13:02 / 03.08.2018
6 089

Ikki o‘t orasida (Voqea real hayotdan olingan)

Ikki o‘t orasida (Voqea real hayotdan olingan)
Rahima telefon go‘shagini joyiga qo‘ydi-da, bo‘shashgancha divanga o‘tirib qoldi. Sal narida olti yashar o‘g‘li Adham hayron boqib turar, na onasiga yaqin kelishni, na tashqariga chiqib ketishni bilmay arosatda edi.

— Demak, kelgani rost. — asabiy pichirladi Rahima. — Go‘shakdan odamlarning baqir-chaqirlari aniq eshitilib turibdi. U aeroportda. Uzog‘i bilan bir soatda yetib keladi. Bilib qolsa-ya!?. Anvar akam bilan uchrashib yurganimdan xabar topsa-ya!?. E, nima qilardi? O‘zidan ko‘rsin. Olti yildan beri dom-daraksiz edi. Men nima qilishim kerak? Kutishim kerakmidi? Bolam-chi? Uni bog‘chadan oladigan ellik ming so‘mga boqarmidim? O‘zim-chi? Mendayam yurak bor, istak-xohish bor. Yo‘q, qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Uyga kiritsam ham jon desin.

— Oyi, nega xafasiz? — Rahima o‘g‘lining ovozini eshitib birdan boshini ko‘tardi va shosha-pisha o‘rnidan turdi.

— Xafa emasman, bolajonim. — dedi Adhamning boshini silab. — Dadang kelayotgan ekan.

— Dadam?.. Qaysi dadam, oyi?

— Qaysi dadang bo‘lardi? O‘zingning dadang-da! Aytgandim-ku, uzoqqa ishlagani ketgan deb! Ana o‘sha Rahmatali dadang-da! Senga o‘yinchoqlar, daftar-kitoblar olib keladi.

— Ura, dadam kelayaptiykan, ura!.. — Bolakay beixtiyor ko‘zlari chaqnab irg‘ishlay ketdi.

— Oyi, o‘rtoqlarimgayam chiqib aytsam maylimi dadam kelayotganini?..

— Albatta, boraqol! Faqat uzoq qolib ketmagin-a! Dadang kelib seni qidirib qolmasin!

— Yo‘q, tezda qaytaman, oyi!..

* * *

O‘g‘ilchasi chiqib ketgach, Rahima yana telefonga yopishdi. Go‘shakdan tanish ovozni eshitgani hamono, salom-alikni ham yig‘ishtirib qo‘yib, maqsadga o‘tdi.

— Anvar aka, endi uch-to‘rt kun uchrashmay turamiz shekilli. — dedi hiyla titrab.

— Nega?

— Erim… Kelyapti ekan?.. Hozir qo‘ng‘iroq qildi.

— Nima qipti? Uni… Uni kiritasanmi uyingga?

— Nega kiritmay? O‘zining uyi. Qolaversa, bolamning otasi. Hali ajrashmagan bo‘lsak.

— Bekor qilasan. U olti yildan beri dom-daraksiz ketsin-da, sen hech narsa bo‘lmaganday kutib olgin!

— Anvar aka… — Rahima picha ovozini ko‘tardi. — Siz ham meni qiynamasangiz-chi! Kelsa nima bo‘pti? Sizminan uchrashmayman deyotganim yo‘q-ku!..

— Shunaqa deysan-da!.. Lokigin… Xo‘p, qachon uchrashamiz? Shundan gapir, jonim!

Rahima ehtiyot shart tashqari eshikka bir nigoh tashlab olib javob qildi:

— O‘zim qo‘ng‘iroq qilaman!

* * *

Eshik bezovta taqilladi. Rahima yuragi dukillagancha eshik ro‘parasiga borib o‘rtadagi teshikchadan tashqariga boqdi. Ha, o‘sha! Podzdda boshiga kepka kiygan, uzun bo‘yli, mallasoch Rahmatali turardi. Ancha ozibdi. Malla sochlariga oq oralabdi. Bu kepka ostidan chiqib turgan tutam-tutam sochlarga nazari tushgan odamga aniq ko‘rinyapti.

