Yumshoq, plastik, elektron — har bir o‘yinchoq o‘ziga xos yondashuvga muhtoj. Bolalar sevimli o‘yinchog‘idan kecha-yu kunduz ajrala olmaydi. Ular o‘yinchoqni o‘ynaydi va u bilan birga uxlashadi, og‘ziga soladi, yerga tashlaydi. Oqibatda, yangi o‘yinchoqning tashqi ko‘rinishi tezda eskiradi, shuningdek, chang, bakteriyalar va ba’zan mog‘or bosadi.
Turli mahsulotlarning xavfsizligini sinovdan o‘tkazuvchi Good Housekeeping Institute laboratoriyasi mutaxassislari o‘yinchoqlar toza va xavfsiz bo‘lib qolishi uchun ularni qanday saqlash kerakligini aytib berdi.
O‘yinchoqlarni necha marta tozalash kerak?
Bularning barchasi farzandingiz ular bilan qancha o‘ynashiga bog‘liq. Umumiy qoidalar:
- Kauchuk va qattiq plastik o‘yinchoqlarni tozalash oson. Agar ular har kuni ishlatilsa, haftada bir marta tozalash va dezinfeksiya qilish kerak.
- Bola uxlaganda ham o‘zi bilan olib yotadigan va tez-tez o‘ynaydigan yumshoq o‘yinchoqlar haftada bir marta kir yuvish mashinasida yuvilishi kerak. Qolganlarini har ikki haftada bir marta yuvsa bo‘ladi. Yuvib bo‘lmaydiganlari haqida keyinroq batafsil bilib olasiz.
- Elektron o‘yinchoqlarni haftada bir marta dezinfeksiyali salfetka bilan artib oling.
- Ko‘p og‘izga olinadigan va yerga tashlanadigan kichik o‘yinchoqlar alohida e’tibor talab qiladi. Ularni har kuni yoki kunora yuving.
Unutmang: bola kasal bo‘lganda o‘yinchoqlarni tez-tez tozalash kerak. Sog‘aygandan so‘ng ularni yana dezinfeksiya qiling.
O‘yinchoqlarni sirka bilan dezinfeksiya qilish mumkinmi?
Yo‘q. Sirka uyni tozalash uchun ajoyib vosita va u ba’zi bakteriyalarni o‘ldiradi. Lekin maxsus dezinfeksiyalash vositalari kabi kuchli emas. O‘yinchoqlarni sovun bilan yuvgan yaxshi.
Turli materiallardan yasalgan o‘yinchoqlarni qanday qilib toza saqlash kerak?
Plastik o‘yinchoqlar
Bir qismli plastik o‘yinchoqlar, jumladan, lego o‘yinchoqlari, qurilish bloklari oddiygina sovunli suv bilan yuvilishi mumkin. Buning eng oson yo‘li — idish yuvish mashinasidir. Katta o‘yinchoqlarni idish-tovoq savatiga yuboring va birinchi navbatda kichiklarini to‘rli qopga soling, shunda ular jihoz bo‘ylab tarqalib ketmaydi. Oddiy yuvish va quritish siklini bajaring.
Yuvishdan keyin ular dezinfeksiya qilinishi kerak. Buning uchun uchta usul mavjud:
- maxsus dezinfeksiyali salfetkalar;
- 3 foizli vodorod periks eritmasida namlangan latta;
- xlorli oqartirgichning suvli aralashmasi (1 litr suvga 30 ml oqartiruvchi).
Ushbu dezinfeksiyalash usullarining barchasi bola uchun xavfsiz bo‘lsa-da, o‘yinchoqlarni quritgandan keyin suv bilan yuvgan ma’qul. Bu har qanday tozalash vositasi qoldiqlarini olib tashlaydi.
Eng katta qiyinchilik hammomdagi o‘yinchoqlaridan kelib chiqadi. Eng katta qiyinchilik hammomdagi o‘yinchoqlardan kelib chiqadi. Ularda teshiklar bor va agar suv ichkarida qolsa, mog‘or paydo bo‘lishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularni foydalangandan keyin kuchli silkitib, iloji boricha ko‘proq suvni siqib oling, keyin quriting. Agar hali ham ichidagi mog‘orni sezsangiz, o‘yinchoqni tashlab yuborgan yaxshiroq.
Yumshoq o‘yinchoqlar
Ular, odatda, kir yuvish mashinasida hech qanday muammosiz yuviladi. Ko‘p o‘yinchoqlar yorlig‘ida ko‘rsatmalar mavjud, shuning uchun ishlab chiqaruvchi qaysi haroratni tavsiya qilishini tekshiring. Bunda ham umumiy qoidalar mavjud.
- Tugmalar va boshqa kichik qismlar mahkam o‘rnatilganligiga ishonch hosil qiling. Agar teshiklar bo‘lsa, ularni tikib qo‘ying.
- O‘yinchoqlarni yostiq jildga yoki maxsus kir yuvish qopiga joylashtiring.
- Past harorat, sekin aylanish sozlamalarini tanlang. Odatdagidan kamroq kukun soling.
- Agar mashinangizda quritish rejimi bo‘lsa, o‘yinchoqlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yostiq jildda quriting. Yoki fendan foydalaning: o‘yinchoqni dastlab nam bo‘lguncha salqin havoda, so‘ngra o‘rtacha issiqlikda quriting.
Yumshoq o‘yinchoqlarni batareyalar, metall qismlar yoki tovush chiqaradigan narsalar bilan yuvmang, chunki suv ularga zarar yetkazishi mumkin. Paxmoqlari to‘kiladigan o‘yinchoqlarga ham ehtiyot bo‘ling. Tekshirish uchun matoga biroz suv quying va qog‘oz sochiq bilan artib oling. Agar unda o‘yinchoq paxmoqlari bo‘lsa, o‘yinchoqni qolganlari bilan birga kir yuvish mashinasida yuvmang.
Agar o‘yinchoq, ayniqsa, ehtiyotkorlikni talab qilsa, quyidagilarni bajaring:
- matoni iliq sovunli suvda namlang va buyum yuzasiga suring;
- keyin toza suvda namlangan mato bilan artib oling;
- o‘yinchoqni quriting (yoki jarayonni tezlashtirish uchun fen ishlating);
- zararli bakteriyalar, chang kanalari va boshqa allergenlardan xalos bo‘lish uchun bug‘li tozalagichdan foydalaning, keyin mebel changyutkich yordamida changni yaxshilab tortib oling.
Elektron o‘yinchoqlar
Bunday o‘yinchoqlarni tozalashdan oldin ularni elektr tarmog‘idan uzing yoki batareyalarni chiqarib oling (batareya bo‘linmasini qopqoq bilan yopishni unutmang). Keyin:
- Matoni iliq sovunli suvda namlang va yaxshilab siqib oling. Chang va boshqa kirlarni tozalash uchun o‘yinchoqni artib oling.
- Ayniqsa, tugmalar atrofini ehtiyotkorlik bilan arting, turli qavatlar va boshqa shunga o‘xshash joylar bo‘ylab boring. Suv ichkariga kirmasligi uchun ehtiyot bo‘ling.
- Toza nam mato bilan artib oling.
- Bakteriyalardan qutulish uchun sirtni dezinfeksiyalovchi yoki spirtli salfetka bilan artib oling. Agar bola odatdagidek o‘yinchoqni og‘ziga solib qo‘ysa, uni yana nam mato bilan yaxshilab arting.