09:13 / 29.04.2019
2 832

Hayotdan nimalarni o‘rgandim?

Hayotdan nimalarni o‘rgandim?
Mavlono Rumiydan
So‘ngsiz qorong‘ulik ichidan tug‘ildim. Yorug‘likni ko‘rib cho‘chidim. Yig‘ladim. Vaqt o‘tib yorug‘likda yashashni o‘rgandim. Qorong‘ulikni ko‘rdim, qo‘rqdim. Vaqti kelib mangu qorong‘ulikka sevganlarimni jo‘natdim. Yig‘ladim...

Yashashni o‘rgandim. Tug‘ilish – hayot tugashiga qo‘yilgan boshlang‘ich odim ekanini, oradagi muddat o‘limdan tortib olingan vaqt ekanini o‘rgandim. Vaqtni o‘rgandim. U bilan musobaqalashdim. Vaqt bilan musobaqalashib bo‘lmasligini, u bilan hisoblashishni vaqti kelib o‘rgandim.

Insonni o‘rgandim. Keyin insonlar orasida yaxshi va yomonlari borligini... So‘ng har bir insonning ichida yaxshilik va yomonlik borligini o‘rgandim.

Sevishini o‘rgandim. Keyin ishonishni. So‘ng esa ishonch sevgidan ham mustahkamligini, sevgi ishonchning mustahkam asosidan bunyodga kelishini o‘rgandim.

Inson jismini o‘rgandim. Yana inson jismida ruh borligini... So‘ng esa ruh aslida jismning ustidaligini o‘rgandim.

Olamni o‘rgandim. Keyin esa olamni yoritish yo‘llarini o‘rgandim. So‘ng olamni yoritish uchun avval atrofimni yoritishim kerakligini o‘rgandim.

Nonni o‘rgandim. Kuchli bo‘lish uchun ko‘p non topish kerakligini o‘rgandim. Keyin esa nonga haq yo‘l bilan erishish, ko‘p non topishdek muhim ekanini o‘rgandim.

O‘qishni o‘rgandim. So‘ng o‘zimga yozishni o‘rgatdim. Va biroz muddatdan keyin yozuv menga o‘zimni o‘rgatdi...

Ketishni o‘rgandim. Keyin esa chidolmay qaytishni o‘rgandim. Undan keyin o‘zimga parvo qilmay ketishni...

Dunyo bilan kurashishni yoshligimda o‘rgandim. Keyin olomon bilan birga yurish fikriga bordim. So‘ngra haqiqiy yurish olomonga qarshi yurish ekanini angladim.

O‘ylashni o‘rgandim. Keyin qolibga tushib o‘rganishni o‘rgandim. So‘ng esa sog‘lom mushohada qoliblardan chiqib mulohaza qilish ekanini o‘rgandim.

Oriyatning muhimligini o‘rgandim. So‘ngra mahrumdan oriyat kutishning orsizlik ekanini, haqiqiy oriyat gunoh qo‘lining ostida bo‘la turib, gunohga qo‘l tekkizmaslik ekanini o‘rgandim.

Haqiqatni o‘rgandim bir kun. Va haqiqatning achchiq bo‘lishini o‘rgandim. Keyin esa me’yordagi achchiq ovqatga lazzat berganidek, hayotga ham ma’no berishini o‘rgandim.

Har jonli o‘lim sharbatini totishini, ammo faqatgina ayrimlar hayot ta’mini totishini o‘rgandim...
Umida Aziz tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hayotdan nimalarni o‘rgandim?