06:00 / 02.04.2019
6 372

Soliha ayolning alomatlari

Soliha ayolning alomatlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oysha roziyallohu anho onamizning opalari Asmoning yupqa libosdaligini koʻrganlarida muborak yuzlarini undan oʻgirib: “Balogʻatga yetgan ayollarning (yuzlari va qoʻllariga ijora etib) bu va mana bu yeridan boshqa aʼzolari koʻrinishi mumkin emas!”, deganlar.

Hayo bilan kiyinish
Davrimizda, kichik yoshlardagi qizaloqlarning ham kiyim-boshiga jiddiy ahamiyat berish eʼtibor talab qilyapti. Zero, buyuklar taʼkidlaganidek: “Nihol yoshligida egiladi”. Shunday ekan, “Hali kichkina-ku”, deb odob-axloqqa uygʻun kelmaydigan liboslar va boshqa qiliqlariga koʻz yumish yaxshi emas. Chunki bu kabi salbiy narsalar vaqt oʻtib odat tusiga aylanadi. Undan keyin esa bu xatolardan xalos boʻlish juda qiyin kechadi.

Molik ibn Dinor hazratlari hayo haqida shunday deganlar: “Alloh taolo bir banda qalbini Oʻzidan hayo qilmaydigan holatga tushirish bilan jazolaganichalik yomon jazolamaydi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohga shunday duo bilan iltijo qilganlar: “Ey Alloh! Sendan hidoyat, taqvo, iffat va boylik (koʻngil boyligi) soʻrayman!

Yolgʻiz qolganida ham hayo qilish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni zakotda toʻplangan qoʻylaridan xabar olish uchun boradilar. Qoʻylarga bir odam choʻponlik qilardi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam choʻponni u yerda yarim yalangʻoch holatda aylanib yurganini koʻrdilar va uni darhol oldilariga chaqirdilar va “Bizda necha kun ishlading va ish haqing qancha boʻladi?”, deya soʻradilar. Savol maʼnosidan ishdan chetlashtirilishini tushungan choʻpon, xavotir va andisha bilan dedi: “Nega, ey Rasululloh? Qoʻylarni yaxshi boqmayapmanmi?” Shunda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam, iymonning bir koʻrinishi boʻlgan hayo xususida shunday dedilar: “Yoʻq, unday emas! Lekin men biz bilan ishlaydiganlarni yolgʻiz qolganlarida ham Alloh taolodan hayo qiladigan kishilar boʻlishini istayman! Yolgʻizligida Allohdan hayo qilmagan kishining ishlashini istamayman!”

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida hayosizlik bandani halokatga boshlashi xususida shunday deganlar: “Aziz va Jalil Alloh bir bandasidan nafratlansa, uni hayodan mahrum qiladi. Hayodan mahrum boʻlgan bandaga esa, faqat Allohga xush yoqmaydigan kishilar uchraydi. Soʻngra undan omonatdorlik tortib olinadi. Omonatdorlikdan mahrum banda esa, Alloh taoloning rahmatidan mosuvo boʻladi. Rahmatdan ayro kishi esa, Islomdan mahrum boʻlgan hisoblanadi. Islom bilan aloqalari uzilgan kimsaning shaytondan boshqa hech kim bilan aloqasi yaxshi boʻlmaydi”

Soliha ayolning alomatlaridan yana:
1. Goʻzalligi – taqvo (Allohdan koʻrqish);
2. Boyligi – qanoat;
3. Pardoz-andozi – iffat hisoblanadi.

Hayo va iffat insonni axloqqa qaratilgan har turli sharmandalikdan himoya etadigan va uni yomonliklardan ajratadigan pardadir. Bu pardani yirtgan kishi gunoh botqogʻiga choʻkib, barbod boʻlishni allaqachon boʻyniga olgan boʻladi. Zero, Umar roziyallohu anhu hazratlari buyurganidek: “Hayosizning qalbi oʻlikdir”. Zohiran tirik, ammo maʼnan oʻlik qalbi bilan esa Alloh taologa yaqinlashishning imkoni yoʻq.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Soliha ayolning alomatlari