16:10 / 24.03.2019
7 733

Qiyomatda ayblari oshkor etilmaydigan banda

Qiyomatda ayblari oshkor etilmaydigan banda
Qurʼoni Karimning juda koʻp oyatlarida, Alloh taologa iymon keltirishga va solih amallar qilishga chaqiriladi. Shu bilan gunoh ishlar qilmaslik, yomonliklardan uzoq boʻlishga targʻib etiladi. Solih amallarga qanchalik targʻib, yomonliklarni ne qadar taʼqiq etmasin, yaxshiga savob, yomonga gunoh vaʼda qilinmasin, gunohkorning dunyodagi jazosini had yoki taʼzir timsolida belgilamasin, shariatimiz jinoyatchining gunohini isbot etishda, unga hukm qilishda oʻziga xos yoʻl tutadi, uslub qoʻllaydi. Jinoyati isbot boʻlgunicha, uni ayblamaydi, yashirin tutadi.

Bu hukmlar bilan tanishgan inson, Islomning naqadar insonparvar din ekaniga, paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat qilib yuborilganligiga amin boʻladi. Bu hukmlarga taalluqli mavzuni shariatimizda “satr”, deyiladi. Lugʻatda, satr – bir narsani oʻrash, yopish maʼnolarini anglatadi. Hadisi sharifda: “Alloh hayoli va yopuvchidir, hayoli va yopuvchini sevadi”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ulamolar, moʻmindan sodir boʻlgan ayb, gunoh yoki fujurga guvoh boʻlib qolgan kishiga, uni yashirmoqlikka, yaʼni satr etmoqlik mustahabligiga ijmoʼ qilishgan. Xususan, bunday nojoʻya ishlar obroʻli, yomonligi kuzatilmagan, buzuqilik bilan tanilmagan va unga targʻib etmaydigan kishidan sodir boʻlsa, buni ommaga ham, xosga ham, hokimga ham, qoziga ham oshkor qilmaslik kerak boʻladi. Musulmonning aybini yashirish, toyinishini poylashdan qaytarish xususida koʻp hadislar vorid boʻlgan: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim moʻminning aybini yashirsa Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Boshqa bir rivoyatda: “Alloh taolo, uning aybini dunyo va oxiratda yashiradi”, deyiladi (Imom Termiziy rivoyati). Yana Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilaringizdan, adashishlarida koʻz yumingiz” deydilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: “Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh taolo uning aybini oshkor qiladi, to uni oʻz uyida ham sharmanda qiladi”, deyiladi (Imom Ibn Mojja rivoyati).

Chunki, ayblarni oshkor qilish, bir moʻmindan voqeʼ boʻlgan ishni soʻzlash harom etilgan gʻiybatga olib boradi, fahshni yoyish hisoblanadi. Ulamolardan birlari aytganlar: “Osiylarning aybini yashirishga harakat qil. Chunki ularning aybi oshkor boʻlishi ahli Islomga aybdir. Ishlarning avlosi – ayblarni yashirishdir”. Fuzayl ibn Iyoz aytadil: “Moʻmin yashiradi va nasihat qiladi. Fojir esa oshkor qiladi va ayblaydi”.

Ammo kishi ozor, fasod, oshkora fosiqlik va gunohga beparvolik bilan tanilgan boʻlsa, uning holini odamlarga ochib, ularga maʼlum qilish lozim boʻladi. Chunki odamlar, undan hazarda, yomonligidan ehtiyot boʻlishsin. Balki uning ishlari, agar katta muammolardan qoʻrqilmasa, hokimga olib chiqilishi lozim. Chunki bundagi satr uning ozor, fasod va gunohlarga yana jurʼat qilishiga umidvor etadi va boshqalarda, uningdek boʻlishga jasorat paydo qiladi. Uning fisqi kuchayib, odamlardan hayiqmaydigan boʻlib qolsa, jinoyatini yashirmasdan valiyul amrga koʻtarib chiqish endi vojib boʻlib qoladi. To u osiyga odob bersin, buzgʻunchiligiga yarasha shariatda koʻrsatilgan had yoki taʼzirni ijro qilsin!

Bu hukmlarning barchasi oʻtmishda boʻlib oʻtgan gunohlarni yashirishga tegishli. Ammo kishini gunoh ustida ushlansa, uni tezlikda qaytarish, imkoni boricha undan qaytarish vojib boʻladi. Kechiktirish va sukut etish halol emas. Qaytarishdan yakka oʻzi ojiz boʻlsa, arziholi bundan ortiq muammoga sabab boʻlmasa, hokimiyat vakiliga arz qilmoq kerak boʻladi. “Sizlardan biringiz munkar ishni koʻrsa, uni qoʻli bilan oʻzgartirsin, agar unga qodir boʻlmasa, tili bilan, agar bunga ham kuchi yetmasa, qalbi bilan oʻzgartirsin! Bu esa iymonning eng zaifidir”, deganlar Paygʻambarimiz alayhissalom (Imom Muslim rivoyati).

Bu bobga tegishli ulamolarning yana bir soʻzi bor. Yaʼni, hech kimga musulmonlardan birovi aybini poylash, josuslik qilish mumkin emas. Alloh taolo: “Josuslik qilmang”, deydi (“Hujurot” surasi, 12-oyat). Josuslikdan qaytarilgan hadisi shariflar ham mavjud. Bundan quyidagi holatlar mustasno: Roviylarni, guvohlarni, sadaqa, vaqflar va yetimlarga aminlarni tekshirishga hojat boʻlganida, ularning layoqatiga putur yetkazadigan aybini yashirish halol boʻlmaydi. Bu ayblarni oshkor qilish harom etilgan gʻiybat emas, balki vojib nasihatdan sanaladi.
Mubashshir AHMAD

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qiyomatda ayblari oshkor etilmaydigan banda