09:40 / 18.02.2018
7 921

Onasini ko‘rib qizini ol...

Onasini ko‘rib qizini ol...
Bir abituriyent qiz geografiya fakultetiga kirish uchun test topshirib chiqdi. «Savollar qiyin bo‘lmadimi, qizim?» – deb so‘radim undan. «Juda qiyin savollar tushdi», — dedi u hech ikkilanmasdan. «Muallimchilik kasali» tutib qoldimi, ishqilib: «Masalan, qanday savol?» — deya qiziqdim. «Masalan: «Qaysi shaharlar neftni eng ko‘p eksport qiladi?» — degan savol tushdi», — dedi. «Yo‘g‘-e, — dedim men, — «qaysi mamlakatlar» degandir?» «Yo‘q, aynan «shaharlar» degan». Keyin undan test javoblarini aytishni so‘radim. «Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq», — dedi. Men unga: «Bular shahar emas, hammasi mamlakat-ku!» — deb o‘tirmadim. Chunki u shahar bilan mamlakatning farqiga boradigan darajada bilim yoki aql-farosatga ega emas edi...

Shu qiz o‘tkir bir yigitga turmushga chiqdi. Oradan yillar o‘tib, ularning maktabni bitirayotgan bolasini savolga tutdim. Amin bo‘ldimki, buning ong-tafakkuri, bilimi, aql-farosati darajasi onasinikidan unchalar uzoq emas.

Bola o‘zini qiziqtirgan hamma-hamma savoliga aniq-tiniq javob olishi — shart. Savollariga javob ololmadimi, savol bermay qo‘yadi. Savol bermay qo‘ydimi, aqliy taraqqiyot pastlay boshlaydi. Bir yoshida olishi kerak narsani ikki, ikki yoshida olishi kerak bo‘lgan narsani uch, uch yoshida olishi lozim bo‘lgan narsani to‘rt yoshida... olsa, tengdoshlaridan orqada qoladimi? Umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirgan ayrim bolalarning dunyoqarashi va bilim saviyasi ba’zan beshinchi sinfni tugatgan bola darajasi qadar bo‘lishi ham mumkinmi? Juda mumkin-da.

Nazarimda, har bir kishi umrining oxiriga qadar onasi (yoki ona o‘rnidagi ayol) bergan tarbiya bilan yashaydi. Shuning uchun jamiyat ma’naviyati, ma’rifati, axloq-odobi — avvalo, onalar ma’naviyati, ma’rifati, axloq-odobiga chambarchas bog‘liq. Jamiyat ravnaqi uchun xotin-qizlarning bilim saviyasini ko‘tarish, ma’rifatini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish — o‘ta muhim masala.

Ilmda isbotlanganki, bola besh yoshigacha umrining oxirigacha oladigan jami axborotning (demakki, aqlning) 70 foizini olib ulgurar ekan. Xo‘sh, bola besh yoshiga qadar onasi bilan ko‘proq bo‘ladimi yoxud otasi bilanmi? Albatta, onasi bilan. Xo‘p, onada axborot ko‘p bo‘lsa, bola ko‘proq axborot oladimi yoki kam bo‘lsami? Onaning dun­yoqarashi — tor, ilmi — past, tushunchalari — tuban bo‘lsa, bola qayerdan axborot olib, aqlini qanday o‘stirsin?

Bu mulohazalar bilan oilada otalarning yosh avlodni voyaga yetkazishdagi o‘rni va mas’uliyatini zarracha kamsitish yoki inkor etish fikridan butunlay yiroqman. Zotan, hamma narsa juft qilib yaratilgan. Bu bola tarbiyasi borasida ham o‘z aksini topishi zarur.

Jamiyatning siyosati, iqtisodiyoti va ma’naviyati bo‘ladi. Oilaning ham. Ota ko‘proq oilaning siyosati bilan iqtisodiyotini boshqarsa, ona uning ma’naviyatiga rahbarlik qiladi, desak, to‘g‘riroq bo‘lar.

Bir ota akademik litseyni bitirayotgan o‘g‘liga: «Agar oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirsang, mashina olib beraman», — debdi. Bola grantga kiribdi. Otasi «Matiz» olib beribdi. Lekin o‘sha kundan kayfiyati yo‘q emish. Qandaydir arazlaganday, tushkun bo‘lib qolibdi, bo‘lar-bo‘lmasga ota-onasiga zarda qiladigan odat chiqaribdi. Surishtira-surishtira sababini topishibdi. Bor-yo‘g‘i shartnoma asosida o‘qishga kirgan o‘rtog‘iga otasi «Lasetti» olib bergan ekan. Noroziligi shundan emish...

Bu oilada siyosat to‘g‘ri olib borilgan. Bola o‘qishga qiziqtirilgan. Mukofot ham va’da qilingan. Natija ham yaxshi bo‘lgan. Ya’ni uning mehnati munosib rag‘batlantirilgan.

