19:39 / 10.09.2018
5 246

Smartfondan voz keching!

Smartfondan voz keching!
Koʻpchilikka maʼlumki, biz qaysidir maʼnoda mobil telefonimizga tobemiz, biroq, baribir, ulardan foydalanishga majburmiz. Shuning uchun koʻp sonli mobil ilovalarning qimmatbaho vaqtimizni oʻgʻirlashiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Quyida shu haqda toʻxtalamiz.

1. Avtomobilda telefondan foydalanishni bas qiling

Smartfonni mashina gʻaladoni (bardachok) ga soling yoki uni maxsus rejimga oʻtkazing. Android va iOC qurilmalarida shunday ilovalar mavjud. Muqobil sifatida Android boshqaruvidagi telefonlarga “Drivemode” ilovasini yuklab olishingiz mumkin. U telefon ekraniga qaramay, bor diqqatni yoʻlga qaratish imkonini beradi. Shuningdek, dastur musiqiy pleyer va xabarga ovoz bilan javob berish imkoni kabi koʻplab turli funksiyalarga ega.

2. Televizor koʻrayotganingizda yoki mutolaa qilayotganingizda telefonni oʻchirib qoʻying

Faol holatingizda smartfonni yoningizda saqlang. Biroq uyga borishingiz bilan mobil qurilmani uzoqroqqa olib qoʻying. Uni zaryadlashga qoʻying va xuddi uy telefonidek munosabatda boʻlishni oʻrganing. Undagi xabarlarni qancha kam tekshirsangiz, soatlab ijtimoiy tarmoqlarga shoʻngʻib ketish imkoni shuncha kam boʻladi.

Oʻrningizdan turib, xabarni oʻqishga toʻgʻri kelgan boʻlsa ham qurilmani yotgan joyidan qoʻzgʻatmang. Uni choʻntagingizga solmang.

3. Xabarlarni oʻchirib qoʻying

Bu, ayniqsa, shoshilinch javob talab qilmaydigan xabarlarga taalluqli. Qoʻngʻiroqlar va SMSni yoqiq qoldirish mumkin. Biroq “Facebook”, “Twitter” va boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan bogʻliq funksiyalarni oʻchirib qoʻying.

Yangi ilova yuklangandan keyin undagi xabarlarni darhol oʻchiring. Unga qaytadan kirsangiz kiribsiz, shunda u qayerdagi eslatmalari bilan diqqatingizni buzmaydi.

4. Qurilmadan foydalanish vaqtini chegaralang

Smartfonni qoʻlga olishingiz bilan, birinchi navbatda, biror foydali ish bilan shugʻullanish vaqti kelganini eslatib turuvchi taymerni oʻrnating. Android-smartfonlarda bu — “QualityTime” ilovasi.

Taymer ishga tushishi bilan imkon qadar telefonni toʻliq oʻchirib qoʻying. Bu chora keskindek tuyulishi mumkin, biroq hech boʻlmaganda bir marta shunday qilib koʻring va bundan nima chiqishini koʻrasiz.

5. Navbatda turganda smartfondan foydalanmang

Shifokorga navbatda turganda ijtimoiy tarmoqlarni koʻzdan kechirishdan boshqa yana nima bilan shugʻullanish mumkin, deb oʻylaymiz. Biroq yanada ijodkorroq va keng fikrliroq boʻlishni istasangiz, hatto shunday paytlarda ham smartfondan xalos boʻlishga toʻgʻri keladi.

Telefonni boshqa choʻntakka soling, shunda hadeb uni qoʻlga olavermaysiz. Smartfonga qurilmani oʻchirishni eslatuvchi fon suratini oʻrnating va har hafta uni yangilang. Atrofingizdagi real hayotda nimalar boʻlayotganiga qiziqish bildirishga harakat qiling.

6. Yotoqda telefondan foydalanmang

Yotoqda yotganingizda telefonni qoʻlga olmang. Kunning maʼlum bir qismida keraksiz funksiyalarni bloklash uchun Androidda “Offtime”, “iOC”da esa “Freedom” ilovasini qoʻllang. Ular sizga ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlab qoʻyadi. Avvalgidek muhim xabarlarni yoqib qoʻyishingiz ham mumkin.

Agar OAVda yoki ijtimoiy tarmoqlarda faol ishlasangiz, bunday usul norealdek tuyulishi mumkin. Shunday boʻlsa-da, baribir, ulardan foydalanish mumkin: masalan, tvit yoʻllash kerak boʻlsa, bir muddatga kompyuterga murojaat qiling.

7. Ijtimoiy tarmoqlardan keluvchi xabarlarni tekshirish sikliga barham bering

Pochta va boshqalarni koʻzdan kechirishni toʻxtatayotib, koʻpincha ularni yana qaytadan tekshirib chiqish istagi paydo boʻladi. Bir oʻtirishda bir ilovani tekshirish, undan keyin esa telefonni olib qoʻyishni oʻrganing.

Ilovalarga ketma-ket qarash odatidan xalos boʻlish qiyin, shuning uchun bu jarayonni avtomatlashtirishga harakat qiling. Foydalanib boʻlgan dasturlaringizni darhol yoping. Asosiy ekrandan chalgʻituvchi servislarni olib tashlang va ularni papkalarga joylang.

Bir ijtimoiy tarmoqni bir kun yoki bir haftaga oʻchirib qoʻyishga harakat qiling va tekshiring — bu haqiqatan siz uchun juda muhimmi yoki yoʻq. Boshqa servislar bilan ham xuddi shunday yoʻl tuting. Hech boʻlmaganda bir chalgʻituvchi dasturdan qutulishga muvaffaq boʻlsangiz, shuning oʻzi juda yaxshi natija.

8. Oson boʻladi deb oʻylamang

Mukammal muvozanatni topish qiyin. Yuqorida sanab oʻtilgan tavsiyalarga amal qilib koʻring. Ilovalar koʻp vaqtingizni oladi. Muhimroq ishingiz boʻlsa, unga vaqt ajratish uchun telefondan chalgʻishning yangidan-yangi usullarini izlashingizga toʻgʻri keladi. Tezkor yechim yoʻqligini anglab yetasiz. Bunga tinimsiz tajriba qilibgina erishish mumkin.
YASMINA tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Smartfondan voz keching!