Energiya yetarli bo‘lmasa, nima qilish kerak? Doimiy charchoqdan qutulishning 20 ta usuli
Charchoq — bu toliqish va energiya yetishmasligi tuyg‘usi bo‘lib, dam olsangiz ham yo‘qolmaydi. Biror kishi tanadan yoki ongdan (jismoniy yoki psixologik) charchaganini his qilishi mumkin. Lekin har qanday holatda ham unga qarshi kurashsa bo‘ladi.
Ko‘p hollarda charchoq qandaydir odat, turmush tarzi yoki kundalik tartib bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu jismoniy mashqlar, noto‘g‘ri ovqatlanish, hissiy stress yoki uyqu yetishmasligining odatiy reaksiyasidir.
Biroq ba’zi hollarda, energiya yetishmasligi tibbiy davolanishni talab qiladigan muammoning alomatidir. Agar charchoq yetarli uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish yoki past stressli muhit bilan bartaraf etilmasa, u shifokor tomonidan baholanishi kerak. Lisa nashri energiyani mustaqil ravishda qaytarish yo‘llarini taqdim etdi.
Energiyani qay tarzda oshirish va charchoqqa qarshi qanday kurashish kerak?
Charchoqqa nima sabab bo‘lganini bilmasangiz ham undan qutilishning tibbiy bo‘lmagan usullari keng tarqalgan.
Organizmni to‘g‘ri oziqlantiring
- Ko‘p suv iching — ba’zida suvsizlanayotganingiz uchun energiyangiz kamligini his qilasiz. Ayniqsa, mashg‘ulotdan so‘ng ichilgan bir stakan suv yordam beradi.
- Kofein iste’molida ehtiyot bo‘ling — har doim o‘zini charchagan his qiladigan har bir kishi kofeinni iste’mol qilishni kamaytirishi yoki to‘xtatishi kerak. Buning eng yaxshi usuli — uch hafta davomida barcha kofeinli ichimliklarni (jumladan, qahva, choy va kola) asta-sekin kamaytirishdir.
- Nonushta haqida unutmang — oziq-ovqat metabolizmni tezlashtiradi va organizmga energiya beradi. Miya yoqilg‘i sifatida glyukozadan foydalanadi, shuning uchun nonushtaga don yoki butun donli non kabi uglevodlarga boy ovqatlarni tanlang.
- Ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yubormang — juda uzoq vaqt davomida oziq-ovqat yetishmasligi qonda qand darajasining pasayishiga olib keladi va u bilan birga energiyaning ham. Kun davomida energiya darajasini saqlab qolish uchun muntazam ravishda ovqatlanishga harakat qiling.
- Sog‘lom parhezni saqlang — diyetangizda meva, sabzavotlar, kam yog‘li sut mahsulotlari va yog‘siz go‘sht miqdorini oshiring. Yog‘, shakar va tuzga boy ovqatlarni kamaytiring.
- Ortiqcha ovqatlanmang — ko‘p ovqatlar energiyani yo‘qotishi mumkin. Kuniga uchta kuchli taomni iste’mol qilish o‘rniga, oltita kichik qismlarda ovqat yeyishga harakat qiling. Agar shu tarzda ovqatlansangiz, organizmdagi ortiqcha yog‘lardan xalos bo‘lishingiz osonroq bo‘ladi.
- Temirga boy ovqatlar iste’mol qiling — ayollar, ayniqsa, temir tanqisligiga (anemiya) moyil bo‘lib, bu charchoq hissi paydo bo‘lishiga olib keladi. Ratsioningizga yog‘siz go‘sht, grechka va anor kabi temirga boy oziq-ovqatlarni kiriting.
Uyqu jadvalini o‘rnating
To‘g‘ri uxlang — odamlarning uchdan ikki qismi uyqu muammosidan aziyat chekadi va ko‘pchilik kun davomida hushyor turish uchun yetarli darajada uxlamaydi. Har kuni taxminan bir xil uyqu va uyg‘onish jadvaliga rioya qiling, kunduzi uxlashdan saqlaning va yotishdan oldin iliq vanna yoki dush qabul qiling.
