09:09 / 16.04.2020
6 520

Jannatga kirish qiyinmi?

Jannatga kirish qiyinmi?
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan o‘tirgan edik. U zot alayhissalom: «Hozir oldingizga jannat ahlidan bo‘lgan bir kishi keladi», dedilar. Shunda ansorlardan biri soqolidan tahorat suvlari oqqan, oyoq kiyimini chap qo‘lida tutgan holda kirib keldi. Ertasi kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam kecha aytgan gaplarini yana aytdilar. Yana o‘sha kishi avvalgi holatidagi kabi kirib keldi. Uchinchi kuni ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam jannat ahlidan bo‘lgan bir kishi kelishini aytdilar. Yana o‘sha kishi avvalgi holida kirib keldi.

U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridan turib ketgan edi, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu unga ergashdi va yoniga borib, «Otam bilan tortishib qolib, uch kungacha uyga kirmaslikka qasam ichib qo‘ydim. Imkon bo‘lsa, shu uch kun siznikida yashab tursam», dedi. U rozi bo‘ldi. Abdulloh u bilan uch kecha birga tunaganini aytdi.

Ammo bu odam kechasi turib, biror ibodat qilmaganini aytdi. U faqat uyg‘onganida to‘shagida yonboshlab, Alloh azza va jallani zikr qilar, so‘ng bomdod namoziga qadar takbir aytib chiqar ekan. Abdulloh aytadi: «Uning faqat yaxshilik so‘zlaganini eshitdim. Uch kun o‘tgach, uning tilga olishga arzigulik biror amali yo‘q ekan deb o‘ylab qoldim.

So‘ng unga: «Ey Allohning bandasi! Men otam bilan tortishmagandim. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bizga uch marta «Hozir sizlarning oldingizga jannat ahlidan bo‘lgan bir kishi keladi», deganlarini eshitdim. Uch martasida ham siz kirib keldingiz. Shuning uchun siz bilan birga yashab, qanday solih amallaringiz borligini ko‘rmoqchi edim. Lekin sizning amalingiz boshqalarnikidan ko‘p emasligini ko‘rdim. Qaysi amalingiz tufayli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan narsaga erishgansiz?» dedim. U: «Ko‘rganingdan boshqa narsa yo‘q. Men ko‘nglimda biror musulmonga nisbatan g‘illu g‘ashlik saqlamayman va Alloh unga bergan narsaga hasad qilmayman», dedi. Abdulloh ibn Amr: «Ha, mana shu narsa sizni ushbu darajaga olib chiqqan ekan», dedi».

“Solihlar gulshani” kitobidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jannatga kirish qiyinmi?