20:51 / 27.10.2016
15 662

«Erim va jazmani azob beryapti»

«Erim va jazmani azob beryapti»

─ Tirikchilik tashvishlarida erim bilan birga o‘zimni savdoga urdim. Hayotimiz iziga tusha boshlaganida xo‘jaynim menga xiyonat qila boshlaganini bildim. O‘zidan ancha yosh va betarbiya ayolni nikohlab olibdi. Bu ham etmagandek, ikkovlashib menga ruhiy azob bermoqda. O‘sha ayolga qo‘ng‘iroq qilib oilamni tinch qo‘yishini so‘raganimda, erimga meni gij-gijlab, urishtirib qo‘ymoqda. Bir kuni erim meni birga ovqatlanishga taklif qildi. O‘tirganimizda o‘sha ayol qo‘ng‘iroq qilib, haqoratlay ketdi. Kamiga erimdan ham gap eshitib oldim. Keyin bilsam, ikkovlari kelishib olib, buni atayin uyushtirishgan ekan. Ularning zulmidan qanday qutilishim mumkin?

Mukammal, 33 yosh, Samarqand viloyati.

Ruhshunos: — Ayol xiyonatdan xabar topganida oilaning kelgusi taqdiri unga bog‘liq bo‘lib qoladi. Barcha munosabatlarga nuqta qo‘yishi yoki ularning yangi bosqichiga ko‘tarilishiga imkon yaratishi mumkin. Agar siz turmush o‘rtog‘ingizning qilgan aybini yuziga solsangiz yoki doimiy ravishda xatosini eslatib tursangiz, vaziyat aslo yumshamaydi. Jangda g‘oliblar bo‘lmaydi, har ikki taraf ham talofatga uchraydi. Ayol o‘ziga ishonchi susaygan paytlardagina haqoratlashlariga, ustidan kulishlariga yo‘l qo‘yib beradi. Bunday holatda o‘zini xurmat qilishga va qadrini saqlashga qodir bo‘lmay qoladi. Shunda atrofdagilar ham bunday o‘tkinchi holatingizdan foydalanishadi. O‘zingizga ishonishni, qadrlashni o‘rganing, shundagina atrofdagilar ham munosabatini o‘zgartiradi.

Maryam Ixtiyorova: — Qo‘liga ozgina pul tushgan erkak bosar-tusarini bilmay qolishini ko‘p kuzatganman. Eringiz sizga nisbatan pastkashlik qilibdi, irodani qo‘lga olib, ayollik g‘ururingizni, izzat-nafsingizni yuqori qo‘yishni o‘rganing. Shu alpozda “it xurar, karvon o‘tar” maqoli yodimga tushdi. Ularning gap-so‘ziga e’tibor bermaslikni o‘rganing. Albatta, bu oson kechmaydi, biroq siz buning uddasidan chiqolsangiz, kelajakda farovon oilaning bekasiga aylanasiz. Bu ham Olloh tomonidan berilgan bir sinov. Sabr qilsangiz, mukofoti ham vaqti-soati bilan beriladi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Erim va jazmani azob beryapti»