08:02 / 10.09.2018
5 241

Baxt qasri

Baxt qasri
Saidakmal aka taqvoli, imon-eʼtiqodi mustahkam kishi. U bir necha yillar davlat tashkilotlarining birida hisobchi boʻlib ishladi. Ish jarayonida halollikni oʻz vijdon burchi deb bilib, birovlarning haqiga xiyonat qilmadi. Halolligi uchun ham ilk ishga kirgan joyida nafaqaga chiqquniga qadar ishladi. Umr yoʻldoshi Oynisa opa ham mulohazali, ogʻir-bosiq ayol. Ikki oqil insonning oʻstirgan ikki qiz va bir oʻgʻil farzandlari ham ota-onalari singari taqvoli boʻlib ulgʻaydilar. Ular farzandlariga doimo halollikdan, poklikdan saboq berdilar. Ayniqsa, ular dilbandlariga quyidagi oʻgitni qayta-qayta aytishni kanda qilishmasdi. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Odam farzandida hamma narsa qariydi, lekin hirs va orzu-havas qarimaydi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Sizlar esa, hamisha hirsni oʻldirib, boʻlar-boʻlmas orzu-havasga qul boʻlmanglar, deya uqtirishardi.

Oradan yillar oʻtdi. Ikki qizni oʻqitishib, hunarli qilib, turmushga uzatishdi. Nima ham boʻldi-yu, kichik qiz Maʼsumaning turmushi buzildi. U oʻgʻilchasi Shahobiddin bilan ota uyga qaytib keldi. Akasi Saidikrom har kuni darsdan keliboq Shahobiddinni suyub erkalar, koʻtarib olib koʻchalarda oʻynatib kelardi...

Saidikrom oʻqishini bitirgach, mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashdi. Ota-ona uni orzu-umidlar bilan uylantirishdi. Kelin bir farzandli boʻlgunicha yugurib-yelib uy ishlarini qildi. Farzandi dunyoga kelganidan soʻng kelinning koʻngliga nafs shaytonlari in qurdi: “Bu kichikkina hovlida mening bolam sigʻadimi yoki Maʼsumaniki? U ham bu hovliga ega chiqadimi?”

Kelin shu oʻylar girdobida har xil bahonalar bilan uyda janjal chiqarar, tun boʻyi eriga Maʼsumani, murgʻak Shahobiddinni yomonlardi. Inson baribir xom sut emgan banda-da. Qulogʻiga tun boʻyi shivirlangan boʻhtonlar oʻz kuchini koʻrsatmay qoʻymadi. Saidikrom koʻngli yarim singli bilan gaplashishni oʻziga ep koʻrmaydigan, gapirganda ham jerkib gapiradigan boʻlib qoldi. Shahobiddin “togʻajon!” deb yugurib kelsa, quchoq ochish oʻrniga burilib ketadigan qiliq chiqardi. Saidakmal aka ham, Oynisa opa ham oʻgʻillariga har qancha nasihat qilishmasin, qulogʻiga olmadi. Oʻgʻlining bu xatti-harakatlaridan ajablangan ota “Biz bola tarbiyasida qayerda adashdik? Qayerda xato qildik? Oʻgʻlim nega tugʻishgan singlisiga nisbatan bunchalik gʻarazlik qilyapti?”, deya oʻyga botdi.

Farzand tarbiyasiga bir tomonlama yondashmaslik kerak. Saidakmal aka va Oynisa opa bolalarini bir moʻminda boʻlishi kerak boʻlgan fazilatlar bilan tarbiya qildi-yu, faqat bir tomonini unutishgandi. Ularni bir-biri bilan mehr-oqibatli, yaxshi kunida ham, yomon kunida ham bir-biriga yelka tutib berishi lozimligini uqtirishmagani oilaga fojeani boshlab keldi. Natijada oiladagi mojaro kun sayin avj ola boshladi. Maʼsuma ota-onasiga bildirmay yigʻlar, uydan chiqib ketishga esa chorasiz edi. Hamkasbining zoʻrlovi natijasida qoʻshni viloyatdan kelib-ketib yuradigan bir tadbirkor yigit bilan tanishdi. Yigit ham imonli, diyonatli chiqdi. U Maʼsumaning oilada qiynalib yashayotganini eshitib, uni oʻz qaramogʻiga olishga, baxtli qilishga, farzandiga chin otalik qilishga ahd qildi.

Ha, Maʼsuma bir yaxshi insonning ahdi bilan baxtini topib ketdi. Ota-onaning bagʻri huvillab, Saidikrom va uning nafsga qul xotinini quvontirib olis-olislarga, ammo baxt qasriga ketdi... Saidikrom esa xotiniga qoʻshilib nafsga qul boʻlgani, singlisiga, jiyaniga qilgan qoʻrs muomalasi uchun ota-onasi oldida, vijdoni oldida qanday javob berishni bilmay oʻylovda qoldi. Bu toʻrt kunlik dunyoda mol-dunyoga hirs qoʻyish kishi yuzini shuvit qilishini u endi anglab yetgandi.
Zebo OMONOVA

Manba: Muslim.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxt qasri