Alloh meni rahmdan yaratdi. Men u Zotga shunday xitob qildim:
- Meni yaratding, ammo himoyamni kimga qoldirding?
- Seni erkak himoya qiladi. Asrab-avaylaydi. Sevadi. Ardoqlaydi. Baxtli qiladi.- deya xotirjam qildi meni Yaratgan. Va shu ondan angladimki, men erkak yaqinlarimning ori, shaʼni, gʻururini jimitdekkina vujudimda koʻtarib yuraman. Bolaligimda otamning dunyosiga nur olib kirdim. Akalarimning jonli qoʻgʻirchogʻi, yuragiga payvand hamshirasi, ukalarimning mehribon opasi boʻldim. Qiz bolaning qismati shunday yaralgan — meni har qancha asrab-avaylamasin, joniga joylab parvarish qilmasin ota uyimga mehmon ekanman. Yigirma yil bagʻrida asrab-avaylagan, koʻz qorachigʻidek ardoqlagan ota-onam meni koʻksidan shundoq yuldiyu, sizga tutqazdi. Oʻsha kundan boshlab siz menga haqdor boʻldingiz. Oʻsha kundan boshlab inon-ixtiyorim, shaʼnu gʻururim, jismu jonim, butun borligʻim sizniki boʻldi.
Oʻsha kuni menga:
“Juftu haloling izn bermasa ota-onangning ham ziyorati senga maqbul emas!” dedilar.
“Endi husnu jamoling, pardozu oroying, zebu ziynating faqat ering uchun boʻlsin!” dedilar.
“Koʻngliga oshqozoni orqali yoʻl topasan!” dedilar.
“Xizmatiga shay, koʻngliga doʻst boʻl, iznidan tashqari bir qadam bosma!” dedilar.
“Xonadoning orasta, yuzingda tabassum, vujuding muattar iforli boʻlsin!” dedilar.
“Juftingning yaqinlari oʻz jigarlaringdek qalbing ardogʻida boʻlsin!” dedilar.
“Eringga tik qarama, buyrugʻini muhokama qilma, “Labbay”, “Xoʻp boʻladi!” degan soʻzlarni eng koʻp sen ishlatgin!” dedilar.
“Juftingni jon qadar sevib ardoqla, bemor boʻlsa parvarish qil, kambagʻallashib qolsa sabr qil, topganiga qanoat bilan shukronada boʻl, tejamli, bardoshli boʻl, yoʻqdan yoʻndirishni oʻrgan!” dedilar.
“Eringga egil, egilganing sari baxt va eʼzoz topib boraverasan!” dedilar.
Oʻsha kundan beri xoki poyingizni sajdagoh deb bilaman. Butun fikru yodim, ilmu amalim qalbingizni zabt etish va sizni baxtiyor etish yoʻlida shaylangan. Ammo yana bir haqiqat bor ekan — siz baxtiyor boʻlmogʻingiz uchun men baxtli boʻlishim kerak ekan. Men qachon baxtli boʻlaman?
* Qachonki, siz meni jon qadar asrab avaylasangiz;
* Siz erkaklik masʼuliyatini har doim his qilsangiz;
* Mening ayol, ojiza, sevilishga, avaylanishga haqdorligimni unutmasangiz;
* Oila ustuni ekaningiz har doim yodingizda boʻlsa;
* Roʻzgʻor tashvishlarini nozikkina jismimga yuklamasangiz;
* Meni bir chimdim mehr, bir ogʻiz shirin soʻzga muhtoj qilmasangiz;
Baxtli boʻlishim uchun shularning oʻzi yetarli.
Ammo baʼzida mehringizga, lahzalik eʼtiboringizga ehtiyoj sezaman. Dunyo tashvishlari egib qoʻygan nozik jismimga roʻzgʻor mashaqqatlarini ham yuklab qoʻyasiz. Ish, uy yumushlari, bolalarning tashvishlari, qarindosh-urugʻning koʻnglini topish ushoqqina yelkamga ogʻirlik qiladi. Biroq “Charchadim” deyolmayman. Menga “charchadim”, “zerikdim” demoqlik — noshukrlik deya oʻgit berganlar. Jonim ogʻrisa “oh” chekmayman. Sizni, farzandlarimizni oʻylayman. Bir koʻylakni yillab kiysam-da, yuragim tubidagi armonni tilimga chiqarmayman.
