12:45 / 22.09.2018
4 561

Energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha oʻrganishlar natijasi qanday?

Energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha oʻrganishlar natijasi qanday?
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunning ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tartibida oʻrganishlar oʻtkazildi.

Parlament quyi palatasida ana shu oʻrganishlar yakuni muhokama qilindi. Oʻrganishlar mazkur qonunni bugungi kun talablariga mos ravishda qayta koʻrib chiqish, uning bajarilishini taʼminlovchi qonunosti hujjatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish, ularni yanada takomillashtirish zaruriyati mavjudligini koʻrsatdi.

Taʼkidlanganidek, iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish masalalari Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida Harakatlar strategiyasida oʻz aksini topgan.

Uglevodorodli yerosti boyliklari resurslarining cheklangani hamda ulardan iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanish surʼatining jadallashuvi tufayli energiyani tejab-tergab ishlatish bugungi kunning dolzarb masalasiga aylangan.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda muhandislik kommunikatsiyalarning eskirishi va qoniqarsiz izolyatsiyasi natijasida energiya sarfi yiliga 320-690 kVt soat/metr kvadratni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi koʻrsatkichga nisbatan 2-2,5 marta ortiq. Energiyadan oqilona foydalanish evaziga iqtisod qilingan xarajatlar kommunal toʻlovlarni 25-30, atrof-muhitga chiqarilayotgan zaharli moddalarni 30 foizgacha kamaytirishga imkon beradi.

Yana bir eʼtiborli jihati, bularning barchasi makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish bilan birga, milliy valyutamiz va ichki bozordagi narx-navo barqarorligini taʼminlashga, xalqimiz turmushi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Deputatlar energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan manbalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar faoliyati talab darajasida emasligini qayd etdi. Shuningdek, energiya tejovchi qurilmalar, dastgohlar va qurilish materiallaridan foydalangan isteʼmolchilarni ragʻbatlantirish mexanizmi ham qonun talablari doirasida bajarilmagan. Energetika sohasida raqobatni kuchaytirish ekspertiza qiluvchi tashkilotlar uchun yagona talabni ishlab chiqish, ularning shaffofligi va mustaqilligini taʼminlashni taqozo etadi.

Oʻrganishlar davomida isteʼmolchilar mazkur qonun bilan belgilangan imkoniyatlar, ularning afzalliklari va ahamiyati haqida yetarlicha xabardor emasligi qayd etildi.

Tadbir yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha oʻrganishlar natijasi qanday?