06:02 / 20.02.2019
7 471

Nega duolarim ijobat bo‘lmaydi?

Nega duolarim ijobat bo‘lmaydi?
Ayrimlar: “Duo qilaveramiz, birortasining qabul bo‘lganini sezmadik!” deb gapirib yuradi.
Qonun-qoidasiga muvofiq yozilmagan oddiy ariza ham qabul qilinmaydi-yu, shartlariga rioya etilmagan duo qanday qabul bo‘lsin! Yoshlanmagan ko‘z, qizarmagan yuz, qalbdan chiqmagan ming bir so‘z bilan qilingan duolar qanday ham ijobat bo‘lsin huzuri Ilohiyda?

Ko‘pchilik odamlarning duolari xuddi maktubsiz xatjildga o‘xshaydi. Jildi bor-u, ichida xat yo‘q. Buni boshqachasiga ifodalasak, jasad bor-u, ruh yo‘q, po‘sti bor-u, mag‘zi yo‘q, niqob bor-u, yuz yo‘q.
Oddiy bandadan biror narsa so‘rashning o‘ziga xos yo‘li, odobi bo‘lgani holda olamlar Parvardigoridan so‘rashning odobi bo‘lmasinmi!

Duo – insonning o‘z ojizligini e’tirof etishidir.
Duo – agar ilohiy nusrat bo‘lmasa, odamning o‘zi, hech narsa qilolmasligini bilishidir.
Duo – bandaning borlig‘i bitta yurakka aylanib, ilohiy Dargohga yukunishidir.
Duo – bor kuchini, butun imkoniyatini ishga solib ham maqsadiga yetolmasligini bilgan odamning Parvardigordan madad so‘rab, qilgan nidosidir.

Buni tushungan odam, bola onasidan bir nimani qat’iy turib so‘raganidek, qat’iyat bilan duo qiladi. Ilohiy Dargohga qo‘l cho‘zib qayta-qayta iltijo etadi…
Shunda metin qalblar ham yumshaydi, toshdan suv sizgani kabi, ulardan ojizlik “oh”lari sizib, yuksaladi. Hech kutmagan joyingizdan Egam najot eshiklarini ochadi.

Shoir aytganidek:
Sur, chiqar ag‘yorni dildan, Haq tajalliy aylasin,
Podishoh kirmas saroyga xona ma’mur o‘lmasa.
Hirsu havas dengiziga g‘arq bo‘lgan, dunyo matolariga muhabbatni o‘ziga jo qilgan yurakka nazar qilarmikin U!

Toif safaridan qaytar ekanlar Muhammad payg‘ambarimiz rejalari puchga chiqib, ilojsiz qolganlarida, gumrohlar otgan toshlardan pokiza vujudlari qonga belanib, horib-charchab, bir devor panasiga cho‘kdilar. Aqlning chorasi qolmagan paytda, kamsitilgan, horg‘in va g‘amnok holda muhabbatullohning mushfiq bag‘riga tashladilar o‘zlarini. Keyin muborak dudoqlardan payg‘ambarlik davrining burilish nuqtasi bo‘lgan duo otilib chiqdi:

“Ilohim! Madorim tugaganini, chorasiz qolganimni va odamlar orasida xor bo‘lganimni faqat O‘zingga arz qilurman... Ey rahmlilarning eng marhamatlisi! Sen mening Parvardigorimsan, ezilganlarning madadkorisan. Meni kimlarning ixtiyoriga tashlab qo‘yding? Menga g‘addorlik qilganlarning qo‘ligami?..

... Mayli, Sen mendan g‘azablanmasang bo‘lgani, boshqasiga parvo qilmayman. Ammo marhamatingdan umidvorman. Sening nuringga yukunaman, zulmatlarni yoritguvchi nuringga...
Menga g‘azabing yetmasligi va qahring tushmasligini so‘rayman. Senga sig‘inaman, mendan rozi bo‘lsang, bas. Barcha kuch-qudrat Sendadir, yolg‘iz O‘zingda!..” (ibn Hishom, “Siyra”).
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega duolarim ijobat bo‘lmaydi?