12:30 / 29.12.2018
10 592

Xayr 2018 yil, salom Yangi yil! (foto)

Xayr 2018 yil, salom Yangi yil! (foto)
Mana, mezbon yilni kuzatib, mehmon yilni qarshi olish vaqti keldi. Yaxshi-yomon kunlar, turli sinovlaru mukofotlar bilan har birimizni “siylagan” it yili o‘z o‘rnini navbatdagi muchalga bo‘shatib bermoqda. 12 yil o‘tib, yana yuz ko‘rishayotganimiz tillarang to‘ng‘iz 2019 yilga to‘g‘ri keldi. Keling, uni munosib qarshi olaylik. Toki butun yil biz va oilamiz uchun omadli va barakali o‘tsin.

Qanday kutib olamiz?
Muchal sohibidan kelib chiqqan holda archa bezatishda sariq, yashil, jigar va tillarangli bezagu o‘yinchoqlardan ko‘proq foydalangan ma’qul. Egningizdagi libosda ham shu ranglar oz bo‘lsa-da, aks etsa, yanada yaxshi.

Bayram dasturxoni chiroyli bo‘lishiga harakat qiling. Chunki «to‘ng‘iz» to‘kin-sonchinlik, boylikni xush ko‘radi. Ayniqsa, tovuq go‘shtidan tayyorlangan taomlar dasturxoningiz ko‘rkiga aylanishi mumkin.

Va eng muhimi, bu — ushbu jonivorga xos bo‘lgan quvnoqlik va xushchaqchaqlikni qo‘ldan boy bermaslikdir. Bayram dasturxoni atrofida hukm suradigan samimiylik, shodlik va chinakam mehr-muhabbat butun yil mobaynida oila a’zolaringizni tark etmaydi.

To‘ng‘iz yili kirib kelishidan avval barcha cheti uchgan, darz ketgan idish-tovoqlardan qutuling. Negaki ular ortiqcha xarajat, moliyaviy muammolarga sabab bo‘ladi deyishadi.

Urfdagi uslub
Dizaynerlar fikricha, 2019 yilda keng bichimli liboslar, yirik fonar-yenglar, fatindan tikilgan shishirilgan yubkalar urfda bo‘ladi.

Stilistlar esa sizni yanada yorqin bo‘lishga va yangicha obrazlarni o‘zingizda sinab ko‘rishdan cho‘chimaslikka chorlamoqda.

Makiyaj borasida yanagi yilda ko‘zlarga ko‘proq urg‘u berilishi taxmin qilinmoqda. Tasavvur qilib ko‘ring-a, tillarang suyuq qalamdan tortib pushti, sariq tenlar “byuti-trend” ga chiqadi.

Kimga qanday sovg‘a olamiz?
Sovg‘asevar bolajonlar qorbobodan ajoyib tuhfa kutayotganlari aniq. Ularning istaklarini amalga oshirish sizning zimmangizda. Umuman olib qaraganda, shirintoylarimizga xarid qilishimiz mumkin bo‘lgan sovg‘alar xilma-xil. Shirinliklardan tortib o‘yinchoqlargacha, farzandingizning maxsus buyurtmalaridan tortib multqahramon libosigacha. Shu bois ham ular ichidan birini tanlash nihoyatda mushkul.

Tanlovda adashib qolishni istamasangiz, sinovdan o‘tgan brendlar, ya’niki, ishlab chiqaruvchilarning yangicha fantaziyalariga tayaning.

Ayni kunlarda savdo do‘konlarida bolalar uchun bayramona to‘plamlarning turli-tumanlari sotuvga qo‘yilgan. Raketa va avtobus shaklidagi to‘plamlar, mevali va qandli archalar ular orasida ajralib turadi.

“O‘zim boplayman!”
Shuningdek, siz bayramona qutining o‘zini xarid qilgan holda uni farzandingiz yaxshi ko‘radigan va u uchun foydali, deb hisoblaydigan mahsulotlar bilan to‘ldirishingiz mumkin. Agar siz faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotdan bolalar uchun bayram sovg‘alarini taqdim qilishsa, nur ustiga nur.

Boshqalarga-chi?
Oilangizning boshqa a’zolariga, xususan, turmush o‘rtog‘ingiz, qaynota-qaynonangiz, ovsin va kelinlarga qanday hadya olish o‘zingizga va jamg‘armangizga bog‘liq. Biz bu borada yodda qoluvchi suvenirlar, shokoladli to‘plamlar, atir va upa-eliklarni tavsiya qilishimiz mumkin.

Agar sovg‘a egasi ko‘pdan buyon orzu qilib kelayotgan yoki ehtiyoj sezayotgan narsa-buyumni xarid qilsangiz, bundan yaxshisi bo‘lmaydi. Buning uchun hozirdanoq ularning istaklariga quloq tutishga harakat qiling.

Darvoqe, sovg‘a ulashishning imkoni bo‘lmagan uzoqdagi qadrdonlarni hech bo‘lmasa, samimiy tilaklar bilan qutlab qo‘yishni unutmang.

Shu o‘rinda ko‘pga ayon haqiqatni yana bir karra eslatib o‘tmoqchimiz. Sovg‘aning katta-kichikligi emas, chin ko‘ngildan tortiq qilingani eng afzalidir. Biz barchaga ana shunday samimiylikni va baxtli, shodon onlarga boy yangi yilni tilab qolamiz.
Sanam Elmurodova

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xayr 2018 yil, salom Yangi yil! (foto)