Rahima eshik zulfiniga qo‘l yuborarkan, ko‘z o‘ngida yaqin o‘tmish gavdalanib, qo‘llarini qaytadan tortib oldi.

2000 yil. Yangi yil bayrami. Barcha qo‘shnilar uylarida qiy-chuv qilib yangi yilni kutib olishdi. Qadahlarning jaranglashigacha og‘iroyoq, erta-indin ko‘zi yoriydigan Rahimaning qulog‘iga chalindi. Uning yuragiga bayram sig‘armidi. Tushdan keyin ko‘chaga chiqib ketgancha, hamon qaytmagan eri Rahmatalini kutardi. Dasturxon ustida qo‘shnilar bergan ikkita patir, bir tovoqchada qand-qursdan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Yo‘q… Rahima yegulik, sovg‘alar haqida o‘ylamayapti. Hech bo‘lmasa shu kecha ichmay kelsaydi, janjal ko‘tarmasaydi, deya umid qilardi…

“Yangi yil kutmasam bir joyim kamayib qolmaydi. — o‘ylardi u. — Dadasi hushyor kelsa bas. Janjal qilmasa bo‘ldi…

Afsuski, umidlari puchga chiqdi. Soat tungi birlarga yaqin Rahmatali kirib keldi. Egnidagi kiyimlariga loy chaplangan, peshonasi, ikki yuzi tirnalgan, oyoqda zo‘rg‘a turardi.

Kirib keldi-da, hanuz divanda mung‘ayibgina o‘tirgan Rahimaning tepasiga keldi.

— H-ha, qanjiq! — o‘shqirdi u chayqalib. — Nega shu paytgachayam uxlamading? Yo o‘ynashingni kutyapsanmi-a?

Rahima qo‘rqa-pisa o‘rnidan turdi-da, orqasi bilan yurib yotoqqa kirdi va beliga jun ro‘molini o‘rab, yana zalga qaytdi.

— G-gapir, megajin! — dasturxondagi konfetlardan birini og‘ziga solib o‘dag‘aylashda davom etdi Rahmatali. — Qani o‘ynashing?

— Dadasi, nega unaqa deysiz? — yig‘i aralash tilga kirdi Rahima. — Qanaqa o‘ynash? Ichvolsangiz, bas, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapiraverasiz. Menda o‘ynash nima qilsin? O‘zim zo‘rg‘a yurgan bo‘lsam…

— Ha-a, shunaqasan!.. Qo‘rqasan!.. Bilaman, o‘ynashing bor!.. Manavi bolangam…

— Bolamga til tekkizma! — o‘zi sezmagan holda erini senlab yubordi Rahima. — Hali tug‘ilmagan norasidamga til tekkizma!..

— Bo‘lmasa, ayt, kimdan bo‘lgan!..

— Sendan bo‘lgan, bildingmi, sen alkashdan bo‘lgan!..

— Nima? Kim alkash? He onangni!.. Mana senga alkash deyish!..

Rahmatali xotinini qulochkashlab yubordi-yu, so‘kina-so‘kina ko‘chaga chiqib ketdi…

Ha, o‘shanda yaxshiki qo‘shnilar uxlashmagandi. Kaltak zarbidanmi, to‘lg‘oq boshlanib qoldi.

Qo‘shnilargina Rahimaning koriga yarab, tug‘ruqxonaga olib borib qo‘yishdi…

Rahmatali shundan so‘ng qorasini ko‘rsatmadi. Rahima bir haftadan so‘ng tug‘ruqxonadan chiqayotib eshitib qoldi. U kimlargadir qo‘shilib, Rossiyaga ishlash uchun jo‘nab ketganmish.

* * *

Eshik ochildi. Rahimaning qarshisida yangi jinsi ko‘ylak-shim kiyib, boshiga qorako‘l papaq qo‘ndirib olgan Rahmatali turardi.

U bir muddat xotiniga tikilib turdi-da, yerdagi buyumlar to‘la katta sumkani qo‘liga oldi.

— Kirsam bo‘lar? — so‘radi u jiddiy ohangda.

«Jiddiylashib qoptimi? — xayolidan o‘tkazdi Rahima sekin eriga yo‘l bo‘shatarkan. — Nahotki, ichishni tashlagan bo‘lsa?..»

Rahmatali ichkariga kirib, xonalarni birma-bir ko‘zdan kechirdi. So‘ngra toshoyna yoniga qo‘yilgan Adhamning suratiga ko‘zi tushib qo‘liga oldi.

— O‘g‘limmi? — so‘radi u Rahimaga yaqin kelib. — Nega indamaysan? Shu mening o‘g‘limmi?

— Yo‘q! — dedi Rahima teskari o‘girilib. — Bu bola o‘ynashdan bo‘lgan!

— Qo‘ysang-chi endi eski gaplarni qo‘zg‘ayvermay!.. Oradan olti yil o‘tdi. Men ham o‘zgardim. Ha endi… O‘shanda… Mastlikda gapirsam gapirgandirman… Bo‘ldi endi…

Rahmatali sekin xotinining yelkasidan quchib o‘ziga qaratdi va mahkam bag‘riga bosdi…

Rahima qarshilik qila olmadi.

Xayollari chalkashib ketgandi.

Faqat Anvar bilan kelgusi munosabatlari to‘g‘risida qayg‘urardi.

* * *

Shu onda tashqari eshik ochilib, Adham kirib keldi. Rahmatalini ko‘rdi-yu, taqqa to‘xtab, bo‘zraygancha onasiga qaradi.

— Voy, ana, dadang keldi, Adhamjon! — o‘g‘lini qo‘lidan yetaklab Rahmatalining ro‘parasiga olib keldi Rahima. — Ko‘rishmaysanmi?

Bolakay Rahimaning tizzasiga yopishgancha turaverdi. Rahmatali ham devorga suyanib olgancha bir muddat o‘g‘liga tikilib turgach, istar-istamas, unga yaqin bordi.

— Bu bola menga o‘xshamaydi-ku! — dedi bir qo‘lini Adhamning boshiga qo‘yib. — Senga o‘xsharkan. Lekin bir tukiyam menga o‘xshamayapti.

— Nima?.. O‘ynashdan orttiribmanmi bo‘lmasa?.. — tutoqib ketdi Rahima. — Sizning bolangiz-ku axir!

— Isbotla! — dedi Rahmatali istehzoli kulimsirab. Va lab burib uy ichlarini ko‘zdan kechira boshladi. Ana shunda javon ichidagi Anvarning suratini ko‘rib shosha-pisha qo‘liga oldi.

— Bu kim?..

Rahima tosh qotib qolgandi.

Ha, unutibdi. Suratni berkitish xayoliga kelmabdi. Endi nima qiladi? Nima deydi?..

Jonholatda Adhamni bag‘riga bosdi-da, bir burchakka biqinib oldi.

— Ha-a, meni aldamoqchi, «lox» qilmoqchi bo‘ldingmi? Meni-ya? Vey, men-chi, yerning tagida ilon qimirlasa bilaman. Qanjiq, nega jimsan? Kim bu deyapman?..

— Nima ishingiz bor? — birpaslik sukut, qo‘rquvlardan so‘ng boshini ko‘tardi Rahima. — Olti yildan beri qayerda edingiz? Biror marta xotinim bor, bolam boridi deb xabar oldingizmi? E, tug‘ruqxonaga borishga yaramay, qochvordingiz-ku!

— Sendan kim bu deb so‘rayapman, megajin! — baqirib tahdid bilan xotiniga yaqinlashdi Rahmatali. — Bola shundanmidi-a, shundanmidi?

— Bola sizdan, bildingizmi, sizdan!.. — Rahima ham bo‘sh kelmay yig‘lab baqirdi. — Men suyuqoyoq emasman!

— Unda nega kimligini ayta olmayapsan?.. Hozir bir urib abjag‘ingni chiqarib qo‘yaman! Ayt!

— Sizminan yashamayman! Yuragimdan chiqarib tashlaganman allaqachon sizni!.. Keting! Keting dedim!..

Rahmatali bu gapdan so‘ng sal bo‘shashgan ko‘yi ortga tislandi.

— Ketib bo‘pman! — dedi u Rahimaga alam bilan tikilib. — Mana shu xunasaning kimligini aniqlamaguncha hech qayerga ketmayman!..

“Aniqlab bo‘psan? — ko‘nglidan o‘tkazdi Rahima ehtiyotkorlik bilan Adhamni oshxona tomonga sudrab. — Senam ermiding?.. Baribir Anvar akamdan voz kechmayman!.. Ketmay qayerga borarding?..

Shularni o‘ylashga o‘yladi-yu, baribir qalbining bir chetida Rahmataliga nisbatan mehrmi, achinishmi, uyg‘ongandek, bolasini qattiqroq bag‘riga bosdi.

* * *

Ha, bu ayol ikki o‘t orasida qolib ketgandi. Shahar markaziy kasalxonasida jarrohlik qiluvchi Anvarni sevardi. Biroq farzandining otasiga ham befarq bo‘la olmasdi. Ayniqsa, Adham asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da Rahmataliga ko‘nika borishi uning ich-etini kemirardi. Anvar bilan ko‘rishdi deguncha hammasiga ko‘z yumib uning taklifiga ko‘nishni, nikohdan o‘tishni ixtiyor eta boshlardi. Ammo uyga qaytgach, shirakayf Rahmatalining Adhamga qo‘shilib o‘ynayotganiga ko‘zi tushar va xayollari chalkashib ketardi.

— Meni bolam bilan birga uzoq-uzoqlarga olib keting, Anvar aka! — dedi kunlarning birida. — Aytgandingiz-ku, qishloqqa ko‘chib ketamiz deb! Qiynalib ketyapman! Nima qilishni bilmay boshim qotgan.

— Xo‘p, — dedi Anvar og‘ir xo‘rsinib. — Qishloqqa ketamiz. O‘sha yerda ishimni davom ettiraveraman. Sizlar ham tinch bo‘lasizlar. Katta to‘y qilamiz.

— Qachon? Qachon olib ketasiz?

— Yana bir hafta sabr qiling. Bu yerdagi hujjat ishlarimni tugataman-u, shartta jo‘navoramiz. Aytgancha, eringiz-chi? U sizni ketishga qo‘yadimi, axir?

— Nega qo‘ymas ekan? Nega endi uni eringiz deysiz? Faqat… Adhamim bog‘lanib qolyapti xolos unga. Ana shundan xavotirdaman.

— Yaxshi, tayyorgarligingizni ko‘rib yuravering. Bir haftadan keyin jo‘naymiz!.. Ketamiz…

* * *

Bu tun negadir Adham Rahimaning yonida uxlashni istamay, Rahmatali yotgan xonaga chopqillab qoldi. Rahima battar vahimaga tushib, sekin eshik tirqishidan mo‘raladi. Rahmatali kursiga bir shisha aroqni qo‘yib olgan, qo‘lida piyola to‘la aroq. Adham esa uning atrofida turli o‘yinlar ko‘rsatib qiyqirib kular, Rahmatali unga o‘ychan termulib o‘tirardi.

Rahimaning bardoshi yetmadi. Shartta eshikni ochib ichkariga kirdi-da, Adhamga yopishdi.

— Bu yerda nima qilyapsan? Yur, yotamiz, uxlaymiz!..

Rahmatali dast o‘rnidan turib Rahimaning yo‘lini to‘sdi. Uning ko‘zlaridan yosh oqib, yuzlari osha iyagiga oqib tushardi.

