20:45 / 08.03.2020
3 484

Ingliz tilini to‘g‘ri o‘rganish bo‘yicha 12ta ko‘nikma

Ingliz tilini to‘g‘ri o‘rganish bo‘yicha 12ta ko‘nikma
Xorijda ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlar tomonidan eng ko‘p o‘rganiladigan til, shubhasiz, ingliz tilidir. U sizga Oksford, Harvard kabi mashhur ilm dargohlarining eshigini ochadi. Xo‘sh, ingliz tilini o‘rganish qay darajada oson? Ushbu tilni qanday qilib tezroq va samaraliroq o‘rganish mumkin? Buning uchun quyidagi ko‘nikmalar ustida ishlashingiz lozim.

O‘QISH
O‘qish mahoratini rivojlantirish, grammatika va til qurilishini anglash, so‘zlarni yodda saqlash, ularning ifoda hamda talaffuzini o‘rganish muhim ahmiyatga ega. Bu ko‘nikmani egallash uchun quyidagi usullardan foydalanishingiz mumkin.

1) Inglizcha kitob, jurnal, gazeta o‘qing
Xorijiy til o‘rganishning oltin qoidasi – ko‘p o‘qishdir. Unutmang: bu ko‘nikmaga ega bo‘lmay turib, og‘zaki va yozma sinovlarda yetarli darajada muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Modomiki, til o‘rganish masalasida qat’iy fikrda ekansiz, internetdan o‘zingizni qiziqtirgan mavzudagi biron kitob, jurnal, gazetani topib, muntazam o‘qib boring.

Sizga yordamchi:
- onlinenewspapers.com
- gutenberg.org

2) Qo‘l telefoningiz va kompyuteringizning tilini inglizchaga o‘tkazing
Telefoningiz, kompyuteringiz dasturini inglizchaga o‘zgartirish, bajaradigan amalingizni ma’lum bir so‘z bilan bog‘lash va buni har kuni bajarish so‘z boyligingizni orttiradi. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar tilini ham o‘zgartirish yangi bilimlar o‘rganishingizda yordam beradi.

3) Mobil ilovalardan foydalaning
Mobil jihozlar va ilovalar ingliz tilini o‘rganish istagida bo‘lganlar uchun cheksiz imkondir. Texnika taraqqiyoti yashin tezligida ildamlab borayotgan bir vaqtda bu imkondan foydalanish tamoman sizning ixtiyoringizda. O‘qishdan yoki ishdan uyga qaytar ekansiz, telefonga yuklangan bir qancha bepul ilovalar yordamida so‘z yodlashingiz o‘qish va anglash ko‘nikmangizni orttiradi.

Sizga yordamchi:
- learnenglishbritishcouncil.org
- duolingo.com
- busuu.com

YOZISH
Inglizcha yozish o‘zlashtirilishi eng qiyin malakalardan biridir. Odatda, xorijiy oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlardan esse, motivatsion maktub yozish talab qilinadi. Yozish davomida qisqa ifodalar o‘rniga bog‘lovchilar va yordamchi jumlalarni qo‘llash, fikrni kengaytirilgan holda ifodalay olish juda muhimdir.

4) Blog yozing
Bugungi kunda blog yozish, fikrlar, qiziqishlar, biror mavzu yuzasidan mulohazalarni bildirish keng tarqalgan. O‘zingiz uchun inglizcha bir blog oching. Boshida qiynalishingiz tabiiy, ammo xotirangizdagi so‘zlarni «uyg‘otish» uchun bu usul juda katta yordam beradi.

5) Yangi so‘zlarni e’tiborda tuting
Bu sizga anchayin tanish usul. Yangi so‘zlarni yozilgan qog‘oz parchalarini tez-tez ko‘zingiz tushadigan yerga yopishtiring va ularni har kuni o‘qib boring. Buning natijasini esa bir necha kunda o‘zingiz ko‘rasiz!

