Yer Quyoshdagi toj teshigining faol ta’siri oqibatida kuchli magnit bo‘roni xavfi ostida qoldi. Rossiya Fanlar akademiyasi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabariga ko‘ra, ayni vaqtda Quyosh shamoli tezligi keskin ortib, rekord darajalarga chiqmoqda.
“Quyosh shamoli tezligidagi portlovchi o‘sish shuni ko‘rsatadiki, Yer to‘g‘ridan to‘g‘ri toj teshigiga duch keldi. Endi magnitosfera qanday bardosh berishini kuzatamiz. Hozircha u barqaror — yashil hududda turibdi”, — deyiladi laboratoriyaning Telegram-kanalidagi xabarida.
Magnit bo‘ron — Yerning magnit maydoni keskin buzilib, uning tabiiy yo‘nalishi izdan chiqish holati bo‘lib, u bir necha soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin.
Bunday geomagnit tebranishlar ob-havoga sezgir odamlarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas. Mutaxassislar yurak-qon tomir kasalliklariga moyil kishilarga ushbu davrda salomatlikni sinchkovlik bilan kuzatishni maslahat berishmoqda. Zarur hollarda yurak faoliyatini barqarorlashtiruvchi dorilar, shuningdek, B vitamini, magniy va kaliy kabi qo‘shimchalar qabul qilish tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, stress va bezovtalikni kamaytirish uchun yengil tinchlantiruvchi vositalardan foydalanish mumkin. Mutaxassislar, shuningdek, ortiqcha tashvish qo‘shadigan gadjetlardan kamroq foydalanishni maslahat berishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!