08:18 / 14.08.2017
5 313

Menga nima?!

Menga nima?!
Kuni kecha ertalab anhor yoqalab ishga ketayotuvdim, qarasam, kuppa- kunduzi bir kishi paketdagi axlatini oqib turgan anhorga tashlayapti. Bundan jahlim chiqib, baqirdim:
-O, aka! Insofingiz bormi? Nimaga axlatni suvga tashlayapsiz?
-Xohlaganimni qilaman! Senga nima?!
​*​*​*

Avtobusda haydovchi chekyapti. Tutun salonga kirib, odamni bo‘g‘adi. Bundan tutoqib, deysan:
-E, aka! Salonda chekmasangiz bo‘larmidi?
-Bilganimni qilaman, senga nima, ukam?!
​*​*​*

Shifoxonada navbatda turasan. Orada kimlardir oq xalatli odam bilan navbatsiz shifokor yoniga kirib-chiqib turibdi. Oxiri chiday olmay baqirasan:
— Bu nimasi? Bu erda navbatda turganlar qo‘ymi senga, indamay o‘tib ketasanlar?
Xotin turtadi.
— Dadasi, to‘polon qilmang! Sizga nima? Hamma jim turibdi-ku!
​*​*​*​

Ha, bir jonimga shuncha azob, shuncha asabbuzarlik! Rostanam, menga nima..?!

​*​*​*
O‘qituvchilar, shifokorlar va yana allakimlar o‘z vakolatlariga kirmaydigan ishlarga jalb qilinadi. Yana o‘z xohish va tashabbuslari bilan emish. Ana, samarqandda bir guruh vatanparvar hasharchilar shunday “tashabbus” bilan chiqqan emish. Unda qolganlar ham “jo‘r” bo‘lishsin shu “aksiya”ga. Davlatning pulini olish oson ekanmi?! Yoki…
Aytgancha, menga nima?!

Institutga kirish anqonining urug‘ini topishdek gap. Test savollarining qiyinligi mayli, ballarning yuqoriligiga nima deysiz endi? Tankami, to‘nkami, bunkermi… ishqilib, 3-4 ta noinsof, kelajak kushandasi, qornidan boshqa qayg‘usi yo‘q shaxslarning imtixondagi “ishtiroki”ni yaxshi bilmaymaymanmi? Bilaman, albatta! Bilganim bilan nima o‘zgarardi!?
Menga nima?!

Otning kallasidek kontrakt pulini to‘lash uchun bitigacha sotadigan ota-onaning 4 yillik sarsongarchiligi-chi? Buyam etmagandek sessiyada talabalar cho‘ntagiga ko‘z qadaydigan domlalarning bola-chaqasiniyam o‘ylash kerak…

Endi, domla bechora ham nima qilsin… Churvaqa talabalari mashinasini eldirib yonidan o‘tib ketganda, erta tongda xotini dazmollab bergan ko‘ylagi tiqilinch avtobusda g‘ijim bo‘lganda, kecha olgan yangi tuflisini ezishib, pachoq qilishganida, “bor-e” deb vijdon so‘roviga qo‘l siltab, poraga o‘rgangandir, ehtimol?! Balki “el qatori” bahoni pullagandir…!? E, shunga ham bosh qotirishim kerakmi?
Menga nima?!

Qishda shahardan chetga chiqsang, sovqotishni boshlaysan. “Nima, gaz yo‘qligini pisanda qilyapsanmi?”, deysizmi? O‘libmanmi, hamma ko‘rib-ko‘rmaslikka oladigan narsani gapirib. Aholining gaz yoki svet uchun beradigan choy chaqasi ko‘proq foydami yoki chetga sotishdan keladigan valyutami? Muborak boshingiz bilan yaxshilab o‘ylab ko‘ring…

Kunda-kunora oshadigan “temir toychoq”lar narxini esa gapirmayman. Boshqa tashvishim yo‘qmi?! Undan ko‘ra, piyoda yurganim yaxshi-ku. Ham cho‘ntakka, ham sog‘likka koni foyda…

Bilasizmi, mashinaga “o‘tirib qolgan”larda allaqanday kasalliklar kelib chiqarkan. Nimaydi-ya oting qurg‘ur? Ha, gemorroy! Gemorroyim chiqib qolsinmi? Anoying yo‘q. Keyin shifoxonaga boraymi? Shundoq ham xarajatlarim kam emas. Hozir umuman kasal bo‘ladigan zamonmas. Dori-darmonning qimmatligini aytmaysizmi? Ha, nima, qimmat bo‘ladi-da! Sog‘lik sizga choy-chaqa narxida bo‘lsinmi? Jaaa o‘rganvobsiz-u yengiliga… O‘zi ko‘proq mehnatga jalb qilish kerak odamni. Bo‘lmasa, yengilning ostida, og‘irning ustida yuradigan bo‘pqoladi. Xalqimiz aytgan-ku, “Yuki yengil tuya yotag‘on bo‘lar”, deb…

Kuyunchak Prezidentimiz “Shuncha qiyinchiliklarga bardosh berib kelayotgan xalqimizga ta’zim qilib, kechirim so‘rashimiz kerak”, dedilar. Ayni haqiqat. Ayrimlar xalq mulkini talon-taroj qilgani uchun butun umr sajdada qolib ketsa ham kam. Lekin ba’zi amaldorlarning buni qabul qilishidan ko‘ra, ko‘kdan qulupnay yomg‘iri yog‘ishi osonroq…

E, umuman qabul qilmang, kursiga yarashib turgan akalar! Yastanib yotavering! Qo‘yib bersangiz, elkangizga chiqib olishadi bu qora budun. Qattiqroq zulm qiling! O‘zingiz esa xorijning eng so‘lim go‘shalaridan qo‘sha-qo‘sha uylar, yaxtalar, pentxaus, villalar, ichida xizmatkoru joriyalari bor qasrlar, e, menga desa, orollar sotib oling. Iloji bo‘lsa, urug‘-aymog‘ingizga o‘sha erlardan qo‘shimcha fuqarolik ham olib qo‘ying. Bilib bo‘ladimi bu olomonni…

Keyin hamma pullaringizni davlat kursida, tanish bankirlar orqali dollar qilib qo‘ying, xo‘pmi? Qora bozorga borib yurmang tag‘in! Yomonam kattaga tushasiz! Soddalik qilmang! Qora bozor qora xalq uchun. Siz kabinetdan nari chiqmaydigan sodda, ish odami bo‘lsangiz. Unaqa narsalarni qayerdan bilib o‘tiribsiz. Jabr bo‘lmasin, deyman-da…

Ha, yana bir gap…
E, menga nima?!

Uf-f-f! Boshim g‘ovlab ketdi. Yosh jonimga shuncha azob! Menga nima!

Yaxshisi, futbol ko‘raman! “O‘zbekiston o‘yininimi?”, dersiz? Ie, esimni ebmanmi?! Asablarim o‘zimga kerak. Sizning-cha, 25 yildan beri Jahon chempionatiga chiqa olmayotgan qiyshiqteparlarga muxlislik qilaymi? O‘zi-chi, hamma ayb….

STOP! Bo‘pti, men ketdim!.. E, menga nima?!


Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Menga nima?!