
Smartfonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Ular faqat yaqinlarimiz bilan bog‘lanish va muammolarni hal qilish uchungina emas, balki ko‘ngilochar maqsadlarda ham qo‘llanadi. Albatta, sizda ham kun bo‘yi telefondan ajralmay, uning bilan birga uxlab qolish holatlari bo‘lgandir.
Chunki gadjet hayotimizni osonlashtiradi: “bir tugmachani bosish” orqali uchrashuv tayinlash, hissiyotlarni baham ko‘rish va film ko‘rish mumkin. Aslida, hech qayerga bormasdan, virtual haqiqatga sho‘ng‘ib ketish ham mumkin. Lekin bu gadjet bilan sog‘lom bo‘lmagan munosabatlar haqida darak beradi. Quyida telefonga bo‘lgan qaramlikning belgilarini aniqlash usullari haqida so‘z boradi.
Telefonga qaramlikning belgilari
* Yetarlicha uxlash yo‘q. Kechalari qisqa videolar, shoular va seriallarni tomosha qilish sog‘lig‘ingizga salbiy ta’sir etishi mumkin. Bu uyquchanlik, surunkali charchoq, asabiylik va ish qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin.
* Muloqot qilish qobiliyatining yo‘qligi. Xabarlar sizning haqiqiy hayotda muloqot qilish qobiliyatingizni pasaytiradi.
* Tor dunyoqarash. Telefonga qaram odamning hayotidagi asosiy o‘rinni ilovalar va ijtimoiy tarmoqlar egallaydi. Bo‘sh vaqtingizda siz avvalo qanday surat yoki video joylashtirish haqida o‘ylaysiz. Keyin esa obunachilarning reaksiyasini kuzatib, asabiylashasiz. Sizni gadjetdan boshqa hech narsa qiziqtirmaydi.
* Ijtimoiy yakkalanish. Virtual muhit sizni shunchalik kuchli tortib oladiki, siz o‘zingiz va atrofingizdagilar o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmas devor qurilganini sezmaysiz. Siz do‘stlaringiz bilan sayr qilish va yaqinlaringiz bilan iliq uchrashuvlarga qiziqmaysiz.
* Asabiylik. Hozirda virtual dunyoga sho‘ng‘ib ketgan odam boshqalarga e’tibor qaratgisi kelmaydi. Sizga nisbatan har qanday savol, ayniqsa, tanqidlar asabiylik va noqulaylik tug‘diradi.
Telefonga bo‘lgan qaramlikni qanday yengish mumkin?
1. Kun tartibini o‘zgartiring. Kunni ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish va yangiliklarni o‘qish bilan boshlamaslikka harakat qiling. Bu istakni yenging, boshqa muhim narsaga e’tibor bering yoki o‘zingizga vaqt ajrating.
2. Smartfondan foydalanish tezligini kuzating. Smartfonni kuniga necha marta ishlatayotganingizni qayd etadigan ilovani o‘rnating yoki bu jarayonni o‘zingiz nazorat qiling.
3. Smartfon uchun vaqt ajrating. Ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydigan vaqtingizni aniq belgilang. Uni bosqichma-bosqich kamaytiring va hayotingizning boshqa sohalariga zarar yetkazmasdan smartfonga qancha vaqt sarflashingiz mumkinligini tushunasiz.
4. Ovozsiz rejimni yoqing. Bu telefonni bir muddat unutishga yordam beradi. Telefondan bo‘sh vaqtda muhim ishlarga e’tibor qaratishga harakat qiling yoki keyinga surib qo‘ygan orzularingizni amalga oshiring.
5. Telefonni uzoqroqqa qo‘ying. Telefonni boshqa xonaga qo‘ying yoki ko‘zga ko‘rinmaydigan joyga, masalan, shkafga qo‘ying. Shaxsiy masalalaringizni hal qilishga kirishing, do‘stlaringizni uyingizga taklif qiling yoki o‘zingiz mehmonga boring. Bosqichma-bosqich gadjetga qarayverishga doimiy istak yo‘qoladi.
6. O‘zingizni rivojlantirishga vaqt ajrating. Yangi kitob o‘qing yoki yangi hobbini sinab ko‘ring. Balki orzu qilgan ko‘nikmalarni yoki kasbni o‘zlashtirish vaqti kelgandir.
7. Raqamli detoks. Bu smartfondan ma’lum muddatga, masalan, bir haftaga voz kechishdir. Ijtimoiy tarmoqlarga kirmaslik, xabarlarni ko‘rmaslik, shuningdek, zarurat bo‘lmasa, qo‘ng‘iroqlarga va xabarlarga javob bermaslikka tayyorlaning.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar