23:05 / 17.05.2020
4 308

Murodjon Ahmadaliyev og‘ir o‘tgan bolalik, mashina bosib ketgani, fotograflik qilib kun ko‘rgani haqida

Murodjon Ahmadaliyev og‘ir o‘tgan bolalik, mashina bosib ketgani, fotograflik qilib kun ko‘rgani haqida
Britaniyaning mashhur «badlefthook.com» sayti hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev bilan intervyu uyushtirdi.
Bolaligida mashina tagida qolib, ikki oyog‘i singan, yashirincha boks mashg‘ulotlariga qatnagan va yashash uchun bolaligidanoq kurashgan Murodjon uchun chempionlik kamari o‘z-o‘zidan kelib qolgani yo‘q.

«Men yurolmay qolishim mumkin edi. Boks haqidaku umuman gapirmasa ham bo‘ladi», deydi suhbatimiz boshida «MJ Kaka». Uning gaplarini Aliko Frolov tarjima qilib berdi. Ammo bolalik qiyinchiliklari haqida so‘zlagan jahon chempionining ovozidan uning naqadar hayajon bilan so‘zlayotganini bilish qiyin emasdi.

O‘tgan yilning aprel oyida DAZN va «Matchroom boxing» bilan tuzgan shartnomasi Ahmadaliyevning faoliyatida katta burilishga sabab bo‘ldi. Joel Diaz boshchiligida 25 yoshli bokschi atigi 8 ta jang o‘tkazib, chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.

Bu muvaffaqiyatlar osonlikcha kelmadi. Murodjonning chempionlikkacha bo‘lgan yo‘li mashaqqatlarga va turli to‘siqlarga to‘la edi. Ammo u bir soniyaga bo‘lsin jangchi bo‘lish orzusidan chekinmadi.

9 yoshli Murodjon otasiga yordam berish uchun ishlay boshlaydi. Namanganda tug‘ilgan sportchi ota-onasi va ikki opasi bilan oddiygina hayot kechirardi. Ammo u ko‘proq narsalarga qodir ekanini his qilar edi.

«Bizning hech vaqomiz yo‘q edi», - deydi Murodjon.
«Kaka» uning yoshligidan futbolga qiziqishi va braziliyalik futbol yulduziga nisbatan simpatiyasi sabab olingan laqabidir.

«Men har qanday ishni qilaverar edim. Xoh u qo‘shnilarga yordam berish bo‘lsin, xoh boshqa. Yodimda, yozda istirohat bog‘ida ishlay boshladim. Ishim xiyobonga kelganlarni rasmga olib, tezlikda chiqarib berish edi. U yerda juda ko‘pchilik bu ish bilan shug‘ullanardi. Men ulardan yaxshiroq ishlashim kerak edi».

Yosh Murodjon rasmlarni egalariga tezroq yetkazib berish uchun 3 mil u yoqqa, yana 3 mil ortga qarab yugurardi. Raqobatchilarda esa bu uchun transportlar bor edi. Demak, u raqiblaridan tezroq bo‘lishga majbur edi.

«Rahbarlar meni yoqtirib qola boshlashdi. Har yozda mening bog‘da erkin ishlashim uchun sharoit yaratib berishga harakat qilishardi», - deydi bokschi. Murodjonning bir kunlik topadigan puli 2 dollar atrofida bo‘lgan. U bu pullarni boks zalining oylik to‘lovi sabab tejashga majbur edi.

Bu davrda u futbolga ko‘proq qiziqardi. Ammo do‘sti bilan boks zaliga borgach, bu unga yoqib qoladi. Ahmadaliyevning jussasi va vazni ancha kichik edi. Shu sababdan u 11 yoshgacha musobaqalarda qatnasha olmadi.
Bir gal ishga ketayotgan Murodjonni mashina bosib ketadi va ikki oyog‘i sinadi. Uning xo‘jayini oyog‘i sinib, qonga belanib yotganini ko‘rib qoladi.

«Boshliqning jahli chiqib, tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. Men ishimni yo‘qotishni xohlamasdim. Kasalxonaga kelganimda doktorlar oyog‘imning o‘z holiga qaytishi uchun 8 oy vaqt ketishini aytishdi. 8 oy davomida davolanar ekanman, boksga qaytish istagi meni tark etmadi. Undan ham muhimi men ishimni yo‘qotmaslik haqida o‘ylardim», - deydi Murodjon.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Murodjon Ahmadaliyev og‘ir o‘tgan bolalik, mashina bosib ketgani, fotograflik qilib kun ko‘rgani haqida