Bu oilada iqtisodiyot masalasi ham — joyida. Endigina o‘qishga kirgan o‘g‘ilga avtomobil olib berish uchun moddiy imkoniyat yaratilgan. Ammo bu oilada ma’naviyat to‘g‘ri izga qo‘yilmagan. Hayotda yillab ishlab, «Matiz»ga yetolmayotganlar qancha. Bolada katta noshukrlik bor. U mashinaga, baribir, juda oson erishgan. Shunga ham rozi emas. Hayotni bilmaydi. Bundan tashqari, qalbida hasad nish urgan. Bu illat vaqtida yo‘qotilmasa, o‘ta yomon oqibatlarga olib keladi. Hasad, avvalo, hasadchining o‘zini yeydi.

Kamalakning rangi bir xil bo‘lmagani kabi, oilalarimizning iqtisodiy imkoniyatlari ham har xil. Birov boy, birov o‘rtahol. Oilalarimizning iqtisodiy ahvoli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ota-ona bir narsaga juda jiddiy qarashga majbur: hech bir farzand o‘ksib o‘smasin! Ana o‘sha o‘qishga kirgan kuni «Matiz»ga ega bo‘lgan boy oilaning bolasida o‘ksish bor. Qaysidir farzand uning yoshida qattiq mehnat qilib, qo‘li kaltaroq ota-onasining qavatiga kirgan, oilaning moddiy ahvolini yaxshilashga qat’iy bel bog‘lagan. Lekin unda o‘ksish yo‘q. Kam ta’minlangan oilada ham bolalarni o‘ksitmay o‘stirish mumkin. Afsuski, boy oilada farzand o‘ksib voyaga yetishi ham mumkin ekan-da.

O‘zbek bekorga ko‘rishganda birinchi bo‘lib oila, bola-chaqani so‘ramas ekan. Biz taniganlarimizning oilasi bilan ham qiziqamiz. Hayotni ko‘raverganing sari oila bilan bog‘liq masalalar ham haddan ziyod ko‘p ekaniga amin bo‘lar ekansan.

G‘arbliklarni ma’naviy tanazzulga olib borgan, amalda oila muqaddasligini yer bilan yakson qilgan «erkin muhabbat» g‘oyasi bizga ham kirib kelganiga ancha yillar bo‘lgan. Xalqimiz orasida xulq tarbiyasini asriy an’analar o‘zanidan chiqarishga urinishlar ana shundan darak.

Oqibat nima bo‘ldi?

Ellik yoshdagi otaning farzandi tengi qizga gap otishiga kulibgina qaraymiz. Bunga ayrim qizlarning o‘zi ham moyil bo‘lib qolayotgani bundan ham yomon.

Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalaridan birining ko‘chadagi oshxonasida choy ichib o‘tiribmiz. Orqa stoldagi uch-to‘rt talaba qizning o‘zaro suhbati quloqqa kirib turibdi. Birovi ikkinchisiga aytgan gapini eshitib, boshim qotib qoldi:

— Dekan o‘rinbosarining qizi bilan bir guruhda o‘qiyman. Xonasiga qizi bilan kirganimda o‘zini sipo tutadi. Yolg‘iz kirdimmi, bo‘ldi, har gal gap otadi, iflos. Bunday gap otgandan ko‘ra, bir-ikki imtihonimni yopib bersin!..

Shart orqamga o‘girilib: «E qiz, bir-ikki imtihoningni «yopib bersa», u seni sog‘ qo‘yadimi?!» — degim keldi. Lekin bunday qilmadim. Chunki shunday deyish darajasida tubanlik botqog‘iga botgan ma’naviyatsiz qizga bu gap ta’sir qilarmidi?

Ba’zan biz — kattalarning o‘zimiz yoshlarimizga o‘rnak bo‘lish o‘rniga, ma’naviyatsizlikka eshik ochib ber­yapmiz. 1978 yil edi. Katta bir oliy ta’lim muassasasi zalida taniqli bir olimning ellik yoshligi nishonlanyapti. Taomilga ko‘ra, yubilyarning yonida mamnun bo‘lib xotini ham o‘tiribdi. So‘zga chiqqanlar uning yostiqdoshi haqida aytayotgan iliq gaplardan xursand ekani shundoqqina yuz-ko‘zida aks etib turibdi. Shunda viloyatlarimizning biridan kelgan o‘ttiz besh yoshlardagi chiroyli, kelishgan, o‘ta biyron bir juvon so‘zga chiqib, ustozini og‘iz ko‘pirtirib maqtay ketdi. Balandparvoz nutqining oxirida:

— «Azizlar! Kelinglar, sizlarning huzurlaringizda men ustozimni bitta o‘pay», — dedi-da, shaxdam qadamlar bilan yubilyarning ro‘parasiga borib, bo‘yniga obdon osilgancha yuz-ko‘zidan cho‘lp-cho‘lp o‘pdi.

Olimning yonida o‘tirgan xotinining avzoyi buzildi. Labiga kulgi bormay qoldi. Tantana uning uchun motamga aylandi. Uyda nima holat kutayotganini tasavvur qilish qiyin emas edi.

Dinimizda eri bor ayolning nomahram erkakni o‘pishi u yoqda tursin, turmush qurish uchun ko‘rishayotgan yigit-qizning qo‘l ushlashiga ham ruxsat berilmaydi. Birinchidan, hali to‘ygacha ancha bor. Ikkinchidan, hali bu ikkalasi o‘rtasida to‘y bo‘ladimi-yo‘qmi?..
Sultonmurod OLIM

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Onasini ko‘rib qizini ol...