19:00 / 08.03.2019
7 107

Boylik jazavasi… (Voqea real hayotdan olingan)

Boylik jazavasi… (Voqea real hayotdan olingan)
Mastura soat kunduzgi oʻn birlarga yaqin bazoʻr uyqudan uygʻonib vannaxonaga yoʻl olgandi. Eshik qoʻngʻirogʻi chalinib qoldi. U uf tortgancha yoʻlakka chiqib eshikni ochdi. Yaqin dugonasi Xolida ekan. Anchadan beri koʻrishishmagandi. Mast uyqusi birdan tarqab dugonasini mahkam quchoqlab oldi.

— Voy, Xoli, bormisan? Namuncha-a?.. Shu tomonlarda bir oʻrtogʻim bor edi, xabar olay-chi, oʻlikmikan, tirikmikanam demaysan-a?.. — oʻpkalangan boʻldi Mastura. — Kun boʻyi bir oʻzim zerikib, qon boʻlib oʻtirishimni bilarding-ku!..

Xolida kula-kula ichkariga kirib jihozlarni koʻzdan kechira boshladi.
— Oʻ, zoʻr-ku-a? — dedi tabiatan hasadgoʻy, ayniqsa, Masturaning bu qadar shohona yashayotganiga chiday olmay borayotgan Xolida bilinar-bilinmas lab burib. — Kuchayib ketibsizlar-da-a?..

Mastura uning holatini payqamadimi, beparvo javob qildi.
— Ha, oyim bozorda, bilasan-ku!..
— Haliyam osh sotyaptimi? Nahotki, bittagina oshning orqasidan shunchalik…
— Yoʻgʻ-e, — uning soʻzini boʻldi Mastura. — Bu nima deganing?.. Oyim hozir Xitoyga qatnaydi. Bir yildan oshdi.
— Ha-a, gap buyoqda degin? — Masturaga sirli qarash qildi Xolida. — Sen-chi?.. Senga nima olib berdi oying? Bittagina qiz boʻlsang…
— Menga qolsa, mashinam boʻlsa deyman. Ammo…
— Nima ammo?.. Haydashga qoʻrqasanmi?
— Nega qoʻrqarkanman?.. Oyimni sira koʻndirib boʻlmayapti. Bilasan-ku, oʻlgudek qaysar!.. Buyam yetmaganday, tergagani-tergagan. Baʼzan toʻyib ketaman. Boshimni olib bir yoqlarga ketvorgim keladi.
— Ie, yolgʻiz qizniyam tergaydimi odam?.. Seni aksincha erkalatib olib yurmaydimi oying?!. Boʻlmabdi bunaqasi… Hech boʻlmasa, pul-mul berib turar? Restoranlarga borib turarsan?..
— Restoran? — qoshlarini chimirdi Mastura. — Kafeni soʻrasang-chi!.. Mana shu turishim turish. Kun boʻyi uyda oʻtirganim-oʻtirgan.
— Shunaqa degin?.. E, men sening oʻrningda boʻlsam, boshqacha yoʻl tutardim.
— Nima qilarding?..

Xolida bir muddat oʻylanib turdi-da, xonaga koʻrk bagʻishlab turgan jihozlarga ishora qildi.
— Mana shularni sotib-sotib oʻsha oyimning koʻzini ochib qoʻyardim. Ana undan keyin koʻzi ochilardi.
— E, nimalar deyapsan?.. Oʻzimni oyimni-ya?.. Qoʻy-e!..
— Menga qara, — gapni boshqa yoqqa burdi Xolida. — Kafeda oxirgi oʻtirganimiz esingdami?..
— Ha, esimda. Zoʻr boʻluvdi-a?..
— Oh, anavi Anvar-chi!?. Juda shum edi. Aldab-suldab rosa vino ichirgandi yaramas.
— Baribir yaxshi oʻtirganmiz.
— Bormaymizmi yana?..
— Aytdim-ku, pul yoʻq deb! — qovogʻini uyib derazadan tashqariga boqdi Mastura. — Oyim bugun qaytishi kerak. Soʻraganimminan bermaydi baribir.
— Senda yoʻq boʻlsa menda bor. Tur, kiyin!.. Anvargayam qoʻngʻiroq qilamiz. Bir oʻtiraylik. Oʻladigan dunyoda yayraganimiz qoladi… Yigitlarni yalintirganlarimizni eslab bir maza qilamiz…
— Boʻpti, hozir, sen oʻtirib tur, men darrov kiyinib olay!..