Dam olishni o‘rganing — uyqusizlikning umumiy sababi yotoqda yotganda muammolar haqida tashvishlanishdir. Nafas olish mashqlari — o‘zingiz uchun mos keladigan bir yoki ikkita usulni topmaguningizcha turli xil dam olish usullarini sinab ko‘ring.
Uyqu tabletkalarini qabul qilishdan saqlaning — uyqu tabletkalari uzoq muddatli yechim emas, chunki ular uyqusizlik sabablarini bartaraf etmaydi.
Hayot tarzingizni o‘zgartiring
Chekmang — sigaret tutuni ko‘plab zararli moddalarni o‘z ichiga oladi. Chekuvchilarning chekmaydiganlarga qaraganda energiya darajasi pastroq bo‘lishining sabablari ko‘p — masalan, organizm energiya ishlab chiqarish uchun glyukozani kislorod bilan birlashtirishi kerak, ammo sigaret tutunidagi uglerod oksidi qondagi kislorod miqdorini kamaytiradi.
Jismoniy faollikni oshiring — bu energiya darajasini oshiradi, harakatsiz turmush tarzi esa charchoqning ma’lum sababidir. Jismoniy faollik tanaga va ongga juda ko‘p foydali ta’sir ko‘rsatadi. Jismoniy mashqlar ham kechasi yaxshi uxlashga yordam beradi. Televizor tomosha qilish va kompyuterdan foydalanish kabi harakatsiz turmush tarzidan voz keching, uzoq vaqt o‘tirishni to‘xtating va o‘zingizga yoqadigan mashg‘ulotlarni toping.
Psixologik muammolarni hal qiling
Bu haqda so‘zlab bering — maslahat yoki kognitiv xulq-atvor terapiyasi kabi nutq terapiyasi charchoq bilan kurashishga yordam berishi mumkinligi haqida ba’zi dalillar mavjud. Kerak bo‘lsa, psixologga murojaat qiling.
Stressni kamaytiring — bu juda ko‘p energiya talab qiladi. Kuningizga meditatsiya, yoga, musiqa tinglash, kitob o‘qish yoki do‘stlar bilan dam olish kabi tasalli beruvchi mashg‘ulotlarni qo‘shishga harakat qiling. Sizni tinchlantiradigan har qanday narsa energiyangizni yaxshilaydi.
Hayot tarzingizni baholang — masalan, o‘zingizni keraksiz stressga duchor qilyapsizmi? Hayotingizda uzoq muddatli tashvish yoki depressiyaga olib keladigan doimiy muammolar bormi? Bu oilaviy, ishga oid yoki shaxsiy masalalar bo‘yicha professional maslahat olish uchun yordam berishi mumkin.
Hech narsa qilmaslikni o‘rganing — zamonaviy hayotning kamchiliklaridan biri bu buyuk va baland cho‘qqilarga intilish zarurati. Og‘ir turmush tarzi odamni charchatadi. Dam olish uchun haftada bir necha soat vaqt ajratishga harakat qiling. Agar bir necha soat topa olmasangiz, ustuvorliklar va majburiyatlaringizni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi.
Ko‘proq zavqlaning — majburiyatlarga shunchalik berilib ketishingiz mumkinki, xursandchilik uchun o‘zingizga yetarli vaqt bermaysiz. Tez-tez tabassum qiling — agar tabassum qilish uchun sabab topsangiz, bu kuningizni biroz yorqinroq qiladi.
O‘zingizga qulay kiyimlar kiying — garderobingizni ko‘rib chiqing va faqat o‘zingiz uchun chiroyli va qulay bo‘lgan narsalarni qoldiring.
Har bir narsani ozgina bajaring — ortiqcha ishlamang. Agar kerak bo‘lsa, har o‘ttiz daqiqada tanaffus qiling. Ishlashni haddan tashqari oshirib yuborsangiz va o‘zingizni charchatsangiz, tiklanish uchun bir necha kun kerak bo‘lishi mumkin, shuning uchun organizmni hurmat qiling va bir vaqtning o‘zida oz-ozdan bajarishga harakat qiling.
Yodingizda bo‘lsin, ertaga o‘zingizni yaxshi his qilasiz — shunchaki yangi kunni kutish umidi ham kayfiyatingizni ko‘tarsin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring