Onalik — faqatgina bir insonning dunyoga kelishiga sabab bo‘lish emas. Otalik — faqat bola sohibi bo‘lish emas. Onalikka erishgan ayol ortiq o‘zi uchun yashamaydi. Otalikka yetishib erkak endi o‘zi uchun ishlamaydi. Farzandlarining kelajagi va taqdiri uchun yashaydi ota-ona. Farzandli bo‘lish — bir inson taqdiriga mas’ullikni zimmasiga olish demakdir. Agar bolalaringiz ikki, uch nafar bo‘lsa, mas’uliyatingiz ham shu qadar oshib boraveradi. Farzandlaringiz ulg‘aygani sari muammolar ham, mas’uliyatlar ham ortib boraveradi. Bolangiz o‘z oyog‘ida tik turib, o‘z boshiga yoqqan qorni o‘zi kuray oladigan bo‘lgunicha davom etadi bu. Keyin-chi, keyin tugaydimi? Yo‘q, albatta! Chunki inson har qanday yoshda ota-ona mehriga muhtoj bo‘ladi. Ota –ona uchun esa bola har doim BOLAligicha qolaveradi.
Qobil, solih va xayrli farzand yetishtirgan inson umrini hurmat va ehtiromda, saodatmandlikda yashaydi. Noqobil bola yetishtirgan ota-ona esa ikki dunyoda- rohat farog‘at ko‘rmay o‘tib ketadi. Farzandli bo‘lish — hayotning butkul boshqa bir sahifasiga o‘tish demakdir.
Bolangizning har yoshida har xil muammolarga duch kelasiz. Bog‘cha yoshining o‘ziga xos, boshlang‘ich sinf o‘quvchiligining o‘ziga xos, o‘smirlik yillarining esa o‘ziga xos muammolari bo‘ladi. Aslida bu shirin tashvishlarni muammo deyish joizmikan, deb o‘ylanadi kishi. Chunki haqiqiy ona farzandi uchun uyqusiz tunlardan shikoyat qilishga haqli emas! Ota o‘z farzandi uchun qancha ko‘p mehnat qilib, farzandining sog‘lom, bilimli, ziyoli bo‘lishi uchun topgan –tutganini sarf etishdan tortinmaydi.
Dunyoga bola nigohi bilan qarash
Qaniydi, har doim bola bo‘lib qolsa edi inson. Qaniydi har doim bola nigohlari bilan qarasaydik dunyoga. “Bolalar tug‘ilganlaridagi mas’umlik bilan ulg‘ayganlarida insonlik uchun kurashishning keragi bo‘lmasdi!” degan so‘zlari bilan Gandi asl haqiqatning tasvirini chizgan edi. Bolalarning yuzida muhtasham mas’umlik, samimiyat va beg‘uborlik bor. Bola kulganidam, yig‘laganida butun vujudi bilan kulib, ko‘z yosh to‘kadi. Yer tepib, o‘zini yerga otib yig‘lagan yo kulayotgan bolakay ikkiyuzlamachilik nimaligini bilmaydi. Katta bo‘lgani sari ikkiyuzlmachilikni, yolg‘onni o‘rganadilar.
Dastlabki olti yilda bola va ota-ona orasida ortiqcha muammolar kelib chiqmaydi. Go‘dak yoshidagi bolalar bilan bog‘liq holatlar — tagini ho‘l qilib qo‘yishi, tirnog‘ini chaynashi, chaqaloq ukasini qizg‘onishi, har narsaga qo‘l tekkizishi, harakatchan va sersavol bo‘lishi.
Bolaning tinimsiz savollar berishi tabiiy. Muhimi, ota-ona bolaning savollariga yoshi va qarashlarini inobatga olib, munosib javob bera olishidir. Bolalar qiziquvchan bo‘lashadi. Qiziqish — o‘rganishning asosidir. Bola go‘dakligida qanchalik qiziquvchan bo‘lsa, ulg‘ayganida katta-katta masofalarni mo‘ljallaydigan, maqsadni ulkan oladigan bo‘ladi. “Daho” va “lider” deganimiz insonlardagi mushtarak xususiyatlardan biri — qiziquvchanlikdir.