6) Forumlardagi bahslarda ishtirok eting
Tasviriy san’at, musiqa, teatr, adabiyot kabi san’at turlari, shuningdek, siyosat, texnologiya, moda olami, pazandachilik kabi mavzularga qiziqishingiz bo‘lsa, demakki, forumlar aynan siz uchun. Qiziqishlari sizga yaqin bo‘lgan insonlar bilan bu mavzular haqida fikr almashish, bahslashish yangi so‘zlar va iboralarni qo‘llashingizga turtki beradi.

TINGLASH
Bu ko‘nikmani rivojlantirib borish muhim hamiyatga ega. Ayniqsa, xorijda ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlar borgan mamlakatlarida qiynalmasliklari, darslar, seminarlar yoki bahslarda faol qatnashishlari uchun bu ko‘nikmani rivojlantirishlari lozim.

7) Inglizcha qo‘shiq tinglang
Xorijiy tilini rivojlantirmoqchi bo‘lganlarga ilk tavsiyalardan biri o‘rganayotgan tillarida ko‘p qo‘shiq eshitishdir. Bu esa ham so‘zlarni, ham ularning talaffuzini o‘rganishingizda, shuningdek, qulog‘ingiz notanish so‘zlarga moslashishida asqotadi. Qo‘shiqni tinglar ekansiz, uning turiga, oson tushunilishiga, qo‘shiq matnining qancha qismini qog‘ozga tushira olishingizga ham diqqat qilib boring.

8) Inglizcha TV-kanallarini tomosha qiling
Amerika va Angliya TV kanallarida efirga uzatiladigan seriallarni, shoularni, xabarlarni, filmlarni ko‘rish eng foydali usullardan biridir. Dastlabki bosqichda subtitr bilan tomosha qilib, keyin yozuvsiz holda anglashga urinib ko‘ring.

9) Musobaqalarda qatnashing
Turli millatga mansub nomzodlar qatnashuvchi simpozium va musobaqalarda ishtirok etib, tajriba orttiring. Talaffuzingiz tozalanib borishiga e’tibor qarating.

10) Podkast tinglang
Podkastlar muayyan bir mavzudagi ovozli yoki tasvirli materiallardir. Internet – podkastlariga osonlik bilan yetishishda asosiy vosita. Sevgan mavzularingizdagi efirlarni tinglash asta-sekin bu boradagi mahoratingizni oshiradi, sizga motivatsiya beradi.

Sizga yordamchi:
- librivox.org
- audible.com

MULOQOT
«Tushunaman, ammo gapira olmayman» degan gaplar bot-bot qulog‘imizga chalinadi. Xorijdagi ish beruvchi tashkilotlar ham TOYEFL yoki IЕLTS kabi sinovlardan olgan sertifikatlaringizga emas, nutq mahoratini qay darajada egallaganingizga e’tibor qaratadi. Demak, bu muhim.

11) O‘zingiz gaplashing va yozing
Muloqot qilish mahoratini rivojlantirish uchun eng samarali usullardan biri so‘nggi paytlarda mashhur bo‘lgan onlayn va bepul ovoz yozish dasturlaridir. Nutqingizni yozib olib, ona tili inglizcha bo‘lgan do‘stingizga tinglatishingiz, xatolaringiz bo‘lsa, ulardan yordam so‘rashingiz mumkin.

Sizga yordamchi:
- Online Voice Recorder
- Voice Spice Recorder

12) Inglizzabon do‘stlar orttiring
Muloqot qila olish mahoratingizni rivojlantirish uchun inglizzabon do‘stlar orttiring. Internetdagi ko‘plab saytlar madaniyatlar bilan tanishuv, xorijiy til o‘rganish, dunyoning turli mamlakatlaridan do‘st orttirish uchun mo‘ljallangan platformalardir. Shuningdek, Telegram, WhatsApp, Skype kabi ilovalar yordamida o‘rtoqlaringiz bilan jonli suhbat qurish imkoningiz bor.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ingliz tilini to‘g‘ri o‘rganish bo‘yicha 12ta ko‘nikma