Boshlovchi:
— Bugungi mehmonimiz — keyingi paytda bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib ketayotgan shoirachalarimizdan biri (o‘zi eshitmasin) Kunduz Yulduz. (Suhbatdoshga yuzlanib) Assalomu alaykum, Kunduzxon. Xush kelibsiz!
Shoira (sollanib):
— Xush vaqt bo‘ling!
Boshlovchi:
— Mana, yoshingiz ham bir joyga borib qolayapti (upaga belangan yuzingiz yashira olmaydi buni), shu paytgacha nimalar qilib yuribsiz?
Shoira (beshiktervatarga o‘xshab chimrilib, boshini liqqillatib):
— Qalam tebratayapman…
Boshlovchi (chetga qarab):
— Qalam tebratguncha beshik tebratmaysizmi?
Shoira:
— A, labbay?!
Boshlovchi:
— Zo‘r deyman, zo‘r!
Shoira:
— Tebratish deganda shu… o‘zim tomonimdan yozilgan bir she’r esimga tushib ketdi…
Boshlovchi:
— Hali she’rxonlikka ulguramiz, ungacha qaysi chamanning gulisiz, kimlarning orqasidan shu darajaga chiqdingiz, mukofotlarni qanday badal evaziga olayapsiz — shular haqida bilmoqchi edik. (Shoira boshlovchiga parvo ham qilmaydi, ilhom og‘ushida hushini yo‘qotadi. Uning ahvolini ko‘rgan suxandon teletomoshabinlarga tushuntirish beradi.) Mayli, Kunduz Yulduz haqidagi hamma mish-mishlarda jon borligini ta’kidgan holda lirik daqiqalarga navbat beramiz…
Shoira:
— ...
maysa biyani tebratar-r-r,
qimiz yigitni tebratar-r-r,
yigit kelinchakni-i-i…
Boshlovchi:
— Bo‘ldi, bo‘ldi, she’rni shu joyida to‘xtatamiz — kulminasiyadan naryog‘iga o‘tish shart emas. Lekin bu ajoyib bo‘lgan she’r, adashmasam, boshqa shoirniki. O‘zlari eshitib qolsa, qalam-palam bilan emas, pryamoy tebratadi-ya…
Shoira:
— Voy-y-y, shunaqami?! (qaniydi, degandek)
Boshlovchi:
— O‘zi, tebranaverib, tebranaverib, beshiktervatarga o‘xshab qolibsiz.
Shoira (o‘zini eshitmaganga olib):
— A, labbay?!
Boshlovchi (atayin urg‘u berib):
— Endi shaxsan o‘zlari tomonlaridan yozilgan she’rlardan eshitsak…
Shoira:
— I-ximm… Mayli, eng so‘nggisidan o‘qib beraman.
Boshlovchi:
— Hali bokiraligi ketmaganidan deng!
Shoira:
— I-ximm…
Kitobimni sotib berdingiz,
Qarzlarimni yopib berdingiz,
O‘n besh million topib berdingiz,
Polvon akam, jon og‘ajonim,
Otamdan ham saxiy xotamsiz.
Ishga joylab qo‘ygan o‘zingiz,
Karashmamni suygan o‘zingiz,
Xarxashamdan to‘ygan o‘zingiz,
Polvon akam, jon og‘ajonim,
Erimdan ham yaqin odamsiz…
Shunday-shunday davom etaveradi, uzun she’r bu.
Boshlovchi:
— Bu deyman, intim yo‘nalishda qalam tebratar ekansiz-da.
Shoira:
— Ha, asosan shunday. Ba’zi-ba’zida ijtimoiy mavzularga ham qo‘l urib turaman.
Boshlovchi (chetga qarab):
— Qo‘l urmaganingiz shu qoluvdi, o‘zi…
Shoira:
— A, labbay?!
Boshlovchi:
— O‘qing deyman, o‘qing!
Shoira:
— I-ximm… ZAGS mudiralariga atalganidan…
Ajab zamona bo‘ldi,
Tullar ZAGS-ona bo‘ldi,
Uylar koshona bo‘ldi,
Qozi parvona bo‘ldi.
Oqni qora deydi-ya,
Zamon bahona bo‘ldi.
G‘ardan otin chiqdi-ya,
Tullar ZAGS-ona bo‘ldi.
Avjida oldi-berdi,
Yurish mardona bo‘ldi.
Tagida “Neksiya”, “Matiz”,
Uylar koshona bo‘ldi.
Chiqdi mudira erdan,
Niyat pinhona bo‘ldi.
Men bor deya ortingda
Qozi parvona bo‘ldi.
Ajab zamona bo‘ldi-ey-y-y…
Boshlovchi:
— E, qoyil, juda o‘tkiridan ekan. Zarari yo‘q, montajda kesib tashlaymiz.
Shoira:
— Uzr, yana adashibman, bu she’r ham birovniki ekan. Oxirgi paytlari asl variant bilan o‘zlashtirilib o‘zgartirilgan nusxalarni chalkashtirib yuborayapman-da…
Boshlovchi:
— Uzrli, uzrli. Tushunamiz, bo‘p turadi.
Shoira:
— Lekin bu she’rda mening dardim yozilgan, bilsangiz. Bir akaxonimiz ZAGS mudiraligini olib bermoqchi edi. Uygur kuygur Bevaoyning akaxoni yanayam baquvvatroq ekan, kuchimiz etmadi. Alam bilan yurgan kunlarim ushbu she’rni gazetada ko‘rib qoldim va o‘zimniki qilib olishga jazm etdim.
Boshlovchi:
— Bu yog‘i vijdoningizga havola… Mana, Kunduzxon, siz bilan valaqlashib vaqtimiz ham tugab qolibdi. Ruxsat bersangiz, suhbatimizni Pushkin bobodan Sirojiddin aka o‘girgan to‘rtlik bilan yakunlasak.
Qizman deb har she’rda chinqirmoq nechun?
Dilga so‘z ekmoqqa er darkor emas.
Ey kuychi guloyim, gapimga tushun:
Senga er kerakdir — she’r darkor emas.
Ac-Suxandon Jizzakiy
Manba: Tafsilot.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
So‘rovnoma: Isroilliklarning 64 foizi Netanyaxu hukumatiga ishonmaydi
Ukraina Kursk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi
Ukraina askari mashg‘ulotlardan bir hafta o‘tib qanday qilib asirga tushganini aytib berdi