Bolalarning bir-biriga raqibligi har oilada ozmi ko‘pmi kuzatiladigan holat. Axir insoniyatning ilk jinoyati ham aka-ukaning raqibligi oqibati ro‘y bermaganmidi? Avvallari oilaning yagona quvonchi, sevinchi, erkatoyi bo‘lgan bolakay ota-onasining muhabbati bo‘linganini, uyga yana bir sevimli kelganini ko‘rib g‘azablanadi. Albatta, bu g‘azabning eng birinchi “tepki”lari rohatini buzgan inson, ya’ni uka yoki singilga qaratiladi. Bolalar o‘rtasida raqiblik paydo bo‘lmasligi uchun ota-ona avvaldan, ikkinchi farzand dunyoga kelmasdan avval harakat qilishlari kerak. Ya’ni bolakayga aka yoki opa bo‘lishini, katta bo‘lish juda yaxshi ekanligini, endi ular ota-onalari yordam berib, erta-indin uylariga keladigan jajji chaqaloq tug‘ishganlarini katta qilishlarini tushuntirish kerak samarali. Chaqaloq uchun xona tayyorlanayotganda, o‘yinchoq, kiyim-kechak xarid qilganda to‘ng‘ichni katta bola sanab fikri bilan qiziqish kerak. Kichik chaqaloq uyga kelgan kuni to‘ng‘ichga eng sevimli, o‘zi xohlagan buyum yoki o‘yinchoqni sovg‘a qilish — bolalar o‘rtasida muhabbat uyg‘otishning eng maqbul yo‘li. Ukasi yo singlisining tashrifi bilan orzu qilgan narsasiga erishishi bir kunda ro‘y berishi bolani sevintiradi.
Eng mohir taqlidchilar
Bola — mohir taqlidchi. Ko‘rgani, eshitgani, tegingani, hidlagani zehnida qoladi. Bir haftalik chaqaloq onasini hididan taniydi. Birovlarning quchog‘ida injiqlangan chaqaloq, onasi qo‘lga olsa pishillab uxlab qolishi ham ona hidi beradigan halovat sababidan.
Ikki yashar bolakayning xotirasi atrofidagi voqea-hodisalarni fotoapparat kabi tez va oson muhrlaydi. Bu yoshdagi go‘daklar oldilarida gapirgan har gapingiz va xatti-harakatingizga taqlid qiladilar.
Tili chiqayotgan bola juda shirin bo‘ladi. Ayrim ota-onalar bolasi tilga kira boshlaganida har kimning oldida gapirtirishni yaxshi ko‘radilar. Bolani boshqalar oldida gapirtirish yaxshi, albatta. Faqat ba’zi ota-onalar begonalar oldida go‘dak bolaga haqorat so‘zlar o‘rgatib gapirtirishdan zavq tuyadilar. Bu endi juda xunuk va insonni uyatga qo‘yadigan holat. Bu bilan ota-ona atrofdagilarga o‘zining tarbiyasi va farosati ne qadarligini ham ko‘rsatadi.
Bu voqeani menga o‘rta maktabda o‘qitganim bir o‘quvchim gapirib bergan edi. Uch yashar bolasi bor er-xotin ovqatlanayotganlarida eshik qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Ayol eshikni ochadi va mehmonni mehmonxonaga chorlab, oshxonaga o‘tadi. Mehmonni xushmalagani yuz-ko‘zidan ayon xotin eriga “Anavi betayin qo‘shnimiz keldi!” deydi. Uch yashar bolakay qo‘lidagi lumasi bilan uyoqdan buyoqqa o‘ynab yurib, mehmonxonadagi ayolga ko‘zi tusharkan: “Betayin xola, xush keldingiz!” deydi.
Ota-ona bolasining oldida tiliga chiqarayotgan so‘zga e’tiborli bo‘lishi shart! Bolangiz haqorat so‘zlarni ishlatsa, so‘kinsa bu kimning mag‘lubiyati?!
Umida ADIZOVA tayyorladi.
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?