date

Olmani ko‘proq iste'mol qilish saraton xavfini kamaytirishi mumkin

Olmani ko‘proq iste'mol qilish saraton xavfini kamaytirishi mumkin
Mamlakatimizda olma eng mashhur mevalardan biri hisoblanadi. Bahor va yoz oylarida yangi uzilgan olmalar bozorlarda ko‘plab uchrasa, kuz-qishda esa ular uzoq muddat saqlanib, har doim qo‘l ostimizda bo‘ladi. Ammo xalq orasida mashhur bo‘lgan "Har kuni bir dona olma yesangiz, shifokor sizga kerak bo‘lmaydi" degan ibora qanchalik haqiqatga yaqin?

Olmaning sog‘liq uchun foydasi, avvalo, uning tarkibidagi tabiiy birikmalar bilan bog‘liq. Olimlar olmada quyidagi moddalarning borligini aniqlagan:
  • Flavonoidlar – yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirishga yordam beruvchi antioksidantlar.
  • Antosiyaninlar – olmaning qizil po‘stlog‘ida uchraydigan modda bo‘lib, yurak salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
  • Pektin – oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilovchi, "yomon" xolesterinni kamaytiruvchi tolali modda.
  • Floridzin – kam uchraydigan polifenol bo‘lib, qondagi shakar miqdorini tartibga solishda yordam beradi.

Bu birikmalar birgalikda qandli diabet, yurak xastaliklari, hatto ba’zi saraton turlariga qarshi himoya qilishi mumkinligi haqida ilmiy tadqiqotlar mavjud.

2017-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar tahliliga ko‘ra, doimiy ravishda olma iste’mol qilgan odamlarda 2-tip diabetga chalinish xavfi 18 foizga kamaygani aniqlangan. Yana bir 2022-yilgi kengroq tahlilga ko‘ra, bir haftadan ortiq vaqt davomida olma yoki olma mahsulotlarini (masalan, sharbat yoki pyure) iste’mol qilgan insonlarda xolesterin darajasi pasaygan.

Shuningdek, 2020-yilda yuritilgan kichikroq bir tajribada ishtirokchilar kuniga 2 dona olma yeganlarida, ularning qonidagi zararli yog‘lar miqdori kamaygani aniqlangan.

Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, olmaning o‘zi barcha dardga davo bo‘la olmaydi. AQShda o‘tkazilgan 9 mingga yaqin odam ishtirokidagi tadqiqotda, olma iste’mol qiluvchilar shifokorga kamroq murojaat qilgani ko‘rilgan bo‘lsa-da, bu natija odamlarning boshqa odatlari (masalan, kam tamaki chekish, yuqoriroq ta’lim darajasi) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.

Biroq, tadqiqotchilar yana bir muhim faktni ko‘rsatib o‘tishdi: har kuni olma yegan odamlar boshqa odamlarga qaraganda dori vositalaridan kamroq foydalanishadi. Bu esa olmaning surunkali kasalliklar xavfini kamaytirishga yordam berishi mumkinligini anglatadi.

Olmani po‘stlog‘i bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi. Chunki foydali polifenollarning katta qismi aynan po‘stloqda jamlangan. Shuningdek, yangi, pishgan olma tarkibidagi tolalar va antioksidantlar maksimal darajada saqlanadi. Shakar miqdori kam bo‘lgan tabiiy olma sharbatlari yoki pyure ham foydali bo‘lishi mumkin, biroq ularning tarkibida tolalar kamroq bo‘ladi.

Ammo shuni unutmang: sog‘lom turmush tarzi faqat bitta meva bilan emas, turli xil sabzavotlar va mevalarni muntazam iste’mol qilish, jismoniy faollik, va zararli odatlarni tark etish bilan amalga oshadi.

Shunday ekan, har kuni bir dona olma – kichik, lekin katta foyda keltiruvchi odat bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Olmani ko‘proq iste'mol qilish saraton xavfini kamaytirishi mumkin