17:25 / 12.02.2018
7 805

Muvaffaqiyat kaliti qayerda?

Muvaffaqiyat kaliti qayerda?
O‘ziga ishongan kishi jasoratli bo‘ladimi? Yo jasoratli kishi o‘ziga ishonadimi? Bu savolning javobi muhim emas, muhimi — muvaffaqiyat kaliti o‘zingizda! O‘zingizga bo‘lgan ishonch va jasoratda!

Ishonch
«Fillarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q: ular qanchalar ulkan bo‘lsalar, shu qadar itoatkordirlar», deb yozadi Charli Chaplin kundaligida...

Yog‘ochsozlik sanoatida dong taratgan fabrika xo‘jayini Іindistondagi taniqli filchilik fermasida g‘aroyib holatga duch keladi. Fillarning kattayu kichigi orqa oyog‘iga bog‘log‘lik, bir siltash bilan uzish mumkin bo‘lgan arqonga bo‘ysunib yurar edi. Bu yerda bahaybat jonivorlarni boshqarishda na qafas, na changaklarga zarurat bor edi.

Tadbirkor arqonning izmiga itoat qilgan ulkan hayvonlarga hayrat bilan tikilar, har qancha urinmasin, ularning nega bu ingichka arqonni uzib, fermadan qochishga urinmasligiga aqli yetmasdi. Sayyoramizning eng qudratli jonzotlarini bu ahvolda ko‘rish ham kulgili, ham achinarli.

Qiziquvchan tadbirkor unga hamrohlik qilayotganlardan bu holatning sababini so‘radi.

— Ular go‘dakligidanoq xuddi shu o‘lchamdagi arqon bilan bog‘lab qo‘yiladi. Yosh filchalarning bu arqonni uzishga kuchi yetmaydi. Fil bolasi ulg‘aysa ham, biz iplarni almashtirmaymiz. Shuning uchun ular «Bu arqonni uzishga hali ham ojizmiz», degan ishonch bilan ulg‘ayishadi va ipni uzishga harakat qilmaydilar», — dedi ferma egasi.

Xulosa shuki, oyog‘ingga bog‘langan, yengilgina siltov bilan xalos bo‘lish mumkin bo‘lgan ipni uzib tashlash, imkoningni namoyish qilish uchun senga bor-yo‘g‘i kerak bo‘ladigan omil — ishonchdir.

Sinov
Fermerning go‘zal qizini sevib qolgan cho‘pon o‘g‘lining ko‘zlariga dunyo tor ko‘rinibdi. Otasi noilojligi bois, qolaversa, qalbidagi muhabbat undovi bilan uning o‘zi fermerning huzuriga boribdi. Yigit ko‘nglidagini aytayotganida fermer unga bosh-oyoq razm solib, oshiqning so‘zlariga shubha qilmabdi.

— O‘g‘lim, sevgingni hurmat qilaman. Lekin qizim baxtli bo‘lishi uchun buning o‘zi kifoya emas. Insonni baxtli qiladigan uning fe’li va amalidir. Men seni sinash uchun uchta ho‘kizni birma-bir maydonga qo‘yib yuboraman. Sen ulardan birortasining shoxini qayirib, bo‘ysundira olsang, qizimga sendan munosib kuyov topa olmasligimga amin bo‘laman, — debdi.

Oshiq og‘ilxona qarshisidagi maydonda turib, birinchi buqaning chiqishini kutibdi. Ko‘p o‘tmay pishqira-pishqira vajohat bilan chiqib kelayotgan ulkan, shoxdor buqani ko‘rib, muhabbatini ham unutib qo‘yibdi va chetroqqa chiqib, keyingi ho‘kiz bilan olishishga qaror qilibdi.

Oshiqning holini payqagan fermer og‘ilxonadan keyingi buqani chiqarib yuboribdi. Yigit bechora qarasa, bunisi oldingi buqadan ham haybatliroq, qassob hidini sezgandek, ko‘zi qonga to‘lgan ho‘kiz ekan. Yigitning nafasi ichiga tushib, bu safar ham maydonga tushishga shahdi yetmabdi.

«Ehtimol, xo‘jayin meni sinayotgandir. Іozir u nimjon va kuchsiz buqani maydonga tushirishiga ishonchim komil!» o‘ylabdi va miyig‘ida kulib qo‘yibdi.

Og‘ilxonadan chiqib kelayotgan uchinchi ho‘kiz yigitning baxtiga chindan ham nimjon va oriq edi. Omadi kelganidan xursand bo‘lib, maydonga shahd bilan otilgan yigit ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ho‘kizning boshida shoxi yo‘q ekan.

— Chinakam imkoniyat mashaqqatlar ichida bo‘ladi. hech qachon imkonning qulayini kutma. Aks holda, hayotdadoim yutqazishga mahkumsan, o‘g‘lim, — debdi fermer hafsalasi pir bo‘lgan oshiqqa.
Shuhrat SATTOROV tarjimasi

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Muvaffaqiyat kaliti qayerda?