Tilla zebu ziynatlarga burkanganlarni koʻrib havas qilmayman.
Mashina rulidagi xonimlarni koʻrsam havas qilmayman.
Saroydek qasrlarda yashayotgan malikalarni koʻrib havas qilmayman.
Har kuni shohona dasturxondan tansiq taomlar tanavvul qilayotganlarga havas qilmayman.
Jufti mehr-muhabbatga koʻmib, yuragining toʻrida ardoqlaydigan ayollarga chin koʻngildan havas qilaman! Chunki, ayolni faqat muhabbat baxtli qiladi!
Menga haddan ortiq boylik, molu dunyoning keragi yoʻq. Siz va farzandlarim sogʻ-salomat, koʻngillarimiz xotirjam, xonadonimizda halovat boʻlsa saodat topganim shudir. Biroq bularning bari sizning eʼtiboringiz va muhabbatingiz bilan toʻkis. Faqat jufti halolining muhabbatigina ayolga AYOL ekanini his ettiradi.
Dunyo tashvishlari toliqtirganida, roʻzgʻor yumushlari charchatganida, baʼzan dunyo koʻzimga tor kelganida mehringizni his ettirsangiz va sizga kerakligimni anglatsangiz muhabbatingiz shabadasi koʻnglim gʻuborlarini aritadi.
Koʻrdingizmi, baxtli boʻlishim naqadar oson ekan. Biroq siz shuni ham koʻp koʻrasiz menga baʼzan. Yonimdasizu sizni sogʻinaman. Har kuni birgamizu sizdan ayro yashab, sizni kutaman. Tilimga chiqarolmayman intiqligimni. Iymanaman. Tortinaman. Va qoʻrqaman biroz. Siz esa parvo qilmaysiz. Ammo bilmaysizki, sizning beparvoligingiz meni dagʻallashtiradi. Anglamaysizki, muhabbatga zor ayol nazokatdan uzoqlashib boraveradi. Eʼtibordan chetda qolayotgan ayol ayollikni unutadi. Dagʻal, nazokatsiz, ayolligini unutgan ayol kimga yoqadi? Hech kimga! Hamma undan nafratlanadi, oʻzini chetga tortadi, qoʻlini bigiz qilib koʻrsatadi. Biroq hech kim shu ahvolga tushishiga sabab boʻlgan kishini aybdor qilmaydi. Uning vaziyatini tushunmaydi. Alaloqibat aziyat koʻrgan ham, aybdor ham yana ayol boʻlib qolaveradi.
Modomiki, qarshingizda nazokatli, ojiza, goʻzal ayolni koʻrmoqchi ekansiz, meni jon qadar sevib ardoqlang. Bir on, bir lahza boʻlsa-da eʼtiboringizga intiq, mehringizga zor qilmang. Farzandlaringiz baxtiyor, quvnoq va mehribon insonlar boʻlib ulgʻayishini istasangiz ularning onasi – meni yaxshi koʻring. Yaxshi inson, ibratli ota, saodatli oila boshligʻi boʻlishni xohlasangiz meni yaxshi koʻring. Elda hurmat-izzatli boʻlay, desangiz meni muhabbat bilan eʼzozlang. Ikki dunyoda yolgʻiz qolmay desangiz, meni chin muhabbat bilan seving. Bu unchalik mashaqqatli emas, shunchaki, “Sizlarning yaxshingiz – ahli ayoliga yaxshi boʻlganingizdir” degan muqaddas hayqiriq maʼnosini anglasangiz bas...
Alloh meni boshingizdan yaratmadi – hukmron boʻlmasin, deya.
Oyogʻingizdan yaratmadi – oyoq osti boʻlmasin, deya.
Meni chap qovurgʻangizdan, yuragingizga yaqin sohadan yaratdi – sevsin, sevilsin, erkakka koʻngildosh boʻlsin, maliku habib boʻlsin deya. Istardimki, har doim shu haqiqat yodingizda boʻlsin!..
Umida ADIZOVA
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?