14:52 / 15.04.2022
1 818

Cho‘qintirgan ota — Putinning «qadrdoni» Medvedchuk kim o‘zi?

Cho‘qintirgan ota — Putinning «qadrdoni» Medvedchuk kim o‘zi?
12 aprel kuni SBU (Ukraina xavfsizlik xizmati) sobiq deputat va biznesmen, «Muxolifat platformasi — Hayot uchun» partiyasi rahbari Viktor Medvedchukning 48 kunlik qochqinlikdan so‘ng Rossiya bilan chegarada qo‘lga olinganini e’lon qildi. Siyosatchi davlatga xiyonat va terrorchilik faoliyatiga yordam berganlikda ayblanib 2021 yili uy qamog‘iga olingan va shu yilning fevralida, Rossiya qo‘shinlari Ukrainga bostirib kirganidan keyin uch kun o‘tib qochib ketgandi. «Putinning qadrdoni» deb ataluvchi ushbu ukrainalik advokat va biznesmen haqida nimalar ma’lum? «Daryo» kolumnisti Muhammadqodir Sobirov shu haqida batafsil ma’lumot beradi.

Surgun qilingan otaning advokat o‘g‘li
Viktor Medvedchuk 1954 yili sobiq SSSRning Krasnoyarsk o‘lkasida tug‘ilgan. Uning oilasi bu yerga «Ukraina millatchilik harakatlarida ishtirok etgani uchun» surgun qilingan edi. Oila Medvedchuk tavalludidan olti yil o‘tib, Ukraina SSRga qaytib keladi. Viktor maktabni shu yerda o‘qiydi va Kiyev universitetining huquq fakultetini tamomlaydi. Oliygohda u ko‘ngilli xalq otryadining komsomoliga aylanadi. O‘qishni tugatganidan so‘ng advokatlik sohasida ish boshlaydi.

Foto: «infosmi.net»
Ukraina millatparvarlari «qoralovchisi»
Kiyev guberniyasining Shevchenko tumanidagi yuridik maslahat idorasida ish boshlagan Medvedchukka ukrainalik taniqli dissidentlar (hukmron kommunistik mafkuraga qarshi bo‘lgan ziyolilar) Yuriy Litvin va Vasiliy Stusga advokatlik qilish topshiriladi. Ular Sovet ittifoqiga qarshi tashviqot o‘tkazishda ayblangan edi.

Medvedchuk ushbu ikki ukrain millatparvarini himoya qilish o‘rniga sudda «Vasiliy Stusning barcha jinoyatlari jazoga loyiq»ligini aytadi. Natijada har ikki dissident konslagerga surgun qilinadi va o‘sha yerda vafot etadi. Surgun qilinishidan oldin ukrainalik yozuvchi Yevgeniy Sverstyuk bilan uchrashgan Stus Medvedchuk haqida u bilan uchrashgandayoq uning tajovuzkor qizil komsomol ekanini va ishiga umuman qiziqmasligini aytgan.

2001 yili ushbu sobiq sovet komsomoli o‘zining SSSR davrida aziyat chekkani haqida gapiradi va Stus ishida uning imkoni cheklanganini aytadi. Biroq 2019 yili KGB arxiv hujjatlari asosida «Vasiliy Stus ishi» kitobini bosib chiqqanda, sovet tuzumi «jabrdiydasi» bo‘lmish Medvedchuk suddan kitobni tarqatishni taqiqlashni so‘raydi. Sabab sifatida kitobda uning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi iboralar borligini ko‘rsatadi. Biroq bir necha oy davom etgan sud jarayonlaridan so‘ng kitob muallifi Medvedchukni mag‘lub etadi va kitobni tarqatishni taqiqlash bekor qilinadi.

