18:05 / 03.02.2018
7 415

Uzoq va baxtli yashashning 10 "oltin qoida"si...

Узоқ ва бахтли яшашнинг 10 "олтин қоида"си...
Har qanday vaziyatda ham hayot tarzingizni to‘g‘ri tashkil etsangiz, sog‘lig‘ingiz joyida bo‘ladi. Sog‘lom turmush tarzi qarishning sekinlashishiga xizmat qiladi. Shuning uchun har doim quyidagi 10 qoidaga amal qiling. Bu qoidalar sog‘lom turmush tarzi sari eng to‘g‘ri yo‘ldir.

1. Me’yorida va sog‘lom ovqatlanish salomatlikning bosh garovidir. Taomnomangizda, asosan, don mahsulotlari hamda sabzavotlardan tayyorlanadigan ovqatlar bo‘lishi lozim. Ular bilan birga iste’mol qilishda mevalarni ham kanda qilmang. Yog‘ va oqsilga boy bo‘lgan sut va go‘sht mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilishdan tiyiling. Biroq bu ulardan butunlay voz kechish kerak degani emas.

2. Badantarbiya va parhez yordamida tana vazningizni me’yorida saqlang. Agar vazningiz og‘irlashib ketsa, sizda qon bosimi, qandli diabet, yurak xastaliklari bilan og‘rish ehtimoli ham oshadi. Bu esa o‘z-o‘zidan qarishni tezlashtiradi. Shuning uchun har kuni kamida 30 daqiqa mashq qiling. Kundalik uy yumushlarida yordamlashish ham mashq qilish bilan barobar. Yurganingizda tez va chaqqon qadam tashlang, avtomobilingizni yuving, xonangizni changlardan tozalab, tartibga keltiring yoki farzandlaringiz bilan quvlashmachoq o‘ynang. Mashqlar ro‘yxatingizdagi mashg‘ulotlar sonini oshiring. Qisqasi, qancha serharakat bo‘lsangiz, organizmingiz shuncha chiniqadi va o‘zingizni yosh va chaqqon his etasiz.

3. Yaxshi dam — sog‘likka hamdam. Kattalar 7 soatdan 9 soatgacha uxlaganlari ma’qul. To‘yib uxlamaslik nafaqat diqqatingizni jamlay olmaslik, xotira susayishi hamda holsizlikka olib keladi, shu bilan birga, ruhiy tushkunlik, yurak-qon tomir xastaliklari va qandli diabet singari surunkali kasalliklarni ham keltirib chiqaradi.

4. Tishingizni hech bo‘lmaganda kun davomida ikki marotaba yuvib turing. Tadqiqotchilarning fikricha, tish kasalliklari yurak xastaligiga ham sabab bo‘ladi.

5. Ko‘chaga chiqqanda ko‘proq yayov yuring. Bu yurak-qon tomir va oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilaydi.

6. Spirtli ichimliklarni ichmaganingiz ma’qul. Chunki ichkilik saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, homilador ayollarga ichish umuman mumkin emas.

7. Chekishdan voz keching. Agar cheksangiz, hozir buni to‘xtatishning ayni payti. Tamaki tananing deyarli barcha a’zolarini zaharlaydi va tez qaritadi. Chekuvchilar chekmaydigan insonlardan o‘rtacha 14-15 yil kam umr ko‘rishadi. Hayot shundoq ham qisqa ekanligini o‘ylang va bu zahardan o‘zingizni o‘zingiz himoyalang.

8. Tananing kasallikka qarshi kurash tizimini mustahkamlab boring. Buning uchun zarur emlashlarni vaqtida olishni unutmang. Kattalarni emlash ularning yoshi, salomatlik darajasi, kasallik tarixi va boshqa omillarga ko‘ra belgilanadi. Shifokoringiz bilan aloqani uzmang. Har qanday sharoitda ham o‘zingizni o‘zingiz qo‘llab-quvvatlang.

9. Ruhiy tushkunlikdan xalos bo‘lib, hayotingizni mazmunli o‘tkazish uchun o‘zingiz sevgan ish bilan shug‘ullaning. Buning yana bir afzallik tomoni shuki, yaxshi kayfiyat bilan boshlangan ish ruhiyatni yengillashtiradi, yurakni baquvvat qiladi.

10. Yoshingiz qirqdan oshgandan keyin sog‘lomlashtirish klublariga, jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarda ishtirok etishni boshlang. Chunki sevimli mashg‘ulot tanlash kayfiyatingiz yuqoriligini ta’minlaydi. Ana shu klublardan qaytgandan keyin esa kitob o‘qish orqali ruhni ma’nan to‘yintirish mumkin. Ruhiy xotirjamlik esa idrok va zehn tiniqligiga xizmat qiladi.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Uzoq va baxtli yashashning 10 "oltin qoida"si...