19:37 / 28.10.2018
3 157

Jumboq: "Ko‘zbo‘yamachining qabrga olib ketilgan siri..."

Jumboq: "Ko‘zbo‘yamachining qabrga olib ketilgan siri..."
XX asrda mashhur ko‘zbo‘yamachi hisoblangan bu odamning haqiqiy ismi Erix Vayss. U 1874 yili Budapeshtdagi qadimiy kvartalda qashshoq yevrey oilasida tavallud topgan. Keyinchalik Vayssning otasi oilasini olib Amerika Qo‘shma shtatlariga ko‘chib o‘tdi…

Muqaddima

Vayss uchun Amerikadagi hayot oson kechmadi. Ko‘plab kasblarni o‘rganib ko‘rdi. Birontasidan ko‘ngli to‘lmadi. Ulardan voz kechishga majbur bo‘ldi. To‘g‘ri, u chilangarlikda tengsiz edi. Agar yoshlikdan shu kasbning etagini tutsa, kelgusida yomon pul topmasdi. Ammo kunlarning birida deyarli titilib ketgan bir kitob qo‘liga tushib qoldi. Bu kitob fransiyalik diplomat va afsungar Robert Gudin haqida edi. Shu kitobni o‘qidi-yu, yuragiga o‘t tushdi. Erix ko‘zbo‘yamachilik, afsungarlikka qiziqib qoldi va o‘ziga Garri Gudini taxallusini berdi.

Dastlabki qadam

Ilk namoyishini Gudini Nyu-York shahridagi ko‘ngilochar maskanlardan birida tashkil etdi. Baxtga qarshi nyu-yorkliklar yosh ko‘zbo‘yamachining qobiliyatiga ijobiy baho bermadi. Gudini bu yerda o‘zi xohlaganidek shuhrat va katta pulga ega bo‘la olmadi.

Shunda okean ortiga — Londonga jo‘nash istagi tug‘ildi. U shu shaharda o‘z baxtini topishga umid bog‘ladi. Bu gal ham omadi chopmadi. Londonda uni Amerikadan-da sovuqqonroq, shafqatsizroq kutib olishdi. Hatto, Gudini politsiyachilar ta’qibiga uchradi. Gudinining qo‘llarini kishanlab mahkamaga olib kelishdi. Shunda u politsiya xodimiga qarab bunday dedi:

— Agar sizga sezdirmay qo‘limdagi kishanning qulfini buza olsam, qo‘yib yuborasizmi?

Politsiyachi rozi bo‘ldi. Gudini politsiyachiga orqa o‘girgan holda qandaydir bir necha o‘n soniya ichida kishanning qulfini buzdi va qo‘llaridan yechib olib politsiyachiga tutqazdi. Ana shu lahzadanoq artist mashhurlik shohsupasiga ko‘tarila boshladi.

Rossiyaga safar

1903 yili allaqachon elga tanilgan Garri Gudini Rossiyaga gastrol safarini uyushtirdi. Uni bu mamlakatning sovuq iqlimi, hayratga to‘la jumboqlari, tengsiz boyliklari ohanrabodek o‘ziga tortgandi.

Moskvaga kelgach, Gudini shahar maxfiy xizmati rahbari general Lebedev qabuliga kirish sharafiga muyassar bo‘ldi.

— Menga bir imkon bering, — dedi u generalga. — Meni shahringizdagi istalgan turmaga qamab qo‘ysinlar. O‘sha turmadan sirli ravishda g‘oyib bo‘la olishimni tomoshabinlarga namoyish etay!

— Yo‘q, — deya keskin javob qildi general.

— Nega?

— Siz amerikaliklarda aytilganidek, sharhlab o‘tirishga hojat yo‘q.

Generalning rad javobida o‘ziga xos ma’no mujassam edi. U ko‘zbo‘yamachining nomeridan so‘ng turma nazoratchilari sharmanda bo‘lishini, jurnalistlar bu haqda dunyoga jar solishlarini xohlamasdi.

— Unda mustahkam sandiqdan o‘z kuchim bilan chiqib olishimga izn bering, — dedi Gudini.

General darhol katta, atrofi qalin temir bilan o‘ralgan, qopqog‘i po‘latdan yasalib, hech kim ocha olmaydigan qulflar urilgan sandiqni ko‘z oldiga keltirdi. Bu sandiqdan o‘shanda eng xavfli jinoyatchilarni surgunga jo‘natish maqsadlarida foydalanilardi.