Vasiliy Stus va Viktor Medvedchuk
Foto: 5 kanal

Kitob asosida olingan filmda Medvedchuk rolini o‘ynagan aktyor yuzasidan ham siyosatchi-biznesmen advokatlari sudga murojaat qiladi. Biroq bu safar ham sud ular foydasiga qaror chiqarmaydi. Medvechuk Ukraina tarixchi va ziyolilari tomonidan Stusning o‘limida aybdor bo‘lgan «qizil komsomol» sifatida ko‘rib kelinadi.

Siyosiy karera va Putin bilan do‘stlik
Viktor Medvedchuk o‘z siyosiy karerasini SSSR tarqalib ketgach, Ukrainaning Inson huquqlari partiyasiga a’zo bo‘lishdan boshlaydi. Bir yildan so‘ng Sotsial-demokratlar partiyasiga o‘tgan Medvedchuk ushbu partiya vakili sifatida 1997 yili Ukraina Oliy Radasi deputatligiga saylanadi. Leonid Kuchma bilan hamkorlik boshlab, uning saylov shtabini boshqaradi. Kuchma prezidentlikka saylangach, 2002 yili prezident administratsiyasi rahbariga aylanadi.

Medvedchukning o‘zi ma’lum qilishicha, u va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi do‘stlik ayni shu yillarda boshlangan. Keyinchalik bu «do‘stlik» shu qadar qalinlashadiki, 2004 yili Rossiya prezidenti Medvedchukning kenja qizi, Daryaning cho‘qintirgan otasi bo‘ladi. Daryaning cho‘qintirgan onasi esa yana bir qudratli rus siyosiy arbobi Dmitriy Medvedovning rafiqasi edi. Ukrainalik siyosatchi o‘shanda «Men va mening oilam Vladimir Vladimirovichning iltimosimizni rad etmay qizimning cho‘qintirgan otasi bo‘lganidan xursandmiz va bundan faxrlanamiz» deya o‘z minnatdorligini izhor etgandi.

Viktor Medvedchuk, Vladimir Putin va Dmitriy Medvedov
Foto: RIA Novosti

Bu paytda u Ukrainada qudratli shaxsga aylangan edi. Medvedchukning ulkan biznes imperiyasi uning mamlakatdagi ta’sirini oshiradi. 2008 yili Ukrainaning Fokus jurnali Medvedchukning boyligini 460 million AQSH dollaridan ko‘proqqa baholaydi. 2000 yillarda u Ukrainaning «kul rang kardinali(o‘zi panada turib voqealarni boshqaruvchi shaxs)» deya ataladi.

2005 yili Ukraina Ichki ishlar vaziri Yuriy Lutsenko Medvedchukni 2004 yilgi prezident saylovlarini Viktor Yanukovich foydasiga soxtalashtirishda ayblaydi. Bu saylovda Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan Viktor Yanukovich dastlab g‘alaba qozongan, biroq saylov natijasidan norozi bo‘lgan ukrainaliklar «Zarg‘aldoq inqilob» uyushtirib, yangi saylovlar o‘tkazishni talab qilgandi.

Qayta o‘tkazilgan saylovlarda esa Yanukovich Viktor Yushchenkoga imkoniyatni boy bergan edi. Medvedchuk ayblovni rad etadi va keyingi yil Oliy Rada saylovlarida qatnashadi. Ammo u boshchilik qilgan «Ne tak!» (Bunday emas!) bloki bor-yo‘g‘i bir foiz ovoz to‘playdi va Medvedchuk parlamentga kira olmaydi.

Medvedchuk va Putin do‘stligi esa davom etaveradi. 2009 yili «Glavred» jurnalining yubiley soni uchun Putin Medvedchuk haqida esse yozadi va unda do‘stini o‘ta malakali hamda ishonchli shaxs deya ta’kidlaydi. Tabiiyki, Rossiya yetakchisining bunday maqtovlari bejizga emasdi. Medvedchuk Ukrainaning Yevropa ittifoqiga kirishiga qarshi, aksincha, mamlakatning Rossiya soyasidagi Bojxona ittifoqiga qo‘shilishi tarafdori edi. Uning «Ukraina tanlovi» harakati va «Hayot uchun» partiyasi Ukrainada Rossiya manfaatlari uchun xizmat qiladi.

Medvedchuk bir necha bor Putinning Moskva va Sochidagi uyiga tashrif buyurgan va o‘z navbatida Putin ham Medvedchukning Qrimdagi villasida mehmon bo‘lgan. Ular birgalikda Formula 1 hamda sambo musobaqalarini tomosha qilgan.

Vladimir Putin, Viktor Medvedchuk va Aleksandr Lukashenko. 2019 yil
Foto: Kremlin

2014 yilgi Maydon inqilobi paytida amaldagi prezident Viktor Yanukovich Viktor Medvedchukka 54 marta qo‘ng‘iroq qiladi. Ushbu so‘zlashuvlarning so‘nggisi Medvedchuk Kiyevdan Karpatdagi villasiga, u yerdan Rossiya qo‘shini egallab olgan Qrimga borganda bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng Yanukovich prezidentlikni tashlab, Rossiyaga qochib ketadi. Ushbu voqealardan Medvedchukning Rossiya bilan qanday aloqalarga ega bo‘lganini sezish qiyin emas.

Qrimdan Shveysariyaga uchgan Medvedchuk «Ukraina tinchligi, xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdid solgan»i uchun AQSHning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritiladi.

2014 yildan boshlab u Rossiya va Ukrainaning DXR va LXR bo‘yicha muzokaralarida asosiy vositachi bo‘ladi. Rossiya va Ukraina o‘rtasida havo qatnovi taqiqlanganiga qaramay, Medvedchuk bir necha bor Kiyevdan Moskvaga uchadi. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Medvedchukning muzokaralardagi o‘rni haqida gapirar ekan: «U bu yerda (muzokara jarayonlarida) Putinning vakili, u ehtimol, axborot almashishning yagona kanali bo‘lishi mumkin», deya fikr bildiradi.

Sanksiyalar va tanqidlarga qaramay, 2018 yili Medvedchuk siyosatga qaytadi. Shu yili muxolifatdagi «Muxolifat platformasi — Hayot uchun» partiyasini tashkil qilgan Medvedchuk Oliy Rada deputatligiga saylanadi. Biroq tez orada biznesmenning xotini Oksana Marchenko rahbarligidagi kompaniya Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugidagi neft konlaridan birini o‘zlashtirish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqani va bu kompaniya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun atayin Medvedchuk nomiga ochilmagani ma’lum bo‘ladi. Natijada siyosatchi-oligarx atrofida yana muammolar paydo bo‘ladi.

2019 yilgi prezident saylovlarida Medvedchuk amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoni ham, uning asosiy raqibi Volodimir Zelenskiyni ham emas, balki saylov tashviqotida Rossiya bilan munosabatlarni iliqlashtirishni va’da qilgan Yuriy Boykoni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular birgalikda Moskvaga tashrif buyuradi.

Foto: BBC
2021 fevral oyida prezident Zelenskiy Medvedchuk va uning rafiqasiga tegishli kompaniyalarga qarshi sanksiyalarni tasdiqlaydi. Keyinroq sanksiyalar sababi Medvedchukka tegishli kompaniyaning LNRdan Rossiyaga ko‘mir yetkazib berish ekanligi ma’lum qilinadi. O‘sha yilning mayida Medvedchukka nisbatan davlatga xiyonat aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va uy qamog‘iga olinadi. Unga tegishli bo‘lgan barcha aktivlar muzlatiladi. Moskva Ukrainaning Medvedchukka nisbatan ayblovlarini qoralaydi va Kiyevni «siyosiy maydonni tozalash»da ayblaydi.

2022 yil 27 fevral kuni Rossiya qo‘shini Ukrainaga bostirib kirganidan uch kun o‘tib, Ukraina Bosh prokuraturasi Medvedchukning uy qamog‘idan qochib ketganini ma’lum qildi. 18 mart kuni Medvedchuk sirtdan hibsga olindi va xalqaro qidiruvga berildi. 11 aprelda siyosatchi-biznesmenning 180 million AQSH dollari narxdagi «Royal Romance» yaxtasi Xorvatiya tomonidan xatlov qilindi. Ertasi kuni esa uning o‘zi Kiyev viloyatida, ayirmachi Dnestrbo‘yi respublikasiga qochayotgan payt qo‘lga olindi.

