08:18 / 01.01.2019
7 082

Yangi yil eshigi ochilsin baxt ila har dam!

Yangi yil eshigi ochilsin baxt ila har dam!
Yangi yil — bu bolalik! Yangi yil bu — yana bir yoshga ulg‘ayish! Yangi yil bu — orzular va mo‘’jizalarga limmo-lim dunyo!

Har gal Yangi yil arafasida bolaligim bilan sirlashaman. Bugungi kunim bilan hisoblashaman. Atrofimdagi mo‘’jizalarga hayrat ila boqib, ortga emas, oldinga intilaman. Chunki menga Yangi yil yana bir sirli va baxtga to‘la yilni hozirlayotganiga ishonaman. Ha, ana shu ishonch meni hayot deb atalmish uzun yo‘lning sinovlarida toblaydi, charxlaydi, kezi kelganda jazolaydi. Ammo shuni bilsam-da, Yangi yilning navbatdagi mo‘’jizalariga kulib va boshimni tik tutib boraveraman. Negaki men ishonaman, Yangi yil hech kimga orzular eshigini yopmaydi. Baxt koshonasini vayron qilmaydi, sog‘liq va xotirjamlik derazalarini qora bulutlar bilan to‘smaydi…

Qishning tarovati, oppoq qorning beg‘uborligini o‘zida jo qilgan Yangi yil eski yilni kuzatar ekan, qalblarni ana shu poklikka burkashdan charchamaydi. Mezbon yilni ham ezguliklar, yaxshi xotiralar ila kuzatish istagida eshik qoqadi. Mehmonman-ku deb o‘z izzatini so‘ramaydi, mezbonning ko‘ngli o‘ksimasligi uchun o‘zi bilan olib kelgan baxt, quvonch, xotirjamlik va sog‘liq kabi sovg‘alarini ulashaveradi, ulashaveradi. Ammo aslo mo‘’jizalarga ishongan dillarni, orzulari uchun kurashayotgan yuraklarni umidsiz qoldirmaydi.

Yangi yil — u bir qo‘lida tinchlikni, bir qo‘lida baxtni ushlab turar ekan, sog‘liqni boshi uzra ko‘taradi. Chunki ana shu narsalargina bizga Yangi yilda ham, eski yilda ham hamrohlik qilishini yaxshi biladi.

Mana, yana bir Yangi yilni kutib oldik. Bu yildan har birimizning kutayotganimiz bor, so‘rayotganimiz bor. So‘rayotganimizki, yurtimizga tinchlik, xonadonimizga xotirjamlik, dasturxonimizga qut-baraka, farzandlarimizga porloq kelajak.

Hech kimga sir emaski, har bir inson Yangi yil ostonasida o‘zligini, o‘z hayotini bir qur taftish qiladi. Yaxshi ishlaridan quvonadi, xatolaridan xulosa chiqaradi. Xuddi shu asnoda keyingi ishlariga reja tuzadi, o‘z oldiga maqsadlar qo‘yadi.

O‘zbekiston atalmish jannatmakon diyorning mehmondo‘st, tanti, olijanob va har ishda ajdodlariga munosib xalqi ham Yangi yil arafasida o‘z oldiga ulkan maqsadlarni, ezgu ishlarni, xayrli amallarni qo‘yganki, bularning barchasi kirib kelgan 2019 yilda ushalishiga ishonamiz. Chunki biz Vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan, bir yoqadan bosh chiqargan va qaytadan dunyo e’tirofiga sazovor bo‘layotgan millatmiz.

Azizlar, bugun qo‘lga kiritgan yutuqlarimizni sanash, ba’zi kamchiliklarimizni ovoza qilish niyatida emasmiz. Balki, 2019 yilning har lahzasidagi baxtni his qilishingiz, shu yurt uchun chin farzand bo‘lishingiz, O‘zbekiston degan nomning jahon maydonlarida yuqorilab boraverishi yo‘lida kurashishingizning tilakdoshimiz.

Darhaqiqat, tinch va obod yurtga mana shunday mo‘’jizalarga boy bayramlar yarashar ekan, ana shu quvonch va baxtni bizga munosib ko‘rgan Yaratganga behisob hamdlar aytamiz. Yangi 2019 yilda hech bir orzungiz armonga aylanmasin, ko‘zingiz faqat mehrdan porlasin. “Hordiq plyus” gazetasi va “Hordiq.uz” saytining aziz muxlislari, biz sizlar uchun ijod qilar ekanmiz, siz muxlislarning mehringizni doim his etib turamiz. Kirib kelgan Yangi yilda ham sizdek qadrli va jonkuyar muxlislarning mehrini his etib turish nasib etsin! 2019 YILINGIZ QUTLUG‘ KELSIN!

Dunyoga o‘z kulgisi, samimiy qalbi ila baxt ulashayotgan jajji bolajon — YaNGI YILING MUBORAK!

Qo‘llari duoda, dilida-yu tilida shukronalik ila bugungi dorilomon kunlarga minnatdorlik izhor etayotgan nurli va farishta misol otaxonlaru onaxonlar — BAYRAMINGIZ QUTLUG‘ BO‘LSIN!

Munis onalar, sadoqatli ayollar, go‘zal qizlar, dilbar opalar, O‘ZBEKning mard va hayoda tengsiz vakilalari — YaNGI YILINGIZ BILAN!

Biz uchun har ishda suyanch, har balodan asrovchi qalqonimiz — otalar, akalar, ukalar — YaNGI KUNINGIZ MUBORAK!
Yulduz ISOQOVA

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yangi yil eshigi ochilsin baxt ila har dam!