— Ha, — bosh silkitdi general. — Bu iltimosingizni qabul qilaman. Ammo shuni bilib qo‘ying, agar sandiqqa o‘z ixtiyoringiz bilan tushsangiz, Sibirga jo‘nashingizga to‘g‘ri keladi. Uzoq sayohatga chiqishga rozi bo‘lasizmi?

— Roziman, — dedi Gudini ishonch bilan. — Ruxsat bersangiz bas.

Nomer boshlanishidan oldin artistni obdon tekshirib, oyoq-qo‘llariga qalin zanjir urishdi. So‘ngra sandiqqa solib qulf osishdi. Barvasta politsiyachilar sandiqni shahar turmalaridan biri kamerasiga joylashtirdi. Vaqt ketdi!..

Oradan roppa rosa 27 daqiqa o‘tgach, qora terga botgan, azbaroyi asabiylikdanmi, jussasi titrab qo‘yayotgan Gudini general Lebedev qarshisida paydo bo‘ldi.

— Ko‘rib turganingizdek, Sibir sayohatiga bormaydigan bo‘ldim, — dedi u kulimsirab.

Lebedev esa javob berish o‘rniga qo‘l ostidagi politsiyachilarni do‘qlay ketdi.

— Kim buni tekshiruvdan o‘tkazgan? Nega turmaning orqa taraflarini, axlat tashlanadigan trubalarni kuzatmadilaring? Ahmoqlar!

General haq edi. O‘z davrida ajoyib chilangar sifatida mashhur bo‘lgan Gudini aynan axlat tashlanadigan truba ichiga sandiq qulflari osonlik bilan ochiladigan maxsus jihozlarni berkitgandi.

Jahl otiga mingan general o‘sha kundan boshlab politsiyachilar, xavfsizlik xizmati xodimlariga Gudini ortidan tinimsiz kuzatuv olib borishni buyurdi. Shunga qaramay, Gudini mahalliy afsungarlar bilan qiziqishdan tiyilmadi, taqiqlangan hududlarga hech kimga sezdirmay tashrif buyuraverdi. Hatto, kim bilandir suhbatlashib o‘tirib, shunday jumlalarni tiliga ko‘chirdi:

— Men Rossiyaga kelib muhim sirni aniqlashga muvaffaq bo‘ldim.

Afsuski, bu qanday sirligini na suhbatdoshi, na politsiyachilar idrok eta oldi. Gudini tez kunda gastrol safari nihoyasiga yetib vataniga jo‘nab ketdi.

Gudinining siri

1913 yili Gudini Yevropa bo‘ylab gastrol safarlari uyushtira boshladi. Shunday kunlarning birida unga Amerikadan sovuq xabar olib kelishdi. Qadrdon onasi olamdan o‘tibdi. Shundan so‘ng qayg‘uga botgan Gudini eng mashhur, tengsiz qobiliyatga ega jodugar, afsungarlarga qatnab, onasining ruhi bilan tillashish istagi borligini ayta boshladi. Foydasi bo‘lmadi. Artist tushunib yetdiki, bu xizmat evaziga undan katta pul olgan afsungarlarning barchasi firibgar ekan.

Gudini azbaroyi jahli chiqqanidan ularni sirli ravishda jazolashga qaror qildi. Qismat ekan. Afsungar firibgarlar uning sirli jazolaridan, niyatidan voqif bo‘ldi va o‘zaro birlashib Monrealdagi universitetlardan birida leksiya o‘qib tashqariga chiqqanda tutib olishdi-da, ayovsiz kaltaklay ketishdi. Firibgarlar Gudinini o‘ldirishga bel bog‘lashgandi. Shu sababli shafqatsizlarcha kaltaklashdi. Oqibatda artist kasalxonaga tushib qoldi va o‘sha yerda vafot etdi.

O‘limidan sal oldin holidan xabar olish uchun kelgan xotini Rozabellaga shunday degandi:

— Rozabella, men Rossiyaga borganimda o‘ta maxfiy sirni anglashga erishdim. Sen hamma narsaga tayyor tur! Kut! Ishon!

Shundoq ham erining ahvolidan qattiq qayg‘uga botgan Rozabella buni o‘shanda umuman idrok eta olmagandi. O‘limidan so‘ng birdan erining nima demoqchi bo‘lganini anglab, uzoq yillar umid bilan yashadi. Ajoyib kunlarning birida eri tushiga kirishi va o‘sha sirdan ogoh etishini kutdi.

Mana, hanuz Amerika ahli bu sir aslida nima ekanini aniqlay olmadi. Gudinining siri o‘zi bilan qabrda qolib ketdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jumboq: "Ko‘zbo‘yamachining qabrga olib ketilgan siri..."