Natriy glutamat — E621 oziq-ovqat qo‘shimchasi bo‘lib, ta’mni yaxshilashga xizmat qiladi. Mazkur modda xavfsiz hisoblangani bilan ishlab chiqaruvchilardan mahsulotlarda mavjudligini e’lon qilish talab etiladi. Uning xavfi haqida aniq dalillar yo‘q bo‘lsa ham kuzatish va ma’lumotlarni yig‘ish talab etiladi.
Nima uchun u sog‘liq uchun zararli hisoblanadi?
1960-yillarda bir shifokor Osiyo taomlarini iste’mol qilgandan so‘ng kasal bo‘lib qoladi va buni natriy glutamat tufayli deb o‘ylaydi. Uning holatiga hatto, “Xitoy restorani sindromi” nomi ham berilgan. Glutamatning simptomlar majmuasiga bosh og‘rig‘i, terlash, terining qizarishi, uyquchanlik, og‘iz va tomoqdagi yonish hissi, ko‘ngil aynishi, zaiflik, kamdan kam hollarda — ko‘krak qafasida og‘riq, yurak urishining tezlashishi, yurak ritmining buzilishi, nafas olish qiyinlashuvi, yuz va tomoq shishi kabilar kiradi. Biroq endilikda ma’lum bo‘lishicha, individual intolerans holati shunday namoyon bo‘ladi va bu juda kam uchraydi.
XX asrning o‘rtalarida glutamat oziq-ovqat iste’molining ko‘payishiga va natijada semirishga olib keladi, deb hisoblashgan. Glutamat aslida ishtahani ochadi, shuningdek, to‘yinganlik uchun mas’ul bo‘lgan leptinning sezgirligini kamaytiradi.
Glutamat va to‘yinganlik bo‘yicha hozirgi tadqiqotlar juda qiziqarli va aralash natijalarni ko‘rsatmoqda. Agar biror kishi go‘sht kabi proteinli ovqatlar iste’mol qilsa, unda natriy glutamatning mavjudligi yoki yo‘qligi uning sog‘lig‘iga ta’sir qilmaydi. Aksincha, bu modda bilan to‘qlik hissi yanada barqaror bo‘ladi. Biroq uglevod mahsulotlarida esa bu ta’sir kuzatilmaydi. Boshqa tomondan bu har qanday protein va uglevodli oziq-ovqatning odatiy xususiyatlari: proteinli ovqatlardan so‘ng to‘yinganlik hissi kuchliroq bo‘ladi, shuning uchun glutamat hech qanday rol o‘ynamasligi mumkin.
Ko‘p narsa me’yorga bog‘liq. Glutamat uchun maqbul miqdor (1 grammgacha) allaqachon hisoblab chiqilgan. 3 gramm yoki undan ko‘pi yuqori dozadir, u potensial xavfli yon ta’sirga ega bo‘lib, aynan XX asrning o‘rtalarida me’yordan oshiq foydalanilgan. Hozirgi kunda oziq-ovqatlarga tavsiya etilgan miqdordan oshiq qo‘llanilmaydi, shuning uchun zamonaviy mahsulotlar xavfsizdir. Ya’ni, hozirda oziq-ovqat mahsulotida bir grammdan ko‘p mononatriy glutamat mavjud emas.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring