17:41 / 27.08.2017
6 321

Karerani robotlar ishg‘olidan himoya qilishning 8 usuli

Yaxshi yangilikdan boshlaymi yo yomonidanmi? Yomoni shundaki, tez orada robotlar bizdan ishimizni tortib oladi va montaj liniyasidagi ishchilarnigina emas (u yerda shundoq ham robotlar ustunlik qiladi), hammani maoshsiz qoldirishadi. O‘tgan yili Angliya banki boshqaruvchisi Mark Karni yangi texnologiyalar an’anaga ko‘ra, o‘rta toifaga kiruvchi ishchi o‘rinlarini "shafqatsizlarcha yo‘q qilishi"ni aytib ogohlantirgandi.

Ekspertlarning aksariyati uning fikriga qo‘shilishadi, shu jumladan Hillari Klintonning sobiq yordamchisi Alek Ross ham. Bugungi kunda u korporatsiyalar, investorlar va hukumatlarga texnologiyalar hamda innovatsiyalar masalalarida tavsiyalar beradi, deyiladi "Layfxaker"da. Yaqinda Ross tanqidchilar tomonidan yuqori baholangan «Kelajak sanoatlari» kitobini nashrdan chiqardi. Unda ajoyib yangilik bor:

«Taslim bo‘lishga hali erta deb o‘ylayman. Ilm-fan va texnika rivoji nafaqat tahdid uyg‘otadi, balki yorqin istiqbollarni ham ochadi».

Biroq hamma o‘zgarishiga to‘g‘ri keladi.

«Kelgusida ishchi o‘rinlarida yo biz mashinaga nima qilishni aytib turamiz, yoki u bizga», - deydi Ross.

U ishni robotlarga topshirish niyatidan yiroq bo‘lganlar uchun bir necha tavsiya beradi:

1. O‘rganishdan to‘xtamang
Karerani robotlar ishg‘olidan himoya qilishning 8 usuli
Rossning fikricha, bu eng muhim o‘zgarish. Universitet diplomini olgan kuningiz o‘qish va o‘rganish to‘xtaydi, deb o‘ylasangiz - adashasiz. Ilgari OTMlarda olingan bilim 30 yilga yetardi. Hozir esa vaziyat boshqacha. Texnologiyalarning rivojlanish sur’ati shu qadar yuqoriki, aql salohiyatingizni muntazam ravishda charxlab turishingizga to‘g‘ri keladi.

2. Dasturlashni o‘rganing

Gap kasb haqida emas - gap kelajak asoslarini tushunishda. Bugun elektron jadvallar va dasturiy ta’minot bilan ishlashni bilish mutlaqo normal holat, zero bu kompyuter savodxonligining asosiy shakli.

3. Sayohat qiling

Universitetdan keyin, karerangizning boshida imkon qadar ko‘proq mamlakatlarga sayohat qiling. Ross rivojlanayotgan mintaqalarga ko‘proq e’tibor qaratishni tavsiya qiladi, zero ish joyi kasb kabi muhimdir. Kelgusida ba’zi mamlakatlar iqtisodiyoti ancha o‘sadi va siz bu jarayonning bir qismiga aylanishingiz mumkin.

4. Turli sohalardagi bilimingizni sayqallashtiring

Texnologiyalar va ilm-fanni tushunish juda muhim. Biroq kelajakda muvaffaqiyatga erishish uchun bilimlarni ijtimoiy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish kerak, muloqot qilishni bilishdan boshlab to psixologiya hamda iqtisodiyotni tushunishgacha. Ross bunga misol sifatida Mark Sukerbergni keltiradi: «Facebook — ajoyib dasturchining mahsuloti hisoblanadi, biroq ijtimoiy tarmoq muayyan darajada uning xatti-harakatlar psixologiyasini tushunishiga asoslangan».

5. Yangi sohalarni kashf qiling

Ross o‘zining kitobida yaqin 20 yildagi istiqbolli sohalar haqida so‘z yuritadi: bu robototexnika, sun’iy intellekt, genomika tijoratlashuvi, katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, kiberxavfsizlik, pul va ishonch kodifikatsiyasi. Kutilmagan sohalarda ham jadal taraqqiyot ehtimoli bor. Ross shunday yozadi:

«Hozir psixologiya va psixiatriya bilan shug‘ullanishning ayni vaqti. Bugungi kunda insoniy fazilatlar o‘rnini kompyuter kodlari egallamoqda. O‘ylashimcha, ichimizda nimadir bu jarayonga qarshi bosh ko‘tarmoqda. O‘zgarishlarni anglab yetish uchun ko‘pchilikka yordam kerak bo‘ladi, shu bois psixolog va psixiatrlarga bo‘lgan talab ularning foydaliligini tushunish bilan birga oshib boradi. Biroq men psixologlar rolida gumanoid-robotlarni tasavvur qila olmayman. Senga tashxis qo‘yishga urinayotgan robot bilan suhbatlashish kimga ham yoqardi?».

6. Yangi til o‘rganing

10-15 yildan keyin aytilgan gaplarni 100 xil tilga tarjima qila oluvchi quloqchinlar paydo bo‘ladi. Bu vaqt ichida chegara bozorlari bo‘ylab harakatlanishga qodir kishilar katta pul ishlab olishadi. Ross tarjima va muloqot o‘rtasidagi farq katta ekanini ta’kidlaydi.

«Men ajoyib tarjimonlar ishtirokidagi diplomatik va ishchi uchrashuvlarda qatnashish baxtiga muyassar bo‘lganman. Xorijiy tilni bilish real natijaga erishishga yordam beradi. Muloqot kelgusida ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, biroq tarjimonlarga bo‘lgan ehtiyoj vaqt o‘tgach pasayadi».

7. Algoritmlar quliga aylanmang

Kompyuterlar olamida insoniy fazilatlar tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda - kelajakning ko‘plab qarama-qarshiliklaridan biri shunda. Mashinalarning hayotimizning barcha jabhalariga kirib kelishini inobatga olganda, individuallik katta ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Kelgusi davrning yetakchilaridan biri - kompyuterlar bosimiga qarshilik qilishga qodir kishilar bo‘ladi. Ijodiy salohiyat ham ulkan ahamiyat kasb etmoqda:

«Dunyoni nol va birlar qamrab borgan sari, rassomlar, artistlar va musiqachilarning iste’dodlariga bo‘lgan talab oshib bormoqda».

8. Vahima qilmang

«Mening texnologiyalar va kelajakka bo‘lgan qarashlarim utopik emas, optimistik, - deya fikrlaydi Ross. - Kelajak "Tentak Maks" yoki "Yulduzli yo‘l"dagidek bo‘larmikan? Hoynahoy, unday bo‘lmaydi. Reallik odatda o‘rtada bo‘ladi».

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Karerani robotlar ishg‘olidan himoya qilishning 8 usuli