23:00 / 16.11.2018
2 962

Onaga yaxshilik qilishning 150 usuli (6-qism)

Onaga yaxshilik qilishning 150 usuli (6-qism)
41. Agar onangizga nisbatan aka-ukalaringizdan biror xato o‘tadigan bo‘lsa, ular nomidan siz uzr so‘rang. Ularni tarbiyalashda onangizga ko‘maklashing. Ko‘ngillari sinmasligi uchun shayton aralashganini va tez orada to‘g‘ri yo‘lga tushib ketishlarini aytib, onangizni ovuting.

42. Boshqalarning onangizga nisbatan qilgan noma’qulchiliklarini bo‘rttirib yubormang. Misol uchun, qarindosh-urug‘lar, do‘stlar va farzandlardan o‘tgan narsalar kichraytirilib, ya’ni jiddiylashtirmay hal qilinsin. Bu bilan farzand onani tinchlantirgan va yaqinlarning ona qalbidagi o‘rnini saqlagan bo‘ladi.

43. Noxush xabarlar va to‘satdan sodir bo‘lgan noxushliklarni ularni yengillatadigan so‘zboshilarsiz aytmang. Bu kabi xabarlarni telefon orqali ham yetkizmang. Balki yonlariga kelib, yuzma-yuz o‘tirib, xabar berishga zamin hozirlagandan keyingina aytin. Ularga bunday holatlarda sabr qilishning ajr-mukofotini eslating.

44. Ayol kishi necha yoshda bo‘lmasin, shirin so‘zga haris bo‘ladi. Shuning uchun ularga nisbatan shirinso‘z bo‘ling. (Agar unutmagan bo‘lsangiz, ular ham boshqa onalar singari sizga shirinso‘z bo‘lganlar, sizni erkalab katta qilganlar).

45. Yoshlarini kattaytirib yoki hech ishga yaramaydigandek muomalada bo‘lmang. Balki shunday so‘zlar aytingki, go‘yo ular yosh qiz ekanliklariga dalolat qilsin. Go‘zal so‘zlarni aytib, mehribonlik qiling. Hayotning barcha bosqichlarida yaxshilik qilishni kanda qilmang.

46. Ularni ayol kishi yaxshi ko‘radigan narsadan to‘smang. Misol uchun, atirlar, pardoz buyumlari, yangi kiyimlar, kecha (bazm)larda kiyiladigan liboslar. Umrlarini yangidan yashashlariga qo‘yib bering.

47. Agar otangizning bir nechta ayollari bo‘lsa va ular orasida muammo kelib chiqsa, ularni onangizning yonlarida maqtamang, yonlarini olmang yoki onangizga qarshi tomonga o‘tmang. Shu o‘rinda onangiz nohaq, boshqalari haq bo‘lsa ham, ular tomonda bo‘lmang. Ularning orasini otangizning boshqa ayollariga sezdirmasdan isloh qiling (vaziyatni oqilona hal qilishga urining).

48. Onangizning oldilarida boshqa birovlarning tarbiyasini ko‘pam maqtayvermang, ularga o‘xshasam edi, ularning martabalariga yetsam edi, degan ma’noda gapirmang. Chunki bu ularning qalblarini parchalaydi va sizga bergan tarbiyalaridan noroziligingizni ochiq izhor qilgan bo‘lib qolasiz. Qolaversa, umrlarining ko‘p qismini siz uchun sarflaganlarini unutmang.

49. Gapirganlarida qulog‘ingizni, ko‘zingizni va xayolingizni ular tomonga qarating. Bor e’tiboringizni ularga qarating. Kulinadigan joylarida kuling, xafa bo‘linadigan joylarida esa xafa bo‘ling. Hissiz bo‘lmang.

50. Ularga doimo tabassum bilan yuzlaning. Ularga hazil-mutoyiba qilib turing. Mehribonlik bilan ko‘ngillarini ovlang. Xushmuomala bo‘ling. Qiyin damlarda jiddiy, e’tiborli, sergak bo‘ling. Holat sizdan shuni talab qiladi.

Davomi bor...
Sulaymon Soqir
"Onaga yaxshilik qilishning 150 yo‘li" kitobi
Abdulloh Rahimboyev tarjimasi

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Onaga yaxshilik qilishning 150 usuli (6-qism)