Bahor yangilanish mavsumi, deyishadi. Haqiqatan bahor kelishi bilan atrofdagi hamma narsa o‘zgara boshlaydi, deya o‘y-xayollarga kirishdimu o‘zimda «Men ham o‘zgarishni istayman!» degan shijoatni sezdim. Ammo hayotda o‘zgarish yasash unchalik ham oson erishiladigan maqsad bo‘lmagani bois buni qanday amalga oshirish borasida bosh qotira boshladim. O‘zgarishni istagan har bir inson shu savolni o‘ziga bersa kerak: «Nimadan boshlay?»
Nimadan boshlay?
Ishim, uyim, oilam, farzandlarim… hammasi yaxshi. Biroq hammasi shu qadar odatiy bo‘lib ketganki, bunday hollarda «to‘qlikka sho‘xlik qilma», deyishadi. Demak, o‘zimni va hayotga qarashlarimni o‘zgartirishim va hayotdan zavqlanib yashashni o‘rganishim lozim.
Lab bo‘yog‘ini o‘zgartiring!
Azizbek AXROROV, ruhshunos: — Vaqti-vaqti bilan kishi o‘z hayotiga o‘zgartirish kiritishni, yangilanishni istab qoladi. Chunki inson zerikuvchan, bir tekisda kechgan hayot uni ba’zan zeriktirib qo‘yadi. Agar o‘zingizda o‘zgarish istagini his qilgan bo‘lsangiz, ruµshunos sifatida eng avvalo ishni lab bo‘yog‘ini o‘zgartirishdan boshlang, degan bo‘lardim.
Birinchi qiladigan ishingiz — sartaroshxonaga yo‘l oling: soch turmagingizni o‘zgartiring. Keyin esa kiyim do‘koniga boring: kiyinish uslubingizga yangilik kiriting. Yorqin ranglardan qo‘rqmang.
Xobbi toping!
Har birimizning o‘z qiziqishlarimiz va sevimli mashg‘ulotlarimiz bor. Albatta biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishni odat qiling. Bu to‘qish, kitob o‘qish, til o‘rganish, sport bilan shug‘ullanish, xullas, o‘z qiziqishingizdan kelib chiqqan mashg‘ulot bo‘lishi kerak. Agar bunday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanaman deyuvchilar sirasiga kirsangiz, demak, bu mashg‘ulotingizga yangilik kiritishingiz zarur. Asosiysi, kundalik odatlaringiz va odatiy fikrlash tarzingizga o‘zgartirish kiritish. Ko‘pdan beri orzu qilgan ishingizni amalga oshiring.
Katta orzular sari
Oyna qarshisida turib, o‘zingizdan nima istayotganingizni so‘rang. Sizga g‘alati tuyulishi mumkin, ammo bu ustingizdan kulish emas, balki ruµshunoslik uslubi. So‘ng savolingizga javob bering. Masalan, shaxsiy avtomobilingiz bo‘lishini istaysiz. O‘tiring-da, bu orzungizni yozing. Keyin mashinangizni boshqarganda nimalar his qilishingizni qayd eting. Endi esa daftarning boshqa sahifasini oching-da, o‘z mashinangizga ega bo‘lish uchun nimalar qilishingizning ro‘yxatini tuzing. Yozganlaringizni har kuni hech bo‘lmaganda bir marta o‘qing va unga erishish uchun ham harakat qiling. Orzuingiz sizga qanchalik uzoq va etishib bo‘lmasday tuyulmasin, har qanday katta maqsadlarga kichik qadamlar bilan erishilishini yoddan chiqarmang.
Ammo maqsadim sari intilish uchun kuch qayda?
Yana sizga oyna yordamchi bo‘ladi. O‘zingizga savol bering: nima sababdan bu maqsadga erishmoqchisiz?
O‘ylab ko‘rib, bu savolga javob bering: piyoda yurmaslik uchun.
Savol: Nima sababdan o‘zgarishni istayapsiz?
O‘zingizga haqqoniy javob bering: zerikarli hayotimga o‘zgartirish kiritish, uni yorqinlashtirish uchun.
Bu savol-javob bilan miyangiz sizga nima kerakligi, nimani o‘zgartirish istagida ekanligingizni tushunadi.
To‘siqlarni engish...
Maqsad bor, harakatga ham tushish arafasidasiz-u, ammo sizga nimalardir halal bermoqda. Orzungizni unutmang, to‘siqlarga yengilishga ham shoshilmang. Balki o‘tirib, bu ko‘rinmas va ko‘rinarli to‘siqlarni qayd eting. Masalan, o‘z biznesingizni ochmoqchisiz, ammo farzandlaringiz hali kichkina. Daftaringizning bir sahifasiga to‘siqlarni yozib chiqing: ish, bolalarim, erim…
Mana shu nuqtada sizni vijdoningiz qiynay boshlaydi. Qo‘rqmang, bu ularga xiyonat qilish emas. Yoki ular sizning hayotingizga halal beruvchi omillar, demoqchi ham emasmiz.
Daftarning keyingi sahifasiga esa nima sababli ular halal berishini yozing: bolalarim kichikligi sababli ular mening parvarishimga muhtoj.
Endi vaziyatga echim toping: farzandlarimni bog‘chaga berishim mumkin yoki buvijonlaridan yordam so‘rashim mumkin. Ya’ni siz orzungiz yo‘lida nimalar to‘siq bo‘layotganini tilga olish bilan muammoga echim topdingiz. Ko‘rib turganingizdek, bu kimdir hayotimga halal berayapti, deyish emas, balki holatga echim izlash. Endi esa olg‘a!
O‘zgarishni istayman deyishning o‘zi kam!
Hayotingizda nimadir o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, avvalo buni o‘zingizdan boshlang, deyiladi kitoblarda. Lekin o‘zgarishni istayman, degan gap bilangina cheklanib qolmang. Fikrlash doirangizni kengaytiring, hayotga pozitiv boqing. «Qarishni istamayman», «Semiz bo‘lishni istamayman» degan qora o‘ylarning yo‘nalishini «Men yosh va navqironman», «Uyim juda chiroyli», «Chiroyli qomatim bor» deya yaxshi tomonga o‘zgartiring. «Ertaga qilaman», degan so‘zni unuting! Orzuingiz sari intilishda baribir hech narsaga erisha olmayman, degan yo‘nalishdan qoching. Siz albatta omadga erishasiz!
Tabassum qilishni o‘rganing!
Siz go‘zalsiz, tabassum esa sizni yanada go‘zallashtiradi. Hamma narsani tabassum bilan kutib oling, bu yaqinlaringiz va atrofingizdagi odamlarga ham yuqsin.
Kiyimlar
Bu mavsumda zumrad, yashil, qizil va limon ranglar urf bo‘lmoqda. Kiyimlaringizning hammasini boshdan-oyoq o‘zgartirishning iloji bo‘lmasa-da, bir necha mavsumda rusum bo‘lgan rangli kiyimlar bilan boyiting.
Kosmetik vositalar
Kosmetikangizni ko‘zdan kechiring. Odatiy qaysi ranglarni ishlatishingizga diqqat qiling. Do‘konga otlanganingizda bu odatiy ranglardan boshqacha ranglar tanlang. Bu yilgi pardoz urflarining asosiy qoidasi: asosiy e’tibor lablarga qaratilgan, yorqin qizil rangli lab bo‘yog‘i, ko‘zlarga esa biroz qalam tekizilsa, bas. Qoshlar borasida esa so‘nggi yillarda qalin qoshlar urfga kirib kelmoqda.
Soch
O‘zgarishni istagan bo‘lsangiz, hech o‘ylanmasdan sartaroshxonaga yo‘l oling! Bu yil urfga kirgan soch rangi — shokolad rang.
Bu mavsum 70-yillarning soch turmaklari va go‘zal shaklda o‘rilgan sochlar urfga kirmoqda.
Siz go‘zal ayolsiz!
Go‘zallik sari ham intilish lozim. O‘zingizni seving va buni o‘zingizga izhor qiling. Qanday qilib deysizmi? Har kuni o‘zingizga ham vaqt ajrating. Go‘zallik va o‘zgarish faqatgina yorqin rangli kiyimlar bilan bo‘lmaydi. O‘zingizga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartiring. Tirnoqlaringiz uzun va so‘nggi urfdagi rangga bo‘yalmagan bo‘lsa-da, toza, parvarishlangan bo‘lishi kerak. Buning uchun katta mahorat kerak emas va uy sharoitida ham amalga oshirish mumkin. Vaziyatdan chiqishning yo‘li: bir-ikki marta manikyur qildirgani go‘zallik saloniga boring va manikyurchi ustaning harakatlarini kuzating. Kerakli qaychi va pilkalarni sotib olib, haftada bir kun yarim soat vaqtingizni ajratib, qo‘l va tirnoqlaringizni parvarishlang. Qo‘lingiz kelishmayotganiga e’tibor qilmang, 2-3 marta manikyur qilganingizdan so‘ng mahoratingiz oshib borayotganini o‘zingiz ham sezasiz. Haftada ikki marotaba yuzingizga va bir marotaba sochingizga parvarishlovchi va mustahkamlovchi niqob qilishga odatlaning.
Maqola sizda ham o‘zgarish hissini uyg‘otgan bo‘lsa, qolgan harakatlarni o‘zingizga havola qilamiz. Asosiysi, orzu qilish va orzular sari intilishdan, yaqinlaringizga mehr ko‘rsatib, hayotdan zavq olib yashashdan zerikmang va charchamang.
Madina ZARIF
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
So‘rovnoma: Isroilliklarning 64 foizi Netanyaxu hukumatiga ishonmaydi
Ukraina Kursk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi
Ukraina askari mashg‘ulotlardan bir hafta o‘tib qanday qilib asirga tushganini aytib berdi