— Namuncha yuraging tosh bo‘lmasa? — dedi u xirillab. — Kechirim so‘radim-ku! Nega bolaning xayolini buzasan?

— U uxlashi kerak. Yo‘limni to‘smang!

— To‘saman! To kelishib olmagunimizcha bu yerdan chiqmaysan.

— Siz bilan kelishadigan hech narsa qolmagan. Bemalol Rossiyangizga ketaverishingiz mumkin.

— Bekorlarni aytibsan!

Rahmatali Adhamni ko‘tarib olib yugurgancha zalga olib kirib ustidan eshikni yopdi va qaytib yotoqqa kirdi.

Bu orada Rahima ham ko‘ngli g‘ash tortib xonadan chiqib ketmoqchi bo‘ldi. Ulgurmadi. Rahmatali eshikni tambalab, yugurgancha keldi-da, uni dast ko‘tarib karavotga yotqizdi.

— Qo‘yvor! — deya ingranib erining kuchli qo‘llaridan xalos bo‘lishga intilardi Rahima. Afsuski, kuchi yetmasdi.

Rahmatali zarda bilan Rahimaning ko‘ylagini yechib pastga otdi va tomoqlaridan, yuz-ko‘zlaridan o‘pa ketdi.

— Sen menikisan! — hirs bilan shivirlardi u. — Eringman!.. Sen qayoqdagi chuvrindilar emas, men uchun yaralgansan. Yaxshisi, voz kech o‘sha iflosdan!

— Voz kechmayman! Qoch, sen menga nomahramsan!

— Nomahram? U-chi? Mahramingmi-a? Yo‘-o‘q! Sening mahraming faqat menman!.. Qani, kelaqol! Nozlanishni bas qil, jonim!..

Kuchli qo‘llar ichkariga oraladi. Bu… Harakat har qanday ayolning ham jonini olgulik.

Hozirgina turli qarama-qarshi xayollar iskanjasida qolib, azoblanayotgan Rahima birdan bo‘shashdi va o‘zi idrok etmagan holda inon-ixtiyorini erining qo‘liga topshirdi.

* * *

Tong otdi. Rahima bo‘shashgan ko‘yi o‘rnidan turdi. Deraza ostidagi karavotda Adham pishillab uxlar, Rahmatali esa teskari o‘girilib olgancha sigaret tutatardi.

“Nimalar qilib yurgan ekanman? — Rahima eriga zimdan boqarkan, ruhan ezila boshladi. — Nega o‘shanda yengiltaklik qildim? Erimni kuta olmadim? Nima bo‘lgandayam ko‘z ochib ko‘rganim edi. Bolamning otasi edi. Endi Anvar akaga nima deyman? Nimaga uni ishontirdim?.. E, haqiqatni aytaman. Tushunadi. Hayotimning qolganini tinchlik-xotirjamlikda o‘tkazishim shart. Bolamning shuncha vaqt otasiz yashagani yetar. Ortiq mung‘ayib qarashlariga toqatim yetmaydi.

Rahima qaytadan o‘ringa cho‘zilib, Rahmatalining yelkasiga boshini qo‘ydi.

— Uyg‘ondingmi, jonim? — u sigaretni kuldonga qo‘yib ortga o‘girildi va xotinini quchdi. — Yaxshi uxladingmi?

— Ha, anchadan beri bunaqangi tiniqib uxlamagandim. Qarang, Adhamingiz ham uyqu orasida kulib qo‘yyapti. Dadasi kelganiga bo‘lsa kerak.

Rahmatali bola yotgan karavot tomon qarab qo‘ydi-da, jilmaydi.

— Turaylik, men nonushta tayyorlayman. — dedi Rahima erini turtkilab. — Hademay ishga borishim kerak.

— Ishga? Yana o‘sha kasalxonagami? — Rahmatali beixtiyor rangi o‘zgarib Rahimaning iyagini changalladi. — Bormaysan. Endi o‘sha ishxonangga yaqin yo‘lamaysan?

— Voy, haydab yuborishadi-ku! — kulib yubordi Rahima. — Unda nima qilaman?

