13:58 / 03.01.2017
23 336

Qo‘shni qiz nomusi…

Qo‘shni qiz nomusi…

Avtobus bekatida shuncha ko‘p qolib ketaman deb o‘ylamagan edim. Yonimda o‘tirgan notanish suhbatdoshimning gapi hech tugamasdi. Ammo u aytib bergan bir voqea meni shunchalar o‘ziga jalb qildiki, ayrim ota-onalarning farzandlariga bee’tiborligidan achinib ketdim...

– O‘sha kuni ishdan har qachongidan ancha kechroq qaytayotgandim, mahallamiz boshida qo‘shnimning qizini bir notanish yigit bilan turganini ko‘rib qoldim. Avvaliga e’tibor bermaslikka harakat qilib biroz yurdim, ammo oriyatim chidamadi. Ularning yoniga bordim. Qo‘shni qiz uyalibgina teskari qarab oldi, yigit esa ko‘kragini kerib ro‘paramga keldi. Hayotimda hech kimga ko‘tarilmagan qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmadi. Yigit kutilmagan zarbadan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, biroz orqaroq tisarildi-da, erga tizzasi bilan cho‘k tushib oldi…

Qiz hali yosh. Nomusga chidolmay oqayotgan yoshlarini ko‘rib unga aytgan so‘zim faqatgina “Uyat” bo‘ldi, xolos. U yugurganicha uyiga kirib ketayotib darvozadan chiqayotgan otasiga ro‘baro‘ kelib, bor ovozda xo‘ngrab yig‘lab yubordi. Qo‘shnim ko‘chaga shiddat bilan otilib chiqdiki, to‘g‘risi, qo‘rquvdan oyoq-qo‘lim muzlab ketdi. Menga tashlanib qolishidan emas, noto‘g‘ri xayolga borishidan qo‘rqib turardim.

Sezganimdek, o‘ylarim haq bo‘lib chiqdi. Shitob bilan men tomon kelib, shart yoqamdan oldi-da, og‘ziga kelgan qo‘pol gaplar bilan haqorat qila ketdi. Yuzimga to‘xtovsiz tushayotgan zarbadan muvozanatimni yo‘qotdim, lekin qizi haqida bir og‘iz so‘z gapirishga yuragim dosh bermadi.

Uning shiddatli ovoz bilan aytayotgan xaqoratomuz so‘zlarini eshitib qolgan qo‘shnilar ham chiqishdi. Uni mendan ajratishga urinishdi. Changalidan meni qo‘yib yuborishni istamay, battar jazavaga tushayotgan qo‘shnim birdan nariroqda og‘zi-burni qonga bo‘yalgan yigitga ko‘zi tushdi-yu, haqiqatni anglagandek bo‘lib, bir og‘iz so‘z ham demay, ters burilib uyiga kirib ketdi. Men ham ariqdagi suvga yuz-qo‘limni yuvib, uyimga kirib ketdim.

Ayolim ko‘zda yosh bilan kutib oldi. Chunki u barchasini derazadan kuzatib turgan edi. Ishdan kechiksam doim derazadan ko‘z uzmay kutib o‘tiradi. Bugun ham u kechikkanimga xavotir bilan yo‘l qarab turgan edi.

Uyga kirishim bilanoq u o‘zini bag‘rimga otdi. Mushtning zarbidan yuzimdan sizib chiqayotgan qonni artar ekan, “Men siz bilan faxrlanaman! Borligingizga shukr!” dedi. Uning bu mehrli so‘zlaridan dard azobi ham ancha arigandek bo‘ldi.

Bu voqea mahallamizda anchagacha gapirilib yurildi. Haqiqatni bilganlar uyalib ham qolishdi.

Oradan bir yil o‘tdi. Bu xodisani o‘zim ham eslamay qo‘ygandim.

Yoz kunlarining biri edi. Hovlida, supada yotardim. Bir payt ko‘cha darvozamiz oldida itlar urishib-talashib qoldi. Eshikni ochib ko‘chaga chiqsam, darvozamiz oldida qo‘shnimning iti og‘riqdan ingrab yotardi. Atrofida esa o‘zidan ikki baravar katta keladigan ikkita it har tarafga tortib, azoblardi. Hovliga otilib kirib qo‘limga ilingan narsa – ketmon olib chiqib ularni quva boshladim. Mening vajohatimdan daydi itlar ikki tomonga qochib qolishdi. Qo‘shnimning iti ingragancha oyog‘im ostida bexol yotardi.

Shovqindan qo‘shnim ham uyg‘ondi shekilli, chirog‘ini yoqib ko‘chaga chiqdi. Qo‘limdagi ketmonni ko‘rib, oyog‘im ostidagi itiga qarab nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, aytolmadi. Uzoqdan itlarni hurishini eshitib bo‘lgan hodisani anglab etdi shekilli, “Rahmat, qo‘shni, itimning hayotini saqlab qoldingiz”, deb itini ko‘targancha uyiga kirib ketdi.

Ortidan qarab qolarkanman, bundan bir yil ilgari bo‘lgan voqea ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. O‘zimga o‘zim kulumsirabgina qo‘ydim. Nega deysizmi? Qizining qilmishini anglab etib kech bo‘lsa ham uzr so‘ramagan qo‘shnijonim bugun itini ximoya qilganim uchun rahmat aytib turardi…

Xulosa o‘zingizdan…


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qo‘shni qiz nomusi…