12:55 / 27.11.2018
5 496

“Rahmat”, “Uzr”, “Sog‘ bo‘ling”... aytilishi qiyin so‘zlarmi?

“Rahmat”, “Uzr”, “Sog‘ bo‘ling”... aytilishi qiyin so‘zlarmi?
Foto: mahalladosh.uz
Ayrim yoshlarning muomala odobini bilmasligi haqida ko‘p gapiramiz, tanqid qilamiz. Ammo ularga ba’zida o‘zimiz o‘rnak bo‘lib qolayotganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Yaqinda ishdan qaytayotsam, “Neksiya” avtomashinasi kelib, yonimda to‘xtadi. Haydovchi oynani tushirib: “Tuman markaziga shu ko‘chadan buriladimi?” deb so‘radi. Yo‘lni tushuntirib yubordim. Haydovchi shartta mashina oynasini yopdi-da, gazni bosib, tezlikni oshirdi. Uning ortidan chang-to‘zon ko‘tarildi...

Yana bir kuni do‘kondan ul-bul xarid qilib qaytayotsam, ko‘chaning qarama-qarshi tomonida “Lasetti” to‘xtadi. 50 yoshlar atrofidagi bir erkak mashina eshigini ochib, “To‘yxonaga shu ko‘chadan boradimi”, deb so‘radi. “Yo‘q, boshqa yo‘ldan ketyapsiz, ortga qaytib, narigi ko‘chadan burilasiz”, dedim. Haydovchi mashina eshigini qarsillatib yopdi-yu, rulni ortga burib, tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Mashinadagi ikki yo‘lovchining uzog‘ini yaqin qilib, to‘g‘ri yo‘nalishga solib yuborganimdan xursand bo‘ldim. Ammo ularning salom yo‘q, alik yo‘q, murojaat qilishlari menga g‘alati tuyuldi.

Ko‘cha-ko‘yda, transportda, uyda yoki odamlar orasida “Rahmat”, “Uzr”, “Sog‘ bo‘ling”, degan so‘zlarni eshitish, insonning diliga xush yoqadi, kayfiyatini ko‘taradi. Ammo keyingi paytda aytilishi oson, tarbiyada salmoqli o‘rni bor bu so‘zlarni unutib qo‘yayotgandekmiz. Bu holat kim uchundir gapirishga arzimasdek tuyular, ammo yoshlar tarbiyasida muomala madaniyatining o‘rni beqiyos ekanini, lutfu karamli, yuksak ma’naviyatli ajdodlarning merosxo‘ri ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Nigora RAHMONOVA

Manba: mahalladosh.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Rahmat”, “Uzr”, “Sog‘ bo‘ling”... aytilishi qiyin so‘zlarmi?