— Haydashsa haydashaversin. Uyda — mening yonimda bo‘lasan.

— Xo‘p, xo‘p. Siz aytgancha bo‘la qolsin. Qani, turing!..

* * *

Rahima yelib-yugurib nonushta tayyorladi. Ikkovlashib ancha paytgacha ovqatlanishdi. Ora-sirada Rahima eriga yer ostidan boqar, har tikilib qaraganda, yuragi hapriqib-hapriqib ketar, erining insofga kirganidan, eski odatlarini tashlaganidan astoydil umid qilardi.

Bir mahal yotoq eshigi ochilib ichkaridan Adham qo‘lida qandaydir surat bilan chopib chiqdi va to‘g‘ri Rahimaning yoniga keldi.

— Voy, bolajonim, yaxshi yotib turdingmi? — Rahima negadir rangi o‘chib o‘rnidan turib ketgan eriga-da e’tibor bermay, Adhamning qo‘lidagi suratni tortib oldi. — Bu nimaykan?

Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, suratda Rahmatali yoshamol, mallasoch bir ayolni quchib o‘tirar, ayolning qo‘lida chamasi bir yarim yashar atrofidagi qizaloq ham bor edi.

Rahima miyasi chayqalgan odam kabi oldiniga garangsib qoldi. Baribir darrov o‘zini qo‘lga olib Rahmatali tomon o‘girildi.

— Bu… Bu kimlar?.. — so‘radi u uf tortgancha qo‘liga sigaret olib tutata boshlagan eridan. — Nega indamaysiz?.. K-kimlar?..

— Senga nima qizig‘i bor?.. — javob qildi Rahmatali biroz xotirjam tortib.

— Iye, nega qizig‘i bo‘lmasin?.. Ayting!..

— O‘zing tushunib olmadingmi?.. Oilam…

— Oilam?.. Q-qanaqasiga?.. Biz-chi?.. Biz kimmiz unda?..

— Bo‘ldi-da endi!.. — jerkib tashladi Rahmatali. — Men sendan surishtirayotganim yo‘q-ku!.. Ha endi… Bir marta shunaqa bo‘lib qolgandi… Shungayam ota go‘ri qozixonami?..

— Shunaqa deng?.. — Rahima kutilmaganda qo‘lidagi suratni Rahmatalining yuziga uloqtirdi. — Meni… Aldab, ahmoq qilgan ekansan-da!.. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Men…

U jahl bilan yo‘lakka chiqdi-yu, Rahmatali ko‘tarib kelgan katta sumkani olib kirib oyoqlari ostiga tashladi.

— Yo‘qol, ko‘rnamak!.. Yo‘qol! Seni ko‘rishga ko‘zim yo‘q. O‘sha mallalaringminan qapishib qolgin!..

— Sen noto‘g‘ri ish qilyapsan. — deya uni tinchlantirmoqchi bo‘ldi Rahmatali. — Keyin o‘zing afsuslanib qolasan, nodon!

— Yo‘qo-o-ol, iflo-os! — baqirdi Rahima. — Mening uyimni bulg‘ama!.. Yo‘qolsang-chi!..

Rahmatali lab burgancha bir-ikki yelka qisib oldi-da, shosha-pisha kiyinib, sumkani yelkasiga ildi.

— Men ogohlantirdim… Buyog‘ini o‘zing bilasan!..

U chiqib ketdi…

Rahima esa ancha vaqtgacha o‘g‘lini quchoqlab o‘tirib qoldi…

Keyin… Sapchib o‘rnidan turdi-da, ko‘z yoshlarini arta-arta, Adhamni zaldagi divanga o‘tqazib, qo‘liga telefon go‘shagini oldi va kerakli raqamlarni terdi…

— Anvar aka, sizmisiz?.. Anvar aka, iltimos, bugunoq bizni qishloqqa olib keting!..

Manba: "Hordiq"

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ikki o‘t orasida (Voqea real hayotdan olingan)