Do‘kon rastasida turgan yam-yashil bananni xarid qilib, bir oz yetilishi uchun 2-3 kunga qoldirgan vaqtingiz bo‘lgan, to‘g‘rimi? Buning jiddiy xato bo‘lishi mumkinligi haqida esa o‘ylab ko‘rmaganingiz aniq.
“Aslida barchasi ushbu mahsulotdan salomatlik uchun qanday foyda olishni maqsad qilganingizga bog‘liq”, – deydi britaniyalik shifokor Karan Raj. Uning aytishicha, yetilib pishgan va hali to‘liq pishib ulgurmagan banan salomatlikka turlicha ta’sir ko‘rsatadi.
Chidamli kraxmal
Rajning ta’kidlashicha, bananning rangi yashilga qanchalik yaqin bo‘lsa, uning tarkibidagi chidamli kraxmal miqdori shunchalik ko‘p bo‘ladi. Chidamli kraxmal oshqozon osti bezi fermentlari ta’sirida parchalanmaydi, natijada yo‘g‘on ichakka tushadi va bakteriyalar ko‘payishi uchun qulay muhit hosil qiladi.
Oddiyroq qilib aytganda, chidamli kraxmal qondagi glyukoza miqdorini oshirib yubormaydi (u yashil rangli banan iste’mol qilganda ishlab chiqarilmaydi), shuning uchun ham yashil banan o‘z vaznini nazorat qiluvchilar yoki ozish maqsadida bo‘lgan insonlar uchun xavfsiz sanaladi.
Chidamli kraxmalning boshqa foydali tomonlari ham bor: u immun tizimi faoliyatini rag‘batlantiradi, ichaklar ishi yaxshilaydi, moddalar almashinuvini tezlashtirishga yordam beradi. Agar siz ham bananning salomatlik uchun foydali sanalmish ushbu jihatlaridan bahramand bo‘lishni istasangiz, uni iste’mol qilish uchun yetilib pishishini kutmang!
Antioksidant va oqsillar
Doktor Karanning aytishicha, banan yetilib pishganda uning tarkibidagi chidamli kraxmal oddiy uglevodga aylanadi. Ammo ushbu jarayonning o‘ziga xos ijobiy tomoni ham bor: bananning rangi qanchalik to‘q bo‘lsa, uning tarkibidagi antioksidantlar miqdori shunchalik ko‘p bo‘ladi.
“Shuningdek, banan yetilib pishayotgan vaqtda uning tarkibidagi oqsil miqdori oshadi, kletchatka va A vitamini miqdori esa o‘zgarmay qoladi”, – deydi Raj.
Shunday ekan, keyingi safar rangi bir oz qorayib qolgan bananni tashlab yuborishdan avval undan smuzi tayyorlab ichish foydali bo‘lishini o‘ylab ko‘ring. Bunday banan tarkibidagi antioksidantlar organizmni oksidlanishdan hikoya qiladi va qarish jarayonini sekinlashtirishga yordam beradi.
Banan haqidagi qiziqarli faktlar
– Bananlarni odatda yashil holatda uzib olishadi, boisi meva sun’iy sharoitda yetilsagina mazali bo‘ladi.
– Hindistonda kemalarni suvga tushirish uchun banandan foydalanishadi: banan eti kemaning pastki yuzasiga surtiladi. Bitta kemani suvga tushirib olish uchun o‘rtacha hisobda 20 000 dona banan kerak bo‘ladi.
– Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, 2 dona banan iste’mol qilish 1,5 soatlik sport mashg‘ulotidan keyin tanani quvvat bilan ta’minlash uchun yetarli bo‘ladi.
– Banan jig‘ildon qaynashini bartaraf etuvchi ajoyib vositalardan biri: u organizmdagi ortiqcha kislotani neytrallashtiradi, oshqozonning shilliq qavatini qoplab oladi va shu orqali bezovtalikni kamaytiradi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring