13:47 / 30.06.2022
1 979

Konditsionerni qanday qilib to‘g‘ri ishlatish kerak?

Konditsionerni qanday qilib to‘g‘ri ishlatish kerak?
Foto: ecoline-air.ru
Yozda konditsionersiz yashay olmaymiz. Bu elektronika do‘konlarida eng ko‘p sotiladigan mavsumiy mahsulotdir. U jaziramadan saqlanish imkonini beradi, ammo xavf tug‘dirishi ham mumkin. Ha, agar foydali va yoqimli konditsioner to‘g‘ri ishlatilmasa, muammolar manbai bo‘ladi.

Konditsionerning ijobiy va salbiy tomonlari

Boshqa har qanday texnologiya singari, konditsioner ham o‘zining afzalliklari va kamchiliklariga ega. Sotib olishdan oldin, uni diqqat bilan o‘rganib, barcha ijobiy va salbiy tomonlarini tarozida tortish kerak.

Konditsionerning ijobiy tomonlari
1. Xonada yoqimli haroratni yuzaga keltiradi;
2. Xonani isitadi;
3. Xavfsiz;
4. Qo‘shimchasiga havoni namlaydi, filtrlaydi.

Konditsionerning salbiy tomonlari
1. Shamollash xavfini yuzaga keltiradi;
2. Noxush hidlarni yo‘qotmaydi;
3. Xonani shamollatmaydi.

Konditsioner haqiqatan ham xonani ventilyatsiya qilish funksiyasiga ega emas, lekin uni shamollab qolishda ayblamang. Tomoq og‘rig‘i va burun oqishi ayyor mashinaning hiylasi emas, balki harorat rejimiga rioya qilmaslik oqibatidir. Quyida buni qanday qilib oldini olish mumkinligi haqida tavsiyalar beramiz.

1. Konditsioner xonani ventilyatsiya qilmaydi

Konditsioner ko‘p ishlatiladigan binolarda karbonat angidrid miqdori keskin oshib ketadi. Chunki, yopiq deraza va eshiklar sharoitida konditsioner xonani shamollatmaydi.

Mijozlar konditsioner ko‘chadagi toza havoni sovutib, ichkariga kiritadi va aksincha, xonadagi eskirgan havoni tashqariga chiqarib yuboradi deb o‘ylashadi. Ammo unday emas.

Konditsioner xonadagi havoni aylantiradi. Uning samarali sovutishi uchun deraza va eshiklarni yopamiz. Xonada nafas olayotganimizda kislorodni yutib, karbonat angidridni chiqaramiz. Agar xona ventilyatsiya qilinmasa, zararli gaz to‘planib qoladi.

Agar xonada uzoq vaqt qolsangiz, karbonat angidridning ortiqcha miqdoridan yengil bosh og‘rig‘i, umumiy holsizlik, tez charchab qolish va diqqatning pasayishi, kechasi esa uyqu buzilishi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Xonani ventilyatsiya qiling. Konditsionerni biroz o‘chirib qo‘ying va derazalarni oching.

Ba’zi zamonaviy konditsionerlarda xonani shamollatish funksiyasi bor, ammo bu yetarli emas. Xonani baribir ventilyatsiya qilishga to‘g‘ri keladi.

2. Konditsionerni +18° dan past haroratga o‘rnatish shart emas

Konditsionerdan foydalanishda yuzaga keladigan keng tarqalgan muammo - bu gipotermiya va u bilan bog‘liq noxushliklar, masalan, shamollash. Shubhasiz, «konditsioner tagida o‘tirib, bo‘ynimni shamollatibman» so‘zlari sizga tanish.

Pinterest.com
Kvartiralarda o‘rnatiladigan konditsionerlar +18° va +20° oralig‘ida qulay haroratni o‘rnatadi va saqlaydi. Bundan ham past haroratni o‘rnatish nafaqat shamollashga olib keladi, balki ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan konditsionerni erta ishdan chiqaradi.

Nima qilish kerak? Shamollashdan saqlanish uchun sovuq havo oqimini jalyuzi bilan yon tomonga yo‘naltiring. Sovuq havo oqimi ostida uzoq vaqt qolib ketmang.

Konditsionerga ortiqcha yuklama bo‘lmasligi uchun, kerakli quvvatni oldindan hisoblang. Bu xonaning maydoniga qarab belgilanadi. O‘rnatuvchi ustalar buni hisoblashda yordam berishi mumkin.

3. Kasal bo‘lmaslik uchun harorat rejimiga rioya qiling

Ba’zida avvalgi qoida ishlamaydi va odam baribir kasal bo‘lib qoladi. Shuning uchun yana bir maslahat: haroratni o‘rnatishda tashqaridagi ob-havoni hisobga olishni unutmang. Xona harorati tashqi havo haroratidan 5-7˚C past bo‘lishi kerak, ko‘p emas.

Masalan, tashqaridagi harorat +30˚C bo‘lsa, tavakkalga qo‘l urmasdan, xonani +25˚C ga sovutish kerak. Agar bundan ham past darajada sovutsangiz, avvaliga sizga salqin va qulay bo‘ladi, lekin albatta organizmga zarar yetkazasiz. Hatto shamollab qolishingiz va bunda konditsionerni ayblashingiz mumkin.

Kechasi harorat rejimini 1-2˚C ga oshirish kerak, chunki uyqu paytida inson tanasi issiqlikni tejaydi va uni atrof-muhitga kamroq tarqatadi.

Konditsionerlarning ba’zi zamonaviy modellarida «uyqu rejimi» bor. Uning yordamida belgilangan harorat ma’lum bir vaqtda avtomatik ravishda ko‘tariladi. Agar bunday rejim bo‘lmasa, uni qo‘lda qilish oson.

4. Konditsionerni muntazam tozalash kerak

Yana bir muammo shundaki, foydalanuvchilar konditsioner filtrlarini muntazam tozalashni unutishadi va ichki blok qopqog‘i ostida chang to‘planadi. Changning to‘planishi barcha turdagi bakteriyalar uchun qulay muhitdir. U juda ko‘p allergenlarni, allergiya rivojlanishiga hissa qo‘shadigan moddalarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, juda iflos filtr konditsionerning ortiqcha yuklama ostida ishlashiga olib keladi. Bu esa xizmat muddatini qisqartiradi.

Pinterest.com
Nima qilish kerak? Konditsioner filtrlarini iloji boricha tez-tez tozalash kerak. Uydagi konditsionerni tozalash qiyin emas. Zamonaviy konditsionerlarda ikki turdagi filtrlar o‘rnatiladi: havo elektrostatik va uglerod. Havo filtri chang va g‘uborlardan himoya qiluvchi nozik metall to‘rdir. Ushbu filtr almashtirishni talab qilmaydi - uni oyiga bir marta olib, iliq suvda yuvish yoki changyutgich bilan tozalash kifoya.

Ikkinchi uglerod filtri tamaki tutunini, hidlarni yo‘q qiladi va mayda chang zarralarini ushlab qoladi. Uni almashtirish vaqti kelganini konditsionerning old panelidagi indikator orqali bilish mumkin. Agar bunday indikator bo‘lmasa, shahar markazida yashasangiz, 3-4 oylik muddatga e’tibor qarating.

Tashqi blokning filtrlari changyutgich bilan tozalanadi. Agar ko‘pqavatli binoning yuqori qavatlarida yashasangiz, buni o‘zingiz qilmang, mutaxassis chaqiring.

vsekondicioneri.ru
Konditsionerning ishlash muddatini qanday uzaytirish mumkin?
Konditsionerning ishlash muddatini uzaytirish juda oddiy - yo‘riqnomada ko‘rsatilgan barcha tavsiyalarni diqqat bilan o‘qib chiqish va ularga amal qilish kerak:
  • Xonaning maydoniga to‘g‘ri keladigan konditsionerni tanlang va o‘rnating. Bunda mutaxassis masalahatini oling.
  • Filtrlarni muntazam tozalang yoki almashtiring, ularni tiqilib qolishdan saqlang.
  • Konditsionerni ortiqcha yuklama bilan ishlatmang. Ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilgan harorat oralig‘idan foydalaning.
  • Ochiq eshik va derazalar bilan konditsionerni yoqmang - bu elektr energiyasi va qurilma resurslarini behuda sarflashdir.
  • Yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazing, sovituvchi suyuqlik hajmini tekshirtiring.
  • Konditsionerdan oqilona foydalaning va u sizni uzoq vaqt davomida xursand qiladi.


Nurmuhammad Said tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Konditsionerni qanday qilib to‘g‘ri ishlatish kerak?