Yana boshingiz og‘ridimi? Og‘riq qoldiruvchi va antispazmodiklarni ichishdan oldin, keling, oshxonaga borib tamaddi uchun nima borligini ko‘ramiz. Oziq-ovqat nafaqat organizm uchun yoqilg‘i, balki kimyoviy laboratoriya hisoblanadi. Ularning ba’zilari, albatta, bosh og‘rig‘ida bizga yordam beradi.
Lekin, avvalo, qanday bosh og‘rig‘i sizni bezovta qilayotganini aniqlash kerak. Uning sabablari ko‘p va barchasi ham zararsiz emas. Ko‘pincha miya hujayralarida kislorod yetishmasligi, suvsizlanish, miya tomirlari va bosh atrofidagi mushaklarning spazmlari tufayli bosh og‘riydi. Faqat shu holatlarda vaziyatni dorilar bilan emas, balki yanada zararsiz vositalar yordamida tuzatish mumkin.
Magniyga boy oziq-ovqatlar
Magniy qon tomirlarining siqilishi bilan bog‘liq bosh og‘rig‘ini yengillashtirishi isbotlangan. Magniy qon tomirlariga taskin beruvchi ta’sir ko‘rsatadi, bu miyada qon aylanishini yaxshilaydi va natijada miya hujayralarini kislorod bilan to‘yintiradi. Agar “noshpa” (drotaverin) kabi dorilar, odatda, bosh og‘rig‘ingizga yaxshi ta’sir qilsa, magniyga boy narsalarni yeyishga harakat qiling.
Keshyu yong‘oqlari, grechka, kedr yong‘og‘i, bodom, quritilgan o‘rik, banan, avakado, kungaboqar urug‘lari va jigarrang guruch kabi mahsulotlar magniyga boydir.
Kaliyga boy oziq-ovqatlar
Organizm suvsizlansa, birinchi navbatda kaliy yetishmaydi. Bundan tashqari, agar prinsipial jihatdan ozgina suv ichishga odatlangan bo‘lsangiz, unda organizm va miya (shu bilan birga bosh) surunkali suvsizlanishdan aziyat chekayotganini, natijada qon va limfadagi kaliy yetishmasligini tushunmasligingiz mumkin. Kuniga bir yarim litrdan kam suv ichsangiz va tez-tez boshingiz og‘risa, sababni suvdan izlang. Bunda kaliyga boy ovqatlar yordamga keladi.
Shakarli qora choy
Ushbu ichimlik umumiy bosh og‘rig‘i uchun universal vositadir. Qora choyni shakar bilan ichmasangiz ham, bosh og‘rig‘idan xalos bo‘lishga yordam beradi. Gap shundaki, choy barglariga shakar qo‘shilishi undan katexinlar — og‘riq qoldiruvchi va mikroblarga qarshi ta’sirga ega bo‘lgan moddalarning chiqarilishini ta’minlaydi.
Kalsiyga boy oziq-ovqatlar
Bosh og‘rig‘ining manbai faqat bosh suyagi ichidagi jarayonlar emas, balki uni o‘rab turgan mushaklar hamdir. Bular “zo‘riqish og‘rig‘i” deb ataladi. Sizga “butunlay bosh og‘riyotgandek” tuyuladi, lekin aslida mushaklar spazmini boshdan kechirayotgan bo‘lasiz. Bunday og‘riqlar, odatda, organizmda kalsiy yetishmasligi bilan bog‘liq. Ushbu mikroelementning yetishmasligi nerv-mushaklari qo‘zg‘aluvchanligining buzilishiga va natijada mushaklar spazmiga olib keladi.
Tez-tez bosh og‘rishi, ayollarda migren estrogen gormoni darajasining pasayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Albatta, bu endokrinologga borish uchun sababdir. Ammo og‘riqni yengillashtiradigan tezkor vosita sifatida estrogenlarga, muhim yog‘ kislotalariga va E vitaminiga boy oziq-ovqat mos keladi. Avvalo, bular zig‘ir urug‘i, kunjut, soya va undan tayyorlangan mahsulotlar, loviya, losos balig‘i, zaytun moyi. Fito-estrogenlarning eng yaxshi manbalari olma hisoblanadi. Va bu mahsulotlarni yetarli darajada muntazam ravishda iste’mol qilish tavsiya etiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring