Turmushimizda har kuni takrorlanadigan voqea-hodisalar borib-borib, odatga, an’anaga aylanib qoladi. Xususan, dasturxon boshiga kelishdan avval qo‘llarni yuvish, ertalab va uyqu oldidan tishlarni tozalash, uy ostonasida poyabzalni echish kabi eng sodda odatlarimizdan tortib, to‘yu hasham kabi murkkab an’analarimizni ota-onadan o‘rganib, kelajakda farzandlarga uqtiramiz. Ammo har bir oilaning o‘ziga yarasha yozilmagan qonunlari, urf-odat va an’analari borki, ular oilaning mustahkamligiga, oila a’zolarining bir yoqadan bosh chiqarishlariga hizmat qiladi.
Har bir oilaning o‘z an’anasi bor
Deyarli barcha oilada bayramu marosimlar munosabati bilan qavm-qarindoshlar bir erga jamuljam bo‘lishadi. Buning uchun o‘sha xonadonda bayram munosabati bilan katta dasturxon yoziladi va shu kuni kattayu kichik ushbu xonadonga alohida taklif kutib o‘tirmay, o‘zi bilib kelaveradi. Chunki bu yillar davomida shakllangan an’ana. Va shunday odatlar har bir oilada mavjud ekanligi, shubhasiz.
Urf-odatlarimiz turlicha
Qo‘ldagi barmoqlar bir xil bo‘lmaganidek, har bir oiladagi odatlar bir-biridan farq qiladi. Shu bois ham xonadonga kelin bo‘lib tushgan qizga oilaviy urf-odatlar haqida batafsil gapirib berish va ularga moslashishda ko‘maklashish qaynona va kuyov bolaning zimmasidadir. Chunki kelinchak otasining uyida ko‘rib, amal qilgan an’analardan yangi oilaniki butkul farq qilishi mumkin. Ana shunda oilaning yangi a’zosi ikki har xil an’ana orasidagi oltin o‘rtalikni anglab, unga amal qila biladi.
Hayotiy misol
...Yaqindagina turmush qurgan ikki yosh taqdir taqozosi bilan ota-ona va qarindoshlarsiz alohida yashay boshlashdi. Kuyovning oilasida kim ishdan nechada qaytsa, shu odam bir o‘zi ovqatlanib ketaverar, dam olish kunlarini hamma o‘zi istagancha o‘tkazardi. Kelin katta bo‘lgan oilada esa ota ishdan qaytgan vaqt hamma dasturxon atrofida jam bo‘lishi va dam olish kunlari hamda bayramlarni birgalikda o‘tkazish odatga aylangandi. Shuning uchun shanba-yakshanba kunlari kelinning qarindoshlari kelib, ulardan xabar olar va bir-ikki soat mehmon bo‘lishardi. Bu esa kuyovga sira yoqmasdi. Nima uchun ko‘chada ko‘rishmay, doim uyimizga kelaverishadi, degan fikr unga tinchlik bermasdi. Axir, uning ota-onasi hadeb kelmayapti-ku?! Yosh kelinga erining bu tariqa fikrlashi erish tuyulardi. U shunday muhitda katta bo‘lgani, tarbiya olgani bois, o‘zini haq, deb bilardi.
Bu vaziyatda kim haqu, kim nohaq? Ikkisi ham o‘zicha to‘g‘ri. Axir, ular o‘rgangan odatlariga qarshi chiqisholmaydi-ku?! Ammo nima bo‘lganda ham bunday vaziyatda murosayu madoraga borish kerak.
Yosh kelin-kuyov farzandli bo‘lgach, vaziyat o‘zgardi. Kelin tug‘ruqxonadan chiqdi-yu, tobi qochib yana shifoxonaga tushib qoldi. Chaqaloq parvarishi va uy-ro‘zg‘or yumushlarini uning qarindoshlari o‘z zimmalariga olishdi. Xola chaqaloqqa enaga bo‘ldi, singil esa shifoxonaga onaning ko‘krak sutini olib kelgani kuniga to‘rt mahallab qatnadi. Ishdan uyga qaytgan kuyovni sarishta xonadon, tayyor issiq ovqat va tinch uyqudagi chaqaloq kutib olardi. Vaqt hammasiga da’vo-da, yaxshi an’ana baribir o‘z “qadri”ni bildirdi!
Yangi an’analar o‘ylab topamiz!
Keling, birgalikda tasavvurimizni ishga solib, oilamiz a’zolarini jamlaydigan va xursand qiladigan kichik an’analar, faqatgina o‘z oilamizga tegishli urf-odatlar o‘ylab topamiz!
1. Haftaning biror kuni (imkon qadar ish kunlaridan biri)ni “noodatiy kun” sifatida tanlang. Shu sanada jamiki narsalar o‘zgacha bo‘lsin! Masalan, har kuni tutadigan gulli, dog‘ tushsa, bilinmaydigan dasturxoningiz o‘rniga mehmonga atalgan yangi oxorli dasturxon va sochiqlarni javondan olib, xontaxtani javondagi chinni idishlar bilan bezating. Taomlar ham bayramona bo‘lsin! Bu, albatta, oila a’zolaringiz kayfiyatiga ta’sir etib, xonadon jipsligini ta’minlaydi.
2. “Juma kinoteatri”. Uydagilar uchun ish kuni yakuniga atab, ajoyib badiiy film hozirlang. Mazkur film “kattalarbop” sahnalardan holi, barchaga birdek munosib bo‘lishi kerak. Bolalaringizga yanada qiziq bo‘lishi uchun ba’zan “Juma kinoteatri”da multfilmlar ham namoyish etishingiz mumkin.
3. “Shanba oqshomi”! Tabiat qo‘yniga sayr, dala hovlidagi uchrashuvlar, oilaboshi tayyorlagan kabob, bolalar bilan birgalikda o‘ynash... Bularning bari farzandlaringizga oila davrasida vaqt o‘tkazish naqadar yoqimli ekanligini anglatadi. O‘zaro ahil-inoq bo‘lish hamda keyinchalik bu an’analarni davom ettirish o‘rtadagi mehr-oqibatni asrashda qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini bolalar yoshlikdanoq bilishlari zarur.
4. “Yakshanba musobaqasi”. O‘yinni oilangiz qiziqishlari va istaklaridan kelib chiqqan holda tanlashingiz mumkin. Loto, shashka, shaxmat va domino kabilarni hamma qiziqib o‘ynaydi. Shu ma’noda ko‘ngilochar mashg‘ulotni uydagilarning qiziqishidan kelib chiqqan holda tanlang. Ha, aytgancha, o‘yin “shirinchoy marosimi”ga ulanib ketsa, yanada yoqimli bo‘ladi.
5. Tavallud ayyomi! Oiladagi har bir kishining tug‘ilgan kunini alohida tayyorgarlik va quvonch bilan qarshi olishga odatlanish kerak. Bayram sababchisi qanday taomlarni yoqtirsa, shularni pishirib, imkon qadar dasturxonni bezating. Bu o‘zgarmas an’anaga, shodiyona sanaga aylanib qolsin!
6. Quvonchli hodisalar. Hayotimizda quvonchli voqea-hodisalar, shukrki, juda ko‘p. Masalan, kimdir yangi ishga joylashadi, xizmat pog‘onasidan yuksaladi, imtihonlarni a’lo bahoga topshiradi... Shunga o‘xshash hodisalar, albatta, bayram qilish uchun etarli asos bo‘la oladi! Bunday shodlikni qimmatbaho restoranlarga borib nishonlash shart emas. Shinamgina kafeda oilaviy o‘tirib yoki uyda mazali taom va shirinliklar pishirib ham quvonish mumkin.
7. Oilaviy “Olimpiya o‘yinlari”. Qishning sovuq kunlari hamda yozning jaziramasida qarindoshlaringiz bilan dala hovli yoki shunchaki istirohat bog‘ida ko‘rishib oilaviy “Olimpiya o‘yinlari”ni o‘tkazib turing. Bu jismonan sog‘lom bo‘lishga, oiladagilarning umumiy qiziqish va intilishlari paydo bo‘lishiga sababdir. O‘yinlarda barcha birdek ishtirok eta olsin. Masalan, volleybol, badminton, futbol, shashka kabilar ayni muddao. Guruhlarga bo‘linish yodingizdan chiqmasin. G‘oliblar uchun avvaldan sovg‘a tayyorlab qo‘yishni ham unutmang!
8. “Uy yumushlarini birgalikda bajaramiz!” Har bir oilada o‘g‘ilu qiz farzandlar ulg‘ayyapti. Kichik yordamchilarni ro‘zg‘or yumushlarini bajarishga o‘rgatish, oilada har bir kishining o‘z o‘rni va vazifasi borligini tushuntirish uchun birgalikda harakat qilgan ma’qul. Qizingizni uylarni saranjomlash va ovqat tayyorlashga o‘rgatib boring. Har kunning bir soatini u bilan birgalikda ovqat tayyorlashga ajrating. O‘g‘il bola esa, albatta, otasining ko‘makchisi bo‘ladi. Ro‘zg‘orning og‘ir yumushlari, bozor-o‘charni o‘rganishiga imkon yarating.
9. “Mehmonga boramiz!”. Bir oyda kamida ikki marotaba bobo-buvilar, qarindoshlarnikida mehmon bo‘lish yoki ularni uyda kutib olishni odatga aylantiring. Qarindoshlar va yoshi ulug‘larning bir erda jam bo‘lishi bolalarga yaqinlarni e’zozlash tuyg‘usini o‘rgatadi.
10. Ayollar, o‘zingizga ham vaqt ajrating! Bir oyda bir marta bo‘lsa-da, oiladagi xotin-qizlar o‘zi uchun vaqt va mablag‘ ajratib, ko‘chada sayr qilish, go‘zallik saloniga borish yoki shinamgina qahvaxonada o‘tirib, dam olishi lozim. Bunday ko‘ngilxushlik qaynona-kelin va ona-bola o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilishi, shubhasiz. Erkaklar ham shu kuni xuddi sizlarga o‘xshab, o‘zlari yoqtirgan mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishsin.
Asosiysi, an’analar oilaning har bir a’zosiga quvonch bag‘ishlasin. Ana shunda xursandchilik va birdamlik xonadoningizni aslo tark etmaydi!
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
Kreml saroyida O‘zbekiston yulduzlari konserti qanday o‘tdi?
Italiyada ekofaollar norozilik ramzi sifatida IIV binosi qarshisiga go‘ng to‘kdi