Mastura shosha-pisha oʻrnidan turdi-da, yotogʻiga chopdi…
* * *
Oriqdan kelgan, qora dori isteʼmol qilaverganidan koʻzlari ichiga tortib ketgan Anvar ikki dugonani koʻrib terisiga sigʻmay ketdi.
Anchadan beri ayniqsa, Masturaga koʻz tashlab yurar, xuddi Xolida kabi uni ham toʻshakka tortish ishtiyoqida edi.

Shu sabab ikkovlarini kafega olib kirib stol ustini ichkilik, yegulikka toʻldirib tashladi.
— Anvar, bir maslahatli ish bor. — dedi hiyla kayflari oshgach Xolida uni chetga tortib. — Agar, yoʻq demasangiz, aytaman.
— Aytaver, — Anvar Xolidaning qoʻltigʻidan tutgan koʻyi boshini egdi. — Yoʻq degan nomard.
— Anavi… Masturani bir boplamaymizmi?!
— Nega?.. U senga nima yomonlik qildi?
— Yomonlik qilmadi… Bilasanmi, uning oyisi judayam boy xotin. Bir amallab yoʻldan urganimizda… Kattagina pulli boʻp qolardik.
— Esingni yedingmi?.. Buning iloji yoʻq. Mastura yosh bolamidiki, senga uyidagi pullarni olib chiqib tutqazsa…
— Voy-boʻ, ja hotamtoy boʻp ketibsanmi?.. Yo puling hech qayeringga sigʻmay ketyaptimi?..

Anvar lab tishladi.
— Pul hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Ammo… Boshqacha yoʻl tutish kerak.
— Xoʻp, ayt unda oʻsha yoʻlingni!.. Axir, bizam bir narsali boʻp qolaylik-da!.. Qara, boʻyniga osgan zanjirini!.. Qulogʻidagi zirakni, barmoqlaridagi qoʻsha-qoʻsha uzuklarni koʻr!.. Bizning qayerimiz kam undan?..
— Sen kvartirasining kalitini qoʻlga kiritishing lozim. — dedi Anvar Mastura oʻtirgan tomonga oʻgʻrincha koʻz tashlab. — Agar qoʻlga kiritsang, sekingina kirasan-u, xohlaganingcha olib chiqaverasan. Men ungacha Masturani chalgʻitib turaman.
— Shu yerdami?
— Yoʻq, bir joyga oborib… Xullas, buyogʻiminan ishing boʻlmasin!..
— Yaxshi, qani, ketdik unda ishga!..
* * *
Mastura chet el vinosining kayfini surgancha beparvo oʻtirardi. Azbaroyi oʻzini boʻsh qoʻyib yuborganidan Anvarning qoʻli yelkasiga kelib qoʻyilganini ham payqamay qoldi.
— Yaxshi oʻtiribsanmi? — soʻradi Anvar muloyimlik bilan.

Bu orada qarama-qarshi tomondagi stullardan biriga qoʻyilgan sumkachasini Xolida titkilash bilan ovora boʻldi.
— Yomon emas. — javob qildi Mastura kulimsirab. — Vino juda oʻtkir ekan.
— Ie, bu vinoni gruzin oʻrtoqlarim sovgʻa qilishgandi. Aslida menikida oʻtirsak ham boʻlardi-ku, biroq Xolida qahvaxonaga boraylik deyavergani uchun… Bilasanmi, uyimda bundanam zoʻri bor. Faranglar konyagi. Bir qadahini ichsang, yettinchi osmonda yurganday boʻlasan.
— Yoʻgʻ-e, shunaqayam zoʻrmi?..
— Borgin, bilasan. Men aldamayman-ku seni!..
— Afsuski, borolmayman. Oyim qaytishi kerak bugun.
— Qaytsa nima qipti?.. Koʻp oʻtirmaymiz.
— Xoli, senam borasanmi? — soʻradi Mastura kalitni olib hech narsa boʻlmaganday atrofni tomosha qilib oʻtirgan dugonasiga yuzlanib.
— Yoʻq, mening zarur ishim bor. Sizlar borib kelaveringlar!..
— Bormasang borma. — dedi Mastura beixtiyor Anvarning yelkasiga bosh qoʻyib. — Men boraman. Anvarning himmatini koʻraman…
* * *
Pulga, boylikka oʻchlik oʻz soʻzini aytdi. Umrida oʻgʻirlik qilib koʻrmagan Xolida bu oqshom hamma narsaga tayyor edi. Ammo tajribasizlik qilib qoʻydi.

Bu vaqt Masturaning oyisi Mehribon opa olis yoʻldan kelib endigina vannaxonaga choʻmilish niyatida kirgandi. Ichkarida kimningdir yurgani qulogʻiga chalindimi, bezovtalanib yoʻlakka chiqdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, qarshisida qizining yaqin dugonasi qoʻlida bir dasta dollarlarni changallagancha chayqalib turardi.
— Voy, men oʻlib qoʻya qolay!.. — shivirlab qizga yaqin bordi Mehribon opa. — Bu yerda nima qilyapsan? Pullarni qayerdan olding? Mastura qani?..

Xolida orqaga tislanib devorga suyanib oldi.
— Yaqinlashma!.. — dedi qoʻlini oldinga choʻzib. — Yaqinlashsang, oʻldiraman!..
— Ie, nega oʻldirasan?.. Menda qasding bormidi?.. Pullarni ber! Yaxshilikchasiga ber, qizim! Shaytonning gapiga uchma!.. Qani, beraqol, men senga yomonlik qilmayman!.. Hech kimga aytmayman ham. Adashibsan!..
— Nimaga berarkanman? — Xolida pullarni mahkam koʻksiga bosdi. — Senlar boyiyverasanlarmi? Biz-chi?.. Biz yuraveramizmi zor boʻlib?.. Yoʻq, meniyam haqqim bor bu pullarda.
— Xoʻp, avval menga bergin. Oʻzim senga beraman keragini. Qoʻlingdagi pullar koʻp…
— Berib boʻpman! Ahmogʻing yoʻq.
— Shunaqami? Unda oʻzingdan koʻr! Hozir melisaga qoʻngʻiroq qilaman. Qamoqda chiritaman sen oʻgʻrini!..

Mehribon opa shunday deb sekin telefon tepasiga bormoqchi boʻldi. Biroq Xolida epchillik qildi. Jonholatda telefonga yopishib simlarini uzib tashladi.
— Qoʻngʻiroq qilarmish… — U yugurgancha oshxonaga kirdi-da, oshpichoqni olib yana ortga qaytdi. — Qani, qilmaysanmi qoʻngʻirogʻingni?.. Bir tomosha qilay-chi!
— Gʻirt megajin ekansan. — dedi pichoqqa koʻzi tushib ranglari oqarib ketgan Mehribon opa. — Qizimning yaqin oʻrtogʻi deb yursam…
— Kim megajin?.. Menmi?.. Oʻzing-chi? Manavi pullarni haromdan topgansan oʻzing ham!.. Gʻirt buzuqisan-ku!..
— Nima?.. Voy iflos-ey!.. — Mehribon opa bu gapni eshitib kutilmaganda Xolidaga tashlandi.

Oʻrtada olishuv boshlandi. Xolida sochini changallagan qoʻllarni qayirib tashlay olmay halak, Mehribon opa esa bir qoʻli oʻgʻri qizning sochlarida boʻlsa-da, ikkinchi qoʻli bilan pichoqni tortib olishga intilardi…

Ulgurmadi. Xolida yoshligiga bordi. Kuch bilan uni itarib yubordi-da, koʻksiga pichoq urdi. Bir, ikki, uch…
Nima qilayotganini bilmay Mehribon opaning duch kelgan joyiga pichoq solaverdi…
* * *
Dugonalar shu taxlit bezishishdi.
Ichkilik, maishat orqasidan quvib nomusigacha boy bergan Mastura shu kuni onadan ham ayrilib qoldi.
Ayniqsa, onasini Xolida oʻldirganini bilgach…
Qilmishlariga ming pushaymonlar yedi.
Lekin endi kech. Boʻlar ish boʻlgan…
Onani baribir qaytarib boʻlmasdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boylik jazavasi… (Voqea real hayotdan olingan)