09:03 / 25.01.2018
5 947

“Xo‘jayinim o‘zgarib qolgan…”

“Xo‘jayinim o‘zgarib qolgan…”
Ota-onamning ra’yiga qarab, orzu-havas bilan Jasurga turmushga chiqdim. Qaynana-qaynatam ham yaxshi insonlar edi. Tanigan-bilganlar havas bilan kelining bo‘lsa Ma’muraday bo‘lsin, uy yumushlarini o‘z o‘rniga qo‘yadigan, ayniqsa, qozonini aytmaysizmi, yaraqlaydi, deguvchi edi. Bu maqtov, chaqqon harakatlarimga ko‘z tegdi. Bexosdan uyimizga kiraverishdagi zinapoyaga sirpanib, yiqilib tushdim.

Falokat oyoq ostida ekan-da. Uyda o‘zimdan boshqa hech kim yo‘q edi. Ming bir azobda o‘nglanib olgunimcha ancha vaqt o‘tdi. Keyin og‘riq unchalik sezilmadi. O‘shanda umurtqa pog‘onam ichidan lat yegan ekan. Buning asorati uch oydan keyin bilindi. Shifoxonada yotib davolana boshladim. Tomografiyaga tushgunimcha 3-4 oy vaqt o‘tdi. Bu vaqtda ikki oyog‘im ham, ko‘krakdan pastim ham ishlamay qoldi. Shifokorlar tomografiya xulosalariga qarab operatsiya qilishdi.

U kunlarni eslashni ham istamayman. Besh marta jarrohlik stoliga yotishning o‘zi bo‘ladimi. Yaratgan egamga behisob shukrlar aytib yashayapman. Faqat bir muammo meni qiynayapti. U ham bo‘lsa xo‘jayinim tamoman o‘zgargan. Men bilan so‘zlashgisi, dardini aytgisi kelmaydi. Nazarimda hayotida yangi ayol paydo bo‘lganga o‘xshayveradi. Kechalari tinmay yig‘lab, yostig‘imni ho‘l qilib chiqaman. Bir og‘iz ko‘ngil so‘ramaydi. U o‘zini mendan olib qochgani sayin oyog‘imdagi og‘riq kuchayib boryapti.
Ma’mura, Xorazm viloyati.


Psixolog maslahati: Hozir og‘ir dardni boshingizdan o‘tkazayotganingiz uchun ko‘nglingiz noziklashib qolgan. Shuning uchun atrofda hammadan taskin, yupanch kutadigan bo‘lib qolgansiz. Kimdandir dalda eshitmasangiz xuddi o‘sha odam sizdan o‘zini olib qochayotgandek tuyuladi. Xo‘jayiningiz ham sizni nazaringizda o‘zgarib, uzoqlashayotgandek tuyulyapti. Aslida unday emas. Sizni dardingizni ko‘rib, bilib turibdi. Ammo qanday yordam berishni bilmay boshi qotgan. Biz ayollar boshimizga biror muammo tushsa darrov dardimizni birovga dasturxon qilib, yuragimizni bo‘shatib olamiz.

Erkaklar esa unday emas. Ular dardlarini ichlariga yutishadi. Siz buni o‘zingizga olmang. Faqat sog‘lig‘ingizni tiklab, tezroq avvalgi holatingizga qaytib, yana chaqqon kelin degan nomni olishga intiling. Bu sizni qo‘lingizdan keladi. Yuragida o‘ti bor ayollarning tovonidan chaqmoq chaqadi, deyishadi. Bu dardni sizga berilgan sinov deb qabul qiling. Bundan keyin o‘z sog‘lig‘ingiz haqida vaqtida qayg‘urishga harakat qiling. Ayni damda esa tushkunlikka tushmang. Sizni yana avvalgidek bo‘lishga harakat qilayotganingizni ko‘rgan xo‘jayiningizning ko‘nglida ham umid uchqunlari paydo bo‘lsa, ajab emas.
Psixolog Umida XOLIQOVA tavsiyalari asosida
N. RAHMONOVA tayyorladi.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Xo‘jayinim o‘zgarib qolgan…”