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarining aytishicha, Medvedchukni u yerda Rossiya federal xavfsizlik agentlari Moskvaga olib ketish uchun kutib turgan, biroq reja Ukraina xavfsizlik xizmatlari tomonidan barbod qilingan.

Prezident Zelenskiy Medvedchukni ukrainalik asirlarga almashishni taklif qildi. Biroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Medvedchuk Rossiya fuqarosi emasligi, Kreml uni asirlarga almashtirilmasligini ma’lum qildi. Medvedchuk haqida gapirgan Peskov uning tinchlikparvar inson ekani hamda Rossiya va Donbass tinchlik muzokaralaridagi ishtiroki uchun undan minnatdor ekanini ham aytib o‘tdi.

14 aprel kuni Ukraina tergov byurosi Medvedchuk oilasining o‘ttizta yer uchastkasi, 23 uy-hovli, 32 kvartira, 26 avtomobil, 25 kompaniyaning ustav kapitalidagi askiyalarini, jami 154 mulkini hibsga oldi.

Biznes imperiya
Medvedchuk biznesdagi yo‘lini 1990 yillarsh boshlagan. Ukraina ommaviy axborot vositalari uni Ukrainaning sobiq prezidentlari Leonid Kuchma va Leonid Kravchukka aloqador mamlakatning eng yirik ishbilarmonlari norasmiy uyushmasi — «Kiyev yettiligi» a’zolaridan biri deb ataydi. Medvedchuk xalqaro yuridik firma «Bi. Ay. EM», Ukraina kredit banki, «Slavutich» sanoat-moliya konsernining asoschisi hisoblanadi.

Viktor Medvedchukning Qrimdagi villasi
Foto: 5 ua

Medvedchuk oilasi 2021 yili Forbesning Ukraindagi eng boy odamlar ro‘yxatida 620 million AQSH dollariga teng boyligi bilan 12-o‘rinni egallagan. Medvedchukning 2020 yilgi deputatlik deklaratsiyasiga ko‘ra oilasining mol-mulki 14 million yevroni tashkil etadi. Ushbu pullarning katta qismi Belarusning «Absolyutbank»ida, biznesmenning xotini Oksana Marchenko hisob raqamida saqlanadi.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Marchenko Rossiya, Bolgariya, Beliz, Ukraina, shuningdek, ofshor hududlar hisoblanuvchi Kipr va Britaniya Virjiniyasi orollarida ro‘yxatdan o‘tgan yuzga yaqin kompaniyaga egalik qiladi. Ofshor davlatlardagi kompaniyalar orqali Medvedchukning rafiqasi Ukrainaning bir nechta mintaqaviy elektr ta’minoti monopoliyalari, «Dneprospesstal» kompaniyasi, Yevropadagi eng yirik ferroqotishma ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lmish Zaporoje ferroqotishma zavodida (41%) aksiyalarga ega. Shu bilan birga Oksana Marchenkoning ofshor kompaniyalari Ukrainaning eng ommabop 1+1 va 2+2, TЕT telekanallarida monoritar (aksiyalar paketining kattaligi kompaniyani boshqarishda bevosita ishtirok etishga imkon bermaydigan) aksiyalarga egalik qiladi.

Bunga qo‘shimcha, ukrainalik siyosatchining ayoli yana bir qator kompaniyalar orqali yirik zavodlarda katta ulushlarga ega. Medvedchuk o‘z boyligining katta qismini aynan rafiqasi nomidan boshqaradi.

Muallif: Muhammadqodir Sobirov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Cho‘qintirgan ota — Putinning «qadrdoni» Medvedchuk kim o‘zi?