22:03 / 13.04.2019
3 990

Dunyo tor, yer yumaloq....

Dunyo tor, yer yumaloq....
Besh kishilik kichik tekstil sexiga ishchi olish uchun e’lon bergan kuni eshikdan 55 yoshlar chamasidagi bir odam kirib keldi. Nadimbeyning ko‘ziga bu odam tanish tuyuldi. Boshdan oyoq kuzatsa-da, qayerda ko‘rganini eslolmadi. Keksa kishi o‘qituvchilik qilganini, uzoq payt Oydin tomonlardagi mahallada maktab mudiri bo‘lib ishlaganini aytgandi, Nadimbey ro‘parasidagi kishining yuziga diqqat bilan qaradi.

– Oydinning qayerida ishlagandingiz? – degan savoliga keksa kishi “So‘qo”da deya javob bergandi, Nadimbeyning xayolida uzoq yillar oldin ro‘y bergan voqealar jonlandi. Yigirma yil avvalgi kunlarni, o‘rta maktabda o‘qigan kezlarini esladi. Maktabning g‘addor mudiri eng avval ko‘z oldiga keldi. Xudbinona qoidalarini yosh bolalarga qo‘llab, ularga og‘ir jazolar berish bilan dong chiqargan Farizbeyni xotirlardi. Bir marta maktabda beriladigan nonushta pulini vaqtida berolmagani uchun namchil xipchin bilan Nadimning kaftiga chunonam urgan ediki, qo‘llari qonab ketgandi. Hamon o‘sha voqealar aniq-tiniq esida. Otasi uni maktabga, Farizbeyning oldiga yetaklab borgan edi, mudir:

– Men bu yerda odamlarning bolasini tekinga boqmayman, afandi! – deya qo‘rs javob qilgandi. Holbuki, biror bir davlat hujjatida o‘quvchidan pul yig‘ilsin degan qonun yoki qoida bo‘lmagani uchun mudir haqli ham emasdi. Nadimning otasi esa Farizbeyga ikki og‘iz tanbeh bergandi:

– Sen bugun qo‘lingdagi imkoniyatdan foydalanib, shuncha mazlumning gunohiga qolyapsan-a? Unutilib, yo‘qolib ketadi deb o‘ylama, bey afandi. Bu keng dunyo bilganing juda ham tor...

Bo‘lib o‘tgan voqealar bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘tar ekan, qarshisidagi qariyaning yirtiq-yamoq kamzuliga zimdan qaradi. Poyabzali yirtilgan, soch-soqoli o‘sib, patila bo‘lib yotgan bu odamning yuz- ko‘zida bir paytlari maktab mudiri bo‘lgan Farizbeyning qahru-g‘azabi ko‘rinmasdi. Hozir Nadimbeydan do‘konni yuvib-tozalash uchun farroshlikka ishga olishini so‘rab, qarshisida muztar turgan edi. Aytishicha, ishidan haydalgan, ayni pensiya yoshida ishdan mahrum etilgan ekan. Qanday sabab bilan ishdan haydalganini Nadimbey ozmi-ko‘pmi tasavvur qildi.

Qarshisida iltijoli termulib, ishga olishini yolvorib so‘rayotgan kishiga bir qaradi-da, so‘ng kaftida yigirma yil oldin qolgan jarohat iziga bir qaradi. Bir parcha qog‘oz olib unga nimalarnidir yozib, qariyaga uzatdi. U qog‘ozdagi yozuvlarni o‘qishga tutinar ekan, Nadimbey qariyaga parvo qilmay sexdagi ishchilarning oldiga qarab ketdi. Qog‘ozda esa shunday yozilgandi: "Shafqat qilmaganlarga shafqat qilinmaydi!” Qog‘ozning o‘ng burchagiga esa “Yigirma yil oldin rahm qilmay kaltaklagan o‘quvchingiz Nadim Uslu” deb yozilgandi...
Suat O‘zge
Turk tilidan Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Dunyo tor, yer yumaloq....