ektlariga zarba yo‘lladi. «Jiddiy vayrongarchiliklar. Afsuski, ikki kishi jabrlangan. Ular yordam olishmoqda», deya yozgan telegram-kanalida Poltava oblasti ma’muriyati rahbari Dmitriy Lunin.
Rossiya mudofaa vazirligi shanba kungi brifingda Mirgoroddagi aerodromga zarba berilganini xabar qilgan. Vazirlik rasmiysi Igor Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida «Ukraina havo kuchlarining MiG-29 qiruvchisi va Mi-8 vertolyoti, shuningdek aviatsiya vositalari ombori yo‘q qilingani» aytilgan. Bundan tashqari, Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, tunda «Ukraina qurolli kuchlarining Dnepropetrovsk oblastidagi Novomoskovsk aholi punkti hududidagi o‘q-dori omborxonasi» yo‘q qilingan.
Vakarchuk rossiyaliklarga, nemis kansleri - Putinga murojaat qildi
Ukrainadagi taniqli guruhlardan biri «Okean Elza» yetakchisi Svyatoslav Vakarchuk rossiyaliklarga rus tilida videomurojaat qilib, jim turganlarni qoraladi va namoyishga chiqqanlarga minnatdorchilik bildirdi.
Rok-musiqachisi, ayni vaqtda esa hududiy mudofaa qismi jangchisi bo‘lgan Vakarchuk so‘nggi vaqtlarda unga muxolifatchi nashrlar jurnalistlari murojaat qilib, bo‘layotgan hodisalar bo‘yicha munosabat so‘rashayotganini aytgan.
«Bular sizsiz, Rossiya xalqi, bugun bizning uylarimizni vayron qilib, qariyalarimiz, bolalarimiz va ayollarimizni o‘ldirib, zo‘rlab, talonchilik qilayotgan to‘ng‘izlarni siz yetishtirgansiz», degan Vakarchuk videomurojaatida.
«Bizga telefon orqali yoki feysbukda hamdardlik bildirish kerak emas, bizga harakatlar kerak (...) Kimki jasurlik bilan namoyishlarga chiqqan yoki ochiqchasiga Rossiya armiyasi vahshiyliklari haqida o‘z pozitsiyasini bildirgan bo‘lsa, alohida minnatdorchiligimni izhor qilaman», - degan u.
Shanba kuni Germaniya kansleri Olaf Shols ham shu qadar hissiyot bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qildi.
«Sen o‘z mamlakating kelajagi vayronkorisan», degan Germaniya hukumati rahbari rossiyaliklar prezidentiga Sotsial-demokratik partiyaning Lyubekdagi saylovoldi mitingida «sen» deya murojaat qilib.
Kansler shuningdek, Buchadagi harbiy jinoyatlarda aybdor bo‘lganlar javobgarlikka tortilishi lozimligini qayd etgan. «Buni unutib bo‘lmaydi» Shols va Berlin bundan keyin ham Ukrainani mudofaa qurollari bilan ta’minlashda davom etishini qo‘shimcha qilgan.
U Putin «XIX, XVIII, XVII va boshqa asrlarga xos» bo‘lgan imperiyacha fikrlashi bilan ajralib turishini aytgan. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda