21:12 / 27.04.2019
5 920

Sevgi, boylik va omad

Sevgi, boylik va omad
Bozorga tushish uchun uydan chiqqan ayol, eshigi oldidagi o‘rindiqda o‘tirgan oppoq soqolli uch keksa cholga ko‘zi tushib, avval to‘xtab qoldi. So‘ng samimiyat bilan, chin dildan ularni uyiga taklif qildi:
— Bu yerda o‘tirgan ekansizlar. Och qolgandirsiz. Marhamat, ichkariga kiringlar, sizlarga biror yegulik tayyorlayman.
Keksalardan biri ayoldan erining uyda bor-yo‘qligini so‘radi. Ayol hozir eri uyda emasligini, biroz oldin chiqib ketganini aytdi. Qariya boshini ikki yonga tebratdi:
— Eringiz uyda bo‘lmasa biz ham da’vatingizni qabul qilolmaymiz.
Oqshom eri kelganda, ayol qarshi tomonda o‘rindiqda o‘tirgan uch keksa bilan bo‘lgan suhbatni unga aytib berdi.
— Siz uyda bo‘lmaganingiz uchun ichkariga kirishni istamadilar,- dedi. Keksalarning bu munosabatidan erkakning rahmi keldi.
— Bir qara-chi,- dedi xotiniga.- Hamon o‘sha yerda o‘tirishgan bo‘lsa uyga taklif qilaver. Ayol eshikni ochib ro‘paradagi soch-soqoli oppoq o‘sha qariyalarga duch keldi.
— Erim keldi, hozir uyda,- dedi va ularni yana taklif qildi. – Birga ovqatlanish uchun sizlarni yana uyga taklif qilmoqchi edim. Ayolning da’vatiga qariyalardan biri shunday javob berdi:
— Biz biror uyga uchchovimiz birga kirmaymiz. Va qisqa muddat tin olib, shunday izoh berdi:- O‘ng tomonimdagi sherigimning nomi Boylik, bu tomonimdagi sherigimning esa ismi Omad. Mening otim Sevgi.
O‘zi va sheriklarini tanishtirganidan keyin Sevgi ayolga g‘alati bir tavsiya berdi:
— Endi uyingizga boring va eringiz bilan o‘zaro kengashib, bir qaror bering. Oramizdan faqat bittamiznigina uyingizga taklif qila olishingiz mumkin. Qaysimizni taklif qilishni o‘ylab, qaror bering va bizga ham qaroringizni bildiring.
Ayol Sevgining tavsiyasini eriga aytar ekan, erkak quvonchdan debdi:
— Buncha yaxshi-ya! Qaysi birini taklif qilishimizni o‘zimizga qo‘yganlariga ko‘ra, biz ham Boylikni taklif qilamiz. Uyimiz ham bir pasda boylikka erishadi.
Ayolning qarori esa boshqacha bo‘libdi:
— Biz Omadni da’vat etsak, balki oqilona ish tutgan bo‘lmaymizmi, xojam?
Qaynonasi bilan qayinotasining o‘zaro suhbatiga ichkaridagi xonada kelin ham guvoh edi. Kelin ularning xonasiga yugurib kirib u ham o‘z tavsiyasini so‘yladi:
— Eng to‘g‘risi Sevgini da’vat qilishdir! Shunda xonadonimiz mehr-muhabbatga burkanada.
Kelinning tavsiyasi qaynota va qaynonaga juda ma’qul keldi. “Eng to‘g‘ri qaror mana shu bo‘ldi, Sevgini taklif qilamiz!” deyishdi ular. Ayol eshikni ochdi va uch qariyadan so‘radi:
— Qaysi biringiz sevgi edingiz? Uni ichkariga olishga qaror qildik. Marhamat, Sevgi kirsin ichkariga.
Sevgi uyga qarab yurib kelgandi, sheriklari ham turib Sevgining orqasidan unga ergashdilar. Ayol hayrat va hayajon bilan Boylik va Omaddan so‘radi: “Sizlar ham kelayapsizlarmi? Men faqat Sevgini taklif qilgandim-ku?” Ayolning savoliga uch qariya birdan javob berishdi:
— Agar oramizdan Boylik yoki Omadni taklif qilganingizda, biz da’vat etilmagan, ikkimiz tashqarida kutardik. Lekin siz Sevgini taklif qildingiz. Bu holatda uchchovimiz birdaniga uyingizga kirishimiz kerak. – Ayolning “Nega?” deya so‘rashini kutmay, Boylik va Omad so‘zlarini shunday davom etishdi: - Chunki Sevgi bo‘lgan har joyda biz — Boylik va Omad har doim, uning yonida bo‘lamiz!
Kavsar Nur tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sevgi, boylik va omad