09:40 / 21.02.2018
13 802

Soliha ayol

Soliha ayol
Ulug‘ olimlarimizdan bittasi darslarining birida ajoyib hikoyani aytib berdi.

U do‘stlaridan birini ziyorat qilish uchun bordi. Do‘stini g‘amdan gangib qolgan, nihoyatda qayg‘uli holda ko‘rdi. Undan bu xafagarchilikning sababini so‘raganda, do‘sti yig‘lab yubordi. So‘ng:

– Taqsir, ayolim kasal. Uch kundan beri uning tepasida qarab o‘tiribman, – dedi.

Olim aytadi: “Uning bu qadar qattiq iztirobini va yig‘lashini ko‘rib hayron bo‘ldim”. Shunda u:

– Taqsir, ehtimol ayolim uchun iztirob chekib, ko‘z yosh to‘kishim sizga g‘alati ko‘rinayotgandir. Agar siz u haqda men bilgan narsani bilganingizda, meni bu qadar unga qayg‘urayotganimdan hayron bo‘lmas edingiz, – dedi

Olim aytadi: “U nihoyatda faqir kishi bo‘lib, o‘zini ehtiyojini ham qoplay olmaydigan oddiy, uncha e’tiborli bo‘lmagan bir vazifada ishlar edi.

Kunlarning birida, Allohning inoyati ila bir obro‘–e’tiborli davlatmand kishi, uning omonatdorligi va diyonatini ko‘rib, agar istasa, unga o‘z qizini nikohlab berishini taklif qilganini aytdi.

To‘y bo‘lib o‘tdi. Jufti haloli, uning hayotini jannatga aylantiradigan darajada nihoyatda soliha ayol edi.

Kunlarning birida uning otasi mening oldimga kelib:

– Ey yigit, Allohdan qo‘rq! Xotining uchun biroz non, pishloq, qalampir va loviya ham sotib olib ber. Hadeb go‘shtni ko‘paytirma. U go‘sht – yog‘ va mevalarga to‘ygan, – dedi. Haligi kishi:

– Uning gaplarini eshitib hayratda qoldim. Unga nima deb javob berishimni ham bilmas edim. Bu gapi bilan nima demoqchi bo‘lganini tushunolmay xotinimni oldiga kelib, unga otasidan eshitgan gaplarimni aytdim va otasining nima uchun bunday deganining sababini so‘radim”.

Ayolimning javobini eshitib, oyoqlarim titrab ketdi. U har safar otasining uyiga borgan vaqtda uning oldiga go‘sht va yog‘li taomlar, turli mevalar keltirilsa:

– Men bunday taomlardan ko‘p yeganman. Erim bunday taomlarni serob qilganligi uchun bularni iste’mol qilishni istamayman. Go‘sht va yog‘li taomlardan to‘ydim. Pishloq, qalampir, loviya va shunga o‘xshash narsalarni ko‘nglim tusayapti, – der edi.

Lekin aslida erining uyida bir yoki ikki oyda bir marta go‘shtni ko‘rar, ular odatda non, pishloq, qalampir va loviya kabi oddiy yemishlar bilan kun kechirishardi. Erining topish-tutishi yaxshi bo‘lmaganligi uchun bir amallab ro‘zg‘or tebratishardi. Ayoli esa ota-onasi va qarindoshlari oldida erining obro‘sini saqlar, boshqalar oldida uning sha’nini yuksak maqomga ko‘tarar edi. Yetishmovchilik va ochlik mashaqqatlariga sabr qilar, birorta inson erini hojatmandligi va faqirligi sabab kamsitishiga rozi bo‘lmas edi. Kelib chiqishi badavlat xonadondan bo‘lishiga qaramay, erining topganiga sabr qiladigan soliha ayol edi.

Haligi kishi, olimga qarab:

– Taqsir, mana endi ayolim uchun qayg‘urishim va u uchun ko‘z yosh to‘kishimning sababini bildingiz. Bu uning bitta fazilati, xolos, men uning odob-axloqi, namozi, ro‘zasi, taqvosi, menga va boshqalarga chiroyli munosabatda bo‘lishi haqida hali so‘z ochmadim, – dedi.

Olim boshini quyi solgancha, uning gaplarini eshitdi. So‘ng chin dildan do‘sti va uning oilasi haqqiga duo qildi.

Darhaqiqat, bu soliha ayol, boshqa ayollar uchun go‘zal ibratdir. Sizlardan yashirmayman, bu soliha ayolning hikoyasini eshitgan vaqtimda ko‘zlarimga yosh keldi. Chunki, oilada boriga qanoat qilib yashash, eri va oilasining yomonini yashirib, yaxshisini oshirib hayot kechirish haqiqatda maqtovga sazovor ishdir. Qolaversa, bu ayol Robbisi bilan “tijorat” qildi. Dunyosi evaziga oxirat saodatini qo‘lga kiritdi. Bu soliha ayol erini rozi qilish orqali Allohning roziligiga yetishini chuqur anglab yetdi. Bu esa jannat kalitidir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: “Qaysi ayol vafot etsa-yu, eri undan rozi bo‘lsa, jannatga kiradi” (Termiziy, Hokim rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Agar ayol besh vaqt namozini o‘qisa, farjini – iffatini saqlasa va eriga itoat qilsa, jannatning istagan eshigidan kiradi”, deyilgan (Ibn Hibbon rivoyati).

Rivoyat qilinadiki, eriga itoatkor ayol haqqiga, modomiki eri undan rozi bo‘lar ekan, havodagi qushlar, suvdagi baliqlar, osmondagi farishtalar hamda quyosh va oy istig‘for aytadi.

Manba: Fitrat